
Jizzax shahri belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi
Milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurash yildan yilga dunyo bo‘ylab ommalashib bormoqda. Har yili o‘tkazilayotgan jahon chempionatlari, xalqaro turnirlar belbog‘li kurashni tobora rivojlanishiga xizmat qilayotgani bor gap.
Yana bir yaxshi yangilik.
Joriy yilning 20-25-may kunlari Jizzax shahrida ilk bor kattalar o‘rtasida belbog‘li kurash bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
Birlashgan kurashlar olami (UWW), Osiyo belbog‘li kurash konfederatsiyasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax viloyati prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu Osiyo chempionatida, qitamizning eng nufuzli bellashuvlarida Hindiston, Eron, Indoneziya, Yaponiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi 20 ga yaqin davlatlarning nomdor polvonlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Birlashgan kurashlar olami (UWW) tasnifiga kiruvchi belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazildagan Osiyo chempionatida erkaklar -57,-62,-68,-75,-82,-90,-100 hamda +100 kg. vazn toifalarida kuch sinashsa, ayollar -52,-58,-66,-76,+79 kg. vaznlarda bellashadi. Shuningdek, musobaqa doirasida o‘sha kunlari reglamentga muvofiq, Birlashgan kurashlar olami (UWW) tarkibidagi Qozog‘istonning "Qazaq Kuresi" va Qirg‘izistonning "Alysh" kurash sport turlari bo‘yicha ham Osiyo chempionati o‘tkaziladi.
Ayni paytda esa, Jizzax viloyatida ushbu Osiyo chempionatini munosib tarzda o‘tkazish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Yangi nomlar, kuchli polvonlar Jizzax shahridagi Urda bog‘i arenasida aniqlanadi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi
Fikrlar