
Jasur Jaloliddinov yangi jamoaga moslashish, Qurbon Berdiev qo‘l ostida o‘ynash va "Qayrat"ning maqsadlari haqida gapirdi
Qishki transferlar vaqtida Qozog‘istonning "Qayrat" jamoasi safiga ijara asosida borib qo‘shilgan Jasur Jaloliddinov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
– Salom, Jasur! Sen yaqinda "Qayrat" a’zosiga aylanding. Jamoadagilar seni qanday kutib oldi? Kim moslashib ketishingda yordam beryapti? Kimlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lyapsan?
– Assalomu alaykum. Jamoadagilar meni juda iliq kutib olishdi, bundan mamnunman. Bunday tarzda kutib olishlarini kutmagan edim. Dastlabki kunlardan menga Erkebulan Seydaxmet yordam berdi, biroq hozirda barcha bilan yaxshi munosabatdaman.
– Mashg‘ulotlarda qaysi jamoadoshlaring seni ko‘proq hayratda qoldirdi?
– Kimnidir ajratib ko‘rsatish qiyin. Butun jamoa yuqori saviyada ishlayapti va kelayotgan mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Agar kimnidir ajratib ko‘rsatish kerak bo‘lsa, men Maki va Yatsekani aytgan bo‘lardim.
– Qurbon Berdiev qo‘l ostida ishlash qanday?
– Qurbon Bakievich singari murabbiy qo‘l ostida o‘ynash men uchun katta sharaf. Hamma futbolchi ham faoliyati davomida u kabi mutaxassis bilan ishlashni uddasidan chiqavermaydi. Klubga kelgan birinchi kunimdanoq o‘zim uchun har kuni yangi narsalar kashf qilyapman. Albatta, navbatdagi mavsum men uchun foydali bo‘ladi.
– "Qayrat" oldida doimo bitta vazifa bor – har doim g‘alaba qozonish. Sen ham yangi mavsumda o‘z oldingga shaxsiy maqsadlar qo‘yganmisan?
– Albatta, men "Qayrat"dek jamoa qanday saviyadaligini va har yili o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘yishini bilaman. Men oldimga individual maqsadlarni qo‘ymayman. Jamoa maqsadlari – mening shaxsiy maqsadimdir!
Manba: "Qayrat" matbuot xizmati.
Fikrlar