Jahon chempioni ham hech narsa qilolmadi: Favoritni enggan O‘zbekiston keskin ko‘tarildi!

  • 19 sentabr, 2024, 10:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Butun dunyodan 200 ga yaqin davlat terma jamoalar erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashyapti. Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 630 nafar sportchini tashkil qilmoqda. Ulardan 246 nafar grossmeysterlardir.

Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ettinchi turda Ukraina shaxmatchilarini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Mag‘lubiyatsiz o‘ynayotgan Nodirbek Abdusattorov o‘zining tug‘ilgan kunida (20 ga yoshga to‘ldi) Ukraina terma jamoasi etakchisi Andrey Volokitinni mot qildi. Javohir Sindorov FIDE yo‘nalishi bo‘yicha sobiq jahon chempioni Ruslan Ponomaryovdan ustun keldi.

Nodirbek Yoqubboev va Shamsiddin Vohidov mos ravishda Vasil Ivanchuk va Anton Korobov singari tajribali raqiblar bilan durang o‘ynab, jamoamiz g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

Ushbu g‘alabadan keyin O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Shaxmatchi yigitlarimiz navbatdagi turda Serbiya terma jamoasiga qarshi dona suradi.

Xotin-qizlar musobaqasida shaxmatchi qizlarimiz ettinchi turda gretsiyaliklarni 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Birinchi taxtada o‘ynagan Afruza Hamdamova o‘zidan ancha tajribali hisoblangan Stavrula Tsolakiduga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu Afruzaning Olimpiadadagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi.  Nodira Nodirjonova  va Umida Omonova mos ravishda Xaritomeni Markantonaki hamda Anastasiya Avramiduni mot qildi.  Marjona Malikova Ekaterina Pavlidu bilan ochko bo‘lishdi.

O‘zbekistonlik shaxmat malikalari ettinchi turdan keyin 11-pog‘onaga ko‘tarildi. Endi ular kuchli raqib – AQSh terma jamoasi vakillari bilan kuch sinashadi.

Musobaqa qoidasiga ko‘ra, har bir terma jamoa besh nafar shaxmatchilan tarkib topadi. Har turda ulardan to‘rt nafari dona suradi va bittasi zaxira o‘yinchisi vazifasini bajaradi. Musobaqa shveytsarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘ladi.  

Vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya beriladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!