Ivan Boshkovich: "Futbolda yaxshiroq o‘ynagan jamoa har doim ham g‘alaba qozonavermaydi"

  • 13 may, 2024, 05:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi 7-turidan o‘rin olgan “So‘g‘diyona” – “Navbahor” (1:2) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar  bosh murabbiyi Ivan Boshkovich qatnashib,jurnalistlarning  savollariga javob berdi. 
Chernogoriyalik mutaxassis odatdagidek o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi. 

Tecno

- Bugungi uchrashuvda meni faqatgina bellashuv natijasi qoniqtirmadi. O‘yin bo‘yicha yomon ko‘rinmadik, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda yaxshi hujumlar uyushtirdik. Birinchi bo‘limda esa biroz o‘yinimiz qovushmadi, ustiga-ustak darvozamiz tomon penalti belgilandi. Tanaffusda yigitlarga barchasini tushuntirib berdim va raqibning kuchsiz jihatlarini ko‘rib chiqdik. O‘tkazib yuborgan ikkinchi golni ko‘rmay qoldim, to‘g‘risi. U vaziyatda to‘pni yo‘qotgan bo‘lsak kerak. 0:2 hisobida mag‘lub bo‘layotganimizga qaramay, ko‘p hujum qildik va ishtiyoqimiz so‘nmadi. Futbolchilarga rahmat aytaman. O‘yin so‘ngida bitta gol urdik, ammo bahsda burilish yasashga vaqt etmay qoldi. Ikki nafar qanot himoyachilarimiz hujumga ko‘p hissa qo‘shishdi hamda o‘yin davomida to‘liq faol bo‘lishdi. Qanotdan uzatilgan “paslar”ni darvozaga yo‘naltira olmadik. Hechqisi yo‘q, bunday uchrashuvlar biz uchun katta tajriba. O‘yin bo‘yicha bugun mag‘lubiyatga loyiq emas edik.

- “Navbahor”ga qarshi kechgan bugungi uchrashuv siz uchun uchinchisi bo‘ldi. Avvalgi ikki o‘yin bilan solishtirsak, “lochinlar” qanchalik o‘zgaribdi? Samvel Babayan jamoasi yangi mavsumda yana kuchaygan, deya olasizmi?

- Hozirgi “Navbahor”ni avvalgisi bilan taqqoslash noto‘g‘ri. O‘sha vaqtda musobaqa jadvali boshqacha edi. Boshqa tarkib, boshqa mavsumlar. “Navbahor” taktik tomonlama biroz o‘zgaribdi. Avvallari ko‘proq ochiq futbol bo‘lar edi. Bugun mehmonlar penaltidan gol urishganidan so‘ng, uslubni biroz o‘zgartirishdi va mudofaa haqida o‘ylashni boshlashdi. Namangan jamoasi zo‘r tarkibga ega ekanligiga hech kim shubha qilmasa kerak. Lekin biz bugun raqibdan futbol bo‘yicha ustun edik. Futbolda yaxshiroq o‘ynagan jamoa har doim ham g‘alaba qozonavermaydi. Ikkinchi davra bahsida yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz va bugungi uchrashuv natijasini uchun alam olamiz degan umiddaman.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!