"Iste’foga chiqarilishim men uchun qattiq zarba bo‘ldi". Xomyakov qaerda xatoga yo‘l qo‘yganini va "Mash’al"ga qanday murabbiy kerakligini aytdi

  • 18 yanvar, 2022, 21:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Muborakning “Mash’al” jamoasida Superligada qolish uchun imkoniyat oxirigacha saqlanib qolgandi. Hech bo‘lmaganda pley-offda pro liga debyutanti “Olimpik”ni mag‘lub etsa kifoya edi. Ammo “Mash’al” shu ishni ham eplay olmadi va pro ligaga ravona bo‘ldi.

Tecno

Oxir-oqibat klubning rossiyalik bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov iste’foga chiqarildi. Garchi uning klub bilan amaldagi shartnomasi bo‘lishiga qaramay, rahbariyat mutaxassis bilan orani ochiq qildi. Sports.uz muxbiri Aleksandr Andreevich bilan mazkur iste’fo to‘g‘risida suhbatlashdi.  

- Garchi “Mash’al” bilan shartnomangizda yana bir yil bo‘lsa-da, klubdan ketdingiz. Bitimni buzish tashabbusi kimdan chiqdi?

- “Mash’al”ga qaytishim bilan menga ishonch bildirilgandi. Afsuski, kutilgan natija qayd etilmadi. Shu bois mavsum nihoyasiga etganidan keyin rahbariyat mening klubdan ketishim xususida qaror qabul qildi. Jamoaga bundan keyin ishlarida rivoj va omad tilab qolaman.

xomyakov5_1

- Eshitishimcha, klubda moliyaviy muammolar yuzaga kelgan. Bu holat ham natijalarga ta’sir ko‘rsatdimikin?..

- Klubda jiddiy moliyaviy muammolar yo‘q. Aytmoqchimanki, ketishim moliyaviy masalaga borib taqalmaydi. To‘g‘ri, maoshlarning kechikishi kuzatildi. Bunday holat faqat bizda uchramaydi. Ammo rahbariyat o‘yinchilarning maoshlari bilan bog‘liq vaziyatni doim ijobiy hal qilib kelgan. Garchi maoshlar kechiktirib to‘langan bo‘lsa ham biz mutasaddilarning qarzlarini uza olishlariga ishonardik. Aksincha, bu masala ayrimlar o‘ylaganidek chuqur ildiz otmagan. Shunchaki, maoshlar goh-gohida kechiktirib to‘langan xolos. Albatta, masalaning boshqa tomoni ham yo‘q emas. Maoshlar kechiktirib berilsa, shunday paytda xohlasang-xohlamasang, qalbingni xavotir egallaydi va pullarni tejab sarflashni boshlaysan. Ertangi kun yaxshi bo‘lishi uchun g‘alaba qozonishing kerakligini his qilasan. Lekin, baribir qalbingdagi xavotir seni tark etmaydi. Ammo bularni elitadan tushib ketishining asosiy sababi sifatida ko‘rsatish kerak emas. Shunchaki, bizga g‘alabalar etishmadi. G‘alaba qozonmas ekansan, chorasiz ahvolga tushib qolishing tayin.

xomyakov2_1

- Nima deb o‘ylaysiz, qaerda xatoga yo‘l qo‘ygansiz?

- Bunday muvaffaqiyatsizlikning sabablari haqida batafsil to‘xtalib o‘tishni istamagan bo‘lardim. Shunday bo‘lsa ham ayrim jihatlarga biroz e’tibor qaratib o‘tish foydadan holi bo‘lmaydi:

1. Aksar hollarda murabbiyning g‘oyalari amalga oshmasdan qoldi. U qanday klublar bilan ishlamasin, maydonda uning g‘oyalarini amalga oshirish bevosita o‘yinchilarga bog‘liq bo‘ladi. Bunday paytda murabbiy qarshisida muammo yuzaga kelib, u qaysi futbolchiga ishonch bildirish yoki bildirmaslik kerakligi borasida ikkilanib qolishi tayin. Senda jahondagi eng zo‘r ideal g‘oyalar bo‘lsa-da, jamoa bilan aloqa o‘rnata olmasang, bundan hech qanday naf chiqmaydi. Shu bois murabbiyning ijtimoiy va taktik-texnik g‘oyalari har qancha zo‘r bo‘lmasin kutilgan samarani bermasligi mumkin. Guruh bilan kommunikatsiya – bu natija qayd etilishining asosiy omillaridan biri sanaladi. Nazarimda, yuqorida aytib o‘tgan omillar bo‘lmagani ham mening amalga oshira olmagan asosiy kamchiliklarim hisoblanadi.

xomyakov1_3

2. Albatta, bevosita o‘yinni tashkil etish borasida ham klubda muammo ko‘zga tashlandi. Bunday paytda kutilgan natija qayd etilishi uchun klubning muhim jihati borasida murabbiy tomonidan qo‘yilgan ko‘rsatmalarni bajara olishi asosiy planga chiqadi. Muayyan vaziyatlarda jamoa himoyadagi o‘yin borasida ancha ishonchli ko‘ringan bo‘lsa-da, baribir gollar o‘tkazib yubordi. Aksiga olib himoyachilarning individual jihatdan yo‘l qo‘ygan xatolari yakunda biz uchun qimmatga tushdi.

O‘z navbatida klubning hujumdagi o‘yinlarida rang-baranglik etishmadi. Ayniqsa, himoyadan hujumga o‘tish chog‘ida bizda uzulishlar kuzatildi. Shuning evaziga raqib himoyadagi o‘yinini tashkil etgan holda bizga gollar urish uchun deyarli imkon qoldirmadi. To‘g‘ri, ayrim hollarda himoyadan tezkor qarshi hujumga o‘tish bizga qo‘l keldi. Lekin bunday uchrashuvlar soni u qadar ko‘p bo‘lmadi. O‘z o‘rnida natijalarning kutilgan darajada bo‘lavermasligi futbolchilarni ruhlantirishda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmasdan qolmaganini aytib o‘tish kerak. Murabbiy va o‘yinchilarga va’da qilingan pullarning vaqtida to‘lanmasligi ham yakunda aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi. Shuningdek, tashqi munosabatning yaxshi bo‘lmagani bilan birgalikda natijaga erishish yo‘lida muammo tug‘dirdi. Qattiq ter to‘kib mehnat qilingan taqdirda ham bunday holatda yaxshi natijaga erishish mushkul.

- Agar taklif bo‘lsa, yana O‘zbekistonga qaytasizmi?

- Ammo buning uchun o‘zimga kelib olish kerak bo‘ladi. Nega deganda, “Mash’al”ning pro ligaga tushib ketishi, shartnoma nihoyasiga etmasdan iste’foga chiqarib yuborilishim men uchun qattiq zarba bo‘ldi. Shu boisdan ham bugungi kun bilan yashashga, xayolimni turli fikrlar bilan chalg‘itmaslikka harakat qilyapman. Ertaga nima bo‘lishini esa hech kim bilmaydi. Hozir men birinchi navbatda hammasini tahlil qilib chiqqan holda qaerda xatolarga yo‘l qo‘yganimni tushunib olmog‘im darkor. Murabbiy ham xuddi futbolchiga o‘xshaydi. Agar unga ishdan bo‘shagandan so‘ng oradan hech qancha o‘tmay yangi taklif kelib tushmas ekan, xuddi o‘yinchi kabi murabbiy ham o‘z formasini yo‘qotib qo‘yadi.

xomyakov4

- “Mash’al”ning ertangi kunini qanday tasavvur qilasiz?

- Klub qarshisida jiddiy ishlar turibdi. U elitaga qaytishi uchun astoydil harakat qilmog‘i kerak va eng asosiysi, klubga xuddi 10 yil oldin bo‘lgani kabi sport tomonidan g‘alabalarga o‘ta tashna va teran fikrlaydigan murabbiy kerak bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!