
Ispan klublarining “beli bukilib” qoldi
Ispaniya primerasi klublari bir yil davomida transferlar uchun atigi 222 million evro sarfladi. O‘tgan yilning 16 avgustigacha ispan klublari 1 milliard 266 million evrolik transferlarni amalga oshirib, tarixiy rekord qayd etgan edi.
Koronavirus pandemiyasi klublarning moliyaviy qudratini emirib tashladi. Shunday bo‘lsa-da, “Barselona” yangi o‘yinchilar uchun eng pul sarflagan jamoa bo‘ldi. Joriy yil hisobidan kataloniyaliklar 103 million evroga yangi o‘yinchilarni xarid qildi. Keyingi o‘rinlarni 56 million evro xarajat qilgan “Atletiko” va 21 million evrodan voz kechgan “Sevilya” egalladi.
Odatda, qimmatbaho yulduzlarni olib keladigan “Real” bu yil yangi o‘yinchilarga pul sarflamadi. Madridliklar o‘tgan yili 305,5 million evro sarflab, xarajatlar bo‘yicha etakchili o‘rinda edi.
Umuman olganda, “Barselona”, “Atletiko” va “Sevilya”dan tashqari yana ikki klub – “Xetafe” (10 million evro) va “Granada” (11 million evro) transferga pul sarfladi xolos. Qolgan klublar yangi o‘yinchilar uchun byudjet ajratgani yo‘q.
Fikrlar