
"Inter Mayami" Messiga sherik sifatida endi Koutinoni olib kelmoqchi
Braziliyalik mashhur futbolchi Filippe Koutino faoliyatini okeanortida davom ettirishi mumkin. Bu haqda taniqli "Goal.com" nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Koutinoning xizmatlariga "Inter Mayami" klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Jamoa rahbariyati Luis Suares, Serxio Buskets va Xordi Alba transferidan so‘ng Filippeni ham o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Braziliyalik iqtidor sohibi ham bu gap-so‘zlarga o‘z munosabatini bildirdi:
"Men faqat hozir haqida o‘ylayman. Yaxshi o‘ynashim, o‘yinlarga tayyor bo‘lishim va futboldan rohatlanishim ko‘proq qiziqarli tuyuladi.
Hech birimiz kelajakda nima bo‘lishini bilmaymiz. Ismim doim gazeta va saytlarda chiqib turadi, gohida yaxshi va gohida yomon obrazda tasvirlanaman. Ularga e’tibor bermaslikka harakat qilaman, men faqat hozirgi ishimni sifatli bajarishga urinaman", - dedi Koutino.
Eslatib o‘tamiz, braziliyalik hujumkor yarim himoyachi hozirda Qatarning "Al-Duhayl" klubi sharafini himoya qilmoqda.
Fikrlar