
Ilyos Zeytullaev "Neftchi" ustidan qozonilgan g‘alaba haqida qanday munosabatda?
"Bunyodkor" matbuot xizmati Superliganing 16-turidan o‘rin olgan “Neftchi” - “Bunyodkor” (1:2) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar ustozi Ilyos Zeytullaev OAV xodimlarining savollariga javob qaytargani borasidagi matbuot anjumanini havola qildi.
- Hammaga xayrli kech! Avvalo bugun stadionda juda chiroyli muhitni yuzaga keltirgan ishqibozlarga rahmat aytaman! O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, “Neftchi”ga qarshi oson bo‘lmasligini bilar edik va shunga mos ravishda tayyorgarlik ko‘rgandik. Albatta g‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Ushbu g‘alaba bilan barchani tabriklayman!
Davralar oralig‘ida jamoamizni Odil Hamrobekov, Luis Kachorri, Azizbek Amonov tark etdi. Nomlardan ma’lumki, ularning o‘rnini to‘ldirish oson emas. Rahbariyat bilan kelishgan holda asosiy urg‘uni o‘z akademiyamizga qaratishni lozim deb topdik. Chunki bizda iqtidorli yoshlar ko‘p. To‘g‘ri, bu tavakkal bo‘lishi mumkin, ammo yoshlar bilan natijaga harakat qilamiz.
Men hakamlarning qaerdan ekanligiga e’tibor qaratmayman. Bugungi uchrashuvda hakamlik yaxshi saviyada kechdi, deb ayta olaman. Birinchi bo‘limdagi qizil kartochkali holat, ikkinchi bo‘limdagi to‘p qo‘lga tegishi bo‘yicha hakamlar boshqacha qaror qabul qilishdi, demak ularga yaxshiroq ko‘ringan bo‘lishi mumkin.
Kuchli jamoalarga qarshi tayyorgarlik qiyin kechmaydi, futbolchilar ham o‘zlarini tayyorlab boradilar. Endi keyingi turni “Sho‘rtan”ga qarshi o‘tkazamiz. Hozirdan sezib turibman, juda qiyin o‘yin bo‘ladi.
Fikrlar