Ilhom Qurbonov: Serxioning ishida yangiliklar ko‘p edi. Xomyakovni strategiyamizni bilgani uchun tanladik

  • 10 mart, 2021, 07:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mash’al” jamoasi mavsumga reja bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rib kelayotgan bir paytda, kutilmaganda, bosh murabbiy almashdi. Ispaniyalik Serxio Marinangeliga katta ishonch bildirilgandi. Biroq, to‘satdan u uyiga qaytishiga to‘g‘ri kelib qoldi. Bu oilaviy sabablar bilan bog‘liqligi aytildi. Natijada “Mash’al” o‘ziga yana bosh murabbiy qidirishga majbur bo‘ldi. Bu paytda chempionat ostonasiga kelib qolingandi. Klub o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan Aleksandr Xomyakov variantini ma’qul ko‘rdi. Oqibatda, rossiyalik mutaxassis bir yarim yillik tanaffusdan so‘ng, yana sobiq klubiga qaytdi.

Tecno

Bugun “Mash’al” joriy yildagi ilk rasmiy uchrashuvini o‘tkazadi. Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi bahs jamoa uchun juda muhim. Shu jumladan, Xomyakov uchun ham. “Mash’al” rahbariyatini murabbiy o‘zgargani biroz shoshirib qo‘ygani ham rost. Axir boya aytganimizdek, klubning barcha rejalari aslida ispaniyalik mutaxassis bilan bog‘langandi. To‘g‘ri, Xomyakov bilan ham nimadir qilsa bo‘ladi, u yaxshi murabbiy. Biroq Aleksandr Andreevich mavsum boshlanishiga oz fursat qolganida keldi. Xullas, vaqt etishmasligi, murabbiyga moslashishi va yana boshqa sabablarni keltirish mumkin.

“Mash’al” klubining bosh direktori Ilhom Qurbonov ispaniyalik murabbiyning kutilmaganda ketib qolishi yuzasidan shunday dedi:

- Serxio Marinangeli ishi bo‘yicha biror nima aytish qiyin. Chunki 1,5 oy davomida ko‘p narsa qilib bo‘lmaydi. Ammo mashg‘ulotlarida imkon qadar qatnashdim, qiziqarli edi va ko‘plab yangiliklar bor edi.

Endi Xomyakovga katta ishonch bildirilmoqda. O‘z navbatida, rossiyalik mutaxassis ham qanday vaziyatda jamoani qabul qilib olganini yaxshi tushunib turibdi. Aslida Serxiondan keyin Dilyaver Vaniev natijaga javobgar bo‘lishi  kutilgandi. Lekin rahbariyat boshqacha yo‘l tutdi. Shu o‘rinda, Aleksandr Xomyakov nomzodi tanlanishi bo‘yicha klub rahbari shunday dedi:

- Vaqtimiz oz edi. Bizga strategiyamizni va imkoniyatlarimizni biladigan murabbiy kerak edi. Shu bois ham, Xomyakovni tanladik, - deya bu borada qisqacha fikr bildirdi, Qurbonov.

Baribir “Mash’al”ning maqsadi o‘zgargani yo‘q. Klub endi Xomyakov bilan ko‘zlangan marrani zabt etishga urinib ko‘radi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, bungacha Serxioning uslubiga moslashayotgan jamoa endi Xomyakovning rejasiga ko‘nikishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa, birdaniga ro‘y beradigan jarayon emas. Bunga ham vaqt kerak. Bugun bo‘lib o‘tadigan “Bunyodkor”ga qarshi o‘yinda esa “Mash’al”ning qanday holatda ekanligini ko‘rish mumkin. Ilhom Qurbonov ham jamoaning hozirgi vaziyatini yaxshi tushunib turibdi.

- To‘g‘ri, vaziyat og‘ir. Negaki, boshqa falsafada ish yuritilayotgandi. Imkoniyatlardan chiqib xatolarni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Oldimizda  juda og‘ir yil turibdi, ko‘ramiz nima bo‘larkin? Jamoamiz bilan qanday qilib bunday vaziyatdan chiqib keta olishimizni ham vaqt ko‘rsatadi, - dedi klub bosh direktori.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!