
Ilhom Mo‘minjonov "Neftchi"ning ilk mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lgani haqida gapirdi
Pro-ligada etakchilikni o‘zida saqlab kelayotgan “Neftchi” klubi “Buxoro” maydonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qildi.
Mezbonlarning kiritgan ikkita goliga farg‘onaliklar javob qayta olmadilar. Uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida farg‘onaliklar ustozi Ilhom Mo‘minjonov mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi, bu xususida “Neftchi” matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi o‘yinda Shavkat Salomovning ikkita mahoratli uzatmasi orqali "Buxoro" jamoasi gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Futbolda pressing qo‘llab xavfli vaziyatlar yaratib, gol urmasang jamoa g‘alaba qozona olmaydi. Bu borada buxoroliklar yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishdi.
Bugungi noqulay issiq havo harorati etakchi futbolchilarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazgan ko‘rinadi, bugun ular kerakli saviyada o‘yinlarini namoyish eta olishmadi, deb o‘ylayman. Bugun "Buxoro" klubi o‘z kuchi va mahorati evaziga g‘alaba qozondi. Biz esa haqqoniy mag‘lub bo‘ldik. Jamoamizda ikki yosh va iqtidorli hujumchilarimizning yo‘qligi bilindi. Chunki ular olimpiya termasi safida xalqaro turnirda ishtirok etib, kecha Toshkentga qaytib kelishdi. Keyingi o‘yinga ular jamoamiz bilan birgalikda tayyorgarlik olib borishadi. Pro-ligadagi keyingi raqibimiz "Olimpik" ham kuchli jamoa hisoblanadi va biz bu uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik olib boramiz.
Maqsadimiz har doimgidek birinchi o‘rinni egallab, Superligaga yo‘l olish, - deydi bosh murabbiy.
Fikrlar