
Ilhom Mo‘minjonov: "Kelgusi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun kurashamiz"
Pro-liga doirasida bo‘lib o‘tgan “Neftchi” – “Nurafshon” (1:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin farg‘onaliklar bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Bugungi o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, bundan 3-4 tur oldin chempionlik masalasini hal qilib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edik. Shundan so‘ng, ayrim tajribali o‘yinchilarimizga dam berib, o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan futbolchilarimizga imkon yaratib, oxirgi 3 ta uchrashuvni yosh ijrochilarimiz bilan o‘tkazib kelmoqdamiz.
“Nurafshon” jamoasi uchun bugungi bellashuv hal qiluvchi bo‘lishini hamma yaxshi bilardi. Raqibga g‘alaba juda muhim edi. Afsus, ular bugun yuta olishmadi. Shu o‘rinda biz ham afsuski, himoyachilarimizning qo‘pol xatosi evaziga g‘alabani qo‘ldan chiqardik. Keyingi o‘yinni Samarqandda o‘tkazamiz va ushbu bahsga tayyorgarlikni davom ettiramiz. Bu bellashuv orqali kelajakdagi Superliga mavsumini o‘ylab, yosh futbolchilarni ham jalb qilishga harakat qilamiz. Chunki hozirgi kunda U-18 birinchiligida yosh futbolchilarimiz birinchi o‘rinni egallab, chempionlik uchun kurash olib borishmoqda. Aynan yosh va iqtidorli futbolchilarimizga ham e’tibor qaratib, ularni jalb qilamiz degan umiddaman.
Jamoamizning kelgusi transferlar borasiga to‘xtalsak, yangi futbolchilar bilan muzokaralar olib boramiz. "Neftchi" - tarihiy va brend maqomiga ega jamoa hisoblanadi. Shuning uchun rahbariyatimiz tomonidan oldimizga yuksak maqsadlar qo‘yilgan va kelgusi mavsumda Superligada chiroyli o‘yinlarimiz orqali o‘z mavqeimizni ko‘tarib, OChL o‘yinlarida ishtirok etish uchun kurash olib boramiz, - deydi bosh murabbiy.
“Neftchi” matbuot xizmati.
Fikrlar