
Ilhom Abdug‘aniev: "Bu golim ham oldingisidan qolishmadi"
Iqtidorli yarim himoyachi Ilhom Abdug‘aniev “Esxata”ga qarshi uchrashuvda jamoamizning ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Qizig‘i, u iyun oyida ushbu klubga qarshi bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham gol urgandi. Shu bois Abdug‘aniev “Andijon” matbuot xizmati tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi.
- Ilhom, “Andijon”ning “Esxata”ga qarshi o‘yinidan qanday taassurot oldingiz?
- Uchrashuvdan olgan taassurotlarga kelsak, yaxshi o‘tdi deb o‘ylayman. Chunki katta “nagruzka”da harakatlandik. Negaki, Tojikistondagi yig‘inda jismoniy holatimizni yanada yaxshilash ustida ishlayapmiz. Shunga qaramay, jamoamiz “Esxata”ga qarshi uchrashuvda yaxshi tomonlarini ko‘rsatdi, deb o‘ylayman.
- Bilamizki, o‘tgan safar “Esxata” darvozasiga jarima zarbasidan gol urgansiz. Bu gal jarima maydoni tashqarisidan gol urdingiz. Sizga qaysi biri ko‘proq yoqdi?
- Ha, o‘tgan safar jarima zarbasidan gol urgandim. Bu safar ham raqib darvozasini ishg‘ol etdim. Gollarni chiroyiga keladigan bo‘lsak, menimcha, jarima zarbasidan urilgan gol o‘zimga ko‘proq yoqdi. Balki bu golim ham oldingisidan qolishmadi.
- Shu o‘rinda yozgi yig‘in qanday o‘tayotgani va o‘rtoqlik uchrashuvlarining foydali jihatlari xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
- Hozirda ko‘proq jismoniy chidamlilikka e’tibor berilyapti. Balki keyinroq taktik jihatdan o‘yin uslubimizni ham yanada yaxshilashga e’tibor berilsa kerak. O‘rtoqlik uchrashuvlarida asosan o‘yindagi kamchiliklar ustida ishlashga va murabbiylarning ko‘rsatmalarini amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Murabbiy ham o‘rtoqlik o‘yinida mashg‘ulotlardagi ishlanmalarni ko‘proq qo‘llashimizni aytib o‘tyapti.
“Andijon” matbuot xizmati.
Fikrlar