
Ikki marta operatsiya stoliga yotgan Ro‘zim Ahmedov faoliyatini tugatmoqchi emas
O‘tgan mavsumda “Andijon” sharafini himoya qilgan hujumchi Ro‘zim Ahmedov qishki yig‘in chog‘ida biror-bir klubda ko‘rinish bermadi. Holbuki, uni qaysi jamoa a’zosiga aylanishini kutganlar bor edi. Ammo chempionat ham boshlandi, bugun, ya’ni, 7 mart sanasida yurtimizda transferlar oynasi yopiladi. Xo‘sh, unda Ro‘zim qaerda? Nega haligacha jamoasiz yuribdi? Taxmin qilganimizdek, uning haligacha jamoasiz ekanligiga jiddiy sabab borligi ayon bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchi oxirgi paytlarda sog‘ligini tiklash bilan ovora bo‘lgan va shu kungacha ikki marta jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan holda operatsiya stoliga yotgan. Yaxshisi, qolganini o‘zidan eshitganimiz yaxshi.
- O‘tgan yilgi mavsumning oxirgi turida bizning “Qizilqum”ga qarshi o‘yinimiz qalin tuman tushganligi sababli bir kun keyin o‘tkazilgandi. O‘sha oxirgi uchrashuvda qo‘lim sinib, uyga gipsda qaytgandim. Dekabrning oxirida ko‘richak bo‘lib qolib, operatsiya stoliga yotdim. Bir oycha davolanib, endi tuzalayotgan paytimda yana bir operatsiyani boshimdan o‘tkazishga majbur bo‘ldim. Holbuki, birinchi operatsiyadan so‘ng sog‘ayayotganimda bir-ikkita takliflar bo‘lib turgandi. Afsuski, ikkinchi operatsiyadan so‘ng endi yozgacha futbol o‘ynashim mumkin emas ekan. Birin-ketin ikki marta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazish oson emas. Shifokorlar esa uzog‘i bilan ikki oydan so‘ng engil mashg‘ulotlar qilib turishim mumkinligini aytishdi. Shifoxonadan yaqinda chiqdim.
Sog‘liq doimo birinchi o‘rinda turishini hamma yaxshi biladi. Ahmedov ham bu borada avvalo sog‘ligini birinchi o‘ringa qo‘ygan. Lekin u hali faoliyatini tugatish niyatida emasligini ham bildirdi. Albatta, unga o‘tgan vaqt davomida takliflar ham bo‘lgan, ayniqsa xorijdan ham qulay sharoitlar asosidagi chorlovlar bo‘lganini hujumchining quyidagi so‘zlari orqali bilib olish mumkin.
- Ha, menga O‘zbekistondan ham, xorijdan ham takliflar bo‘ldi. Ayniqsa, Indoneziya hamda Tailanddan yaxshi chorlovlar bor edi. Lekin nasib qilmagan ekan. Yaqinda jamoasiz qolib ketgan futbolchilar deya meni ham yozib chiqishibdi. Shu sababli vodiylik ishqibozlar qo‘ng‘iroq qilib, nima bo‘ldi deb hol-ahvol so‘rashyapti. Lekin men hali faoliyatimni tugatganim yo‘q. Jamoasiz qolib ketmadim. Qachonki, o‘zim uchun klub topilmasagina hech kimga qarab o‘tirmasdan faoliyatimni tugatib qo‘ya qolaman. Birovga meni olinglar deb yolvorib hech qachon futbol o‘ynamayman. Yana qaytaraman, qachonki jamoasiz qolib ketsam, shunda hech kimga kerak emasligim bilinadi va shunda futbolni tugatish fursati etganini sezaman. Hali yana bemalol 2-3 yil o‘ynay olaman. Xudoga shukrki, menga chaqiruvlar bo‘ldi. Ammo ikki marta operatsiya stoliga yotganim uchun vaqtinchalik o‘ynay olmasligim aniq edi. O‘t qopi degani bu o‘ta jiddiy ekan. Shuning uchun ma’lum vaqt qat’iy rejimda bo‘lib turaman. Sog‘ayib ketgunimcha sabr qilib turaman. Ikkinchi davraga qaytishga harakat qilaman.
Futboldan chetga chiqib qolgan hujumchi hozir o‘zini qanday his qilayotganini tasavvur qilish qiyin emas. Chunki uning do‘stlari, hamkasblari yangi mavsumni boshlab bo‘lishdi. Biroq Ro‘zim Ahmedov majburan futboldan tashqarida yuribdi. Bunday paytda esa ruhiy tomondan oson emasligini taxmin qilish mumkin.
- Doim qishki yig‘inda boshlanajak mavsumga tayyorgarlik ko‘rib kelardik. Bu safar esa vaziyat shunday bo‘lib qolgani sababli albatta men uchun og‘ir bo‘ldi. Yangi chempionat esa boshlanib bo‘ldi. Bunday paytda sportchida biroz bo‘lsa ham tushkunlik bo‘ladi. Ammo sabr qilib turaman. Bunday paytda meni qo‘llab-quvvatlayotganlar bo‘lyapti. Murabbiylar, futbolchilar, do‘stlarim ruhiy tomondan ham dalda bo‘lib turishibdi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Ahmedovning oxirgi jamoasi “Andijon” bo‘ldi. Futbolchi esa ko‘pchilik qatori u erdan ketdi. O‘z navbatida Ahmedov u erdagi faoliyatini esga olar ekan, shunday dedi:
- O‘tgan yili “Andijon”da yaxshi o‘yinchilar yig‘ilishgandi. Tarkib yomon emasdi. Yil boshida jamoamizga yaxshi e’tibor berilgandi. Keyin esa ikki oylardan keyin vaziyat o‘zgarishni boshladi. Masalan, ikkinchi davrada moliyaviy tomondan qiyinchiliklar kuzatildi. Shunda ham futbolchilar chidab oxirigacha o‘ynab berishdi. O‘ylaymanki, bunday sharoitda “Andijon”ning 10-o‘rinni egallagani yaxshi natija bo‘ldi. Yangi mavsumda andijonliklarga omad tilayman.
Fikrlar