
Husanovning transferi “Lans” uchun yangi rekord bo‘lishi kutilmoqda
Evropa “Top-5” ligalarida aksariyat klublar o‘z byudjetini iqtidorli o‘yinchilarni kashf qilib, ularni grandlarga mo‘may daromad evaziga transfer qilish orqali to‘ldirib kelishi hech kimga sir emas. Bu futboldagi biznesning bir turiga aylanib ulgurgan.
Ayniqsa, Frantsiya klublari bu ishning hadisini olgan. Ayni paytda jahon futbolida porlayotgan yulduzlar orasida Liga 1 o‘yinlarida suyagi qotgan o‘yinchilar ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Frantsiya maydonlarida javlon urayotgan futbolchilarning transfer summasi cho‘ntakbop hisoblanadi. Ayniqsa, Angliya klublari o‘zlariga kerakli o‘yinchilarni ko‘proq Liga 1 klublaridan qidiradi.
Evropaning bir necha manbalari “Lans” kashfiyotiga aylangan o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovga Angliya Premer-ligasining bir necha klublari qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumot chiqarishni to‘xtatmayapti. So‘nggi kunlarda “Chelsi” va “Tottenxem” ko‘proq tilga olinmoqda.
London klublari “Lans”dan Husanov bo‘yicha transfer ma’lumotlarini so‘ragan va hozircha javob kutayotgani aytildi.
“Lans”da Husanov bilan bir nuqtada o‘ynaydigan Kevin Danso La voix du Nord nashriga bergan intervyusida o‘zbek futbolchisi agar grand klublarda o‘ynaganida uning transferi 100 million evro atrofida bo‘lishini ta’kidlagan edi.
Shunga qaramay, transfer ekspertlari agar Abduqodir Husanov shu sur’atda o‘sishda davom etsa, “Lans” chiqish transferlari bo‘yicha klub rekordini yangilashi mumkinligini bildirdi.
Mashhur transfermarkt.world portali yozda yangilagan reytingida Husanovning transfer narxini besh million evroga ko‘targan edi. Lekin lansliklar yangi yulduzini bu summaga qo‘yib yubormasligi aniq. Frantsiya manbalari “Lans” hozirning o‘zida 20 yoshli legioner uchun 30 million evro atrofida badal puli talab qilishni rejalashtirayotganini yozmoqda.
Biroq news.dayfr.com sayti ekspertlari Husanovga ko‘z tikayotgan PSJ, “Chelsi”, “Tottenxem” kabi klublarning moliyaviy qudratini, o‘zbek legionerining o‘yinida yaqqol o‘sish kuzatilayotganini nazarda tutib, yozgacha “Lans”ning talabi ham ko‘tarilishi tayin ekanini ta’kidlayapti.
Mazkur nashrning yozishicha, Husanov transferi “Lans”ning yangi rekordi bo‘lishi mumkin. Buning uchun esa, Abduqodir uchun 40 million evrodan ko‘proq pul to‘laydigan klub chiqishi kerak.
Shu o‘rinda, “Lans” tarixidagi eng katta chiqish transferlariga nazar solamiz.
Klub tarixida eng qimmat baholangan o‘yinchi Lois Openda hisoblanadi. Markaziy hujumchi 2023 yilning yozida “Leyptsig”ga 40 million evro evaziga qo‘yib yuborilgan. Keyingi o‘rinda 25 million evrolik transferlar turibdi. Shu yoz “Marsel” Ele Vai uchun, bir yil muqaddam “An-Nasr” Seko Fofanani olishga shunchadan mablag‘ sarflagan.
Turli yillardagi qimmat transferlar quyidagicha ko‘rinish olgan:
Sheyk Dukur “Kristal Pelas”ga – 22,6 million evro
Loik Bade “Renn”ga – 17 million evro
El Xaji Diuf “Liverpul”ga – 15 million evro
Rafael Varan “Real”ga – 11 million evro
Stefan Dalma “Marsel”ga – 10,6 million evro
Olive Dakur “Lids”ga – 10,5 million evro.
Ta’kidlash joizki, ayni paytda “Lans”ning grand klublar diqqatini o‘ziga qaratib turgan asosiy aktivi Abduqodir Husanov hisoblanadi. Legionerimizning kelajakdagi ishlari qanday rivojlanishini vaqt ko‘rsatadi. Demak, o‘zgarishlar bo‘lishini kutamiz va vaziyatni kuzatishda davom etamiz...
Legionerimiz Italiyada o‘ynay oladigan futbolchi borligini aytdi
Husanovni Angliya grandlari safida ko‘ramizmi? Jarayon boshlandi...
Fikrlar