
Husanovni qo‘ldan chiqargan Madrid superklubi yana 7 nafar himoyachi topdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Frantsiyaning “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning Liga 1, Premer-liga, Bundesliga, La Liga, A Seriya kabi “top-5” chempionatlardan yigirmaga yaqin jamoa talashgani 20 yoshli futbolchining salohiyati va iste’dodi yuqoriligidan dalolat beradi.
Abduqodir Husanov va uning agentlari “Manchester Siti”ni tanladi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘zbek himoyachisi transferi uchun bosh murabbiy Xosep Gvaridiolaning roziligi va taqdig‘ini olgan “Siti” mutasaddilari katta summa tikib, masala juda tez hal qildi.
Legionerimiz uchun kurashda Ispaniyaning ikki grandi – “Atletiko” va “Real” ham ishtirok etdi. “Matraschilar” ispan klublari orasida Abduqodirga birinchi bo‘lib e’tibor qaratgan edi. Chunki bosh murabbiy Diego Simeone mavsum oxirida jamoani tark etishi kutilayotgan ikki nafar himoyachi – Sezar Aspilikueta va Kleman Langle o‘rnini bosa oladigan himoyachi qidirayotgan edi.
Ispan klublari angliyaliklardan farqli ravishda transferlarni har tomonini puxta o‘ylab keyin amalga oshiradi. Shu bois, madridliklar ham Abduqodir Husanov bo‘yicha “Lans”ga rasmiy taklif yuborishga shoshilmadi. Lekin “o‘ychi o‘yiga etgunicha, tavakkalchi ishini bitiribdi”, deganlaridek, “Manchester Siti” 50 million evro evaziga o‘zbek himoyachisini ilib ketdi.
Shu tariqa, Ispaniya poytaxti Madridning ikki superklubi Abduqodir Husanov transferidan quruq qoldi.
Ispan futbolini yoritayotgan nufuzli manba – fichajes.net portali Diego Simeone endi yangi nomzodlar ro‘yxatini tuzdi.
Argentinalik mutaxassis etti nafar himoyachiga e’tibor qaratdi. Ulardan ikki nafari – Isak Xien (“Atalanta”) va Evan Ndika (“Roma”) A Seriyada o‘zini ko‘rsatib kelyapti. Mana shu ikki himoyachi madridliklar uchun yozda asosiy transfer nishoni bo‘ladi.
“Atletiko” bu futbolchilar bo‘yicha muzokaralar murakkabligini inobatga olib, yana besh himoyachidan iborat zaxira variantlarini ham topib qo‘ydi. Unga ko‘ra, “Sporting”dagi yosh iste’dod sohibi Zeno Debast, PSJ voz kechgan Milan Shkrinyar, “Valensiya”dagi Kristian Moskera va Yarek Gasiorovski, “Las-Palmas” vakili Mike Marmol ham “matraschilar”dan chorlov olishi mumkin.
“Atletiko” himoya chizig‘ini yangilash va mustahkamlashni eng dolzarb masalalaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Bunda taklif etiladigan o‘yinchilarning jamoani uzoq yillardan beri boshqarib kelayotgan Diego Simeonening o‘ziga xos o‘yin uslubiga mos tushishi eng asosiy masala hisoblanadi.
Diego Simoeni “Atletiko”ni 2011 yildan beri boshqarib kelmoqda. “Matraschilar” keyingi yillarda La Ligada “Barselona” va “Real”ga jiddiy qarshilik ko‘rsata olayotgan yagona jamoa bo‘lib turibdi.
Argentinalik mutaxassis qo‘l ostida “Atletiko” 2014 va 2021 yillarda Ispaniya chempionligiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, ikki martadan Evropa Ligasi va UEFA Superkubogida g‘olib chiqqan. Chempionlar ligasi finalida ikki bor ishtirok etgan. 54 yoshli murabbiyning amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyunigacha davom etishi belgilangan.
Fikrlar