
Husanovga Angliyadan birinchi aniq taklif keldi! Transfer amalga oshadimi?
2025 yilgi qishki transfer bozori ochilishi arafasida “Lans” o‘zbekistonlik markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov bo‘yicha dastlabki taklifni oldi.
Ma’lumki, hamyurtimizni Frantsiya, Angliya, Ispaniya, Germaniya, Italiya va Turkiyadan o‘ndan ziyod klub o‘z safida ko‘rmoqchi. Ularning ayrimlari bu transferni yanvarda hal qilishga bel bog‘lagan.
Birinchi bo‘lib, “Lans”ga aniq taklif bilan Angliya Premer-ligasiga chiqish uchun kurashayotgan “Lids Yunayted” murojaat qildi.
Bu haqda bir necha manbalar, xususan, les-transferts.com sayti xabar tarqatdi.
- Abduqodir Husanov mavsumni “Lans”da yakunlashiga hech qanday kafolat yo‘q. Chunki “Lans”dagi o‘yinlarida jiddiy, mahoratli, o‘z pozitsiyada kuchli va hujum boshlashga usta ekanini namoyish qilib kelayotgan o‘zbek futbolchisiga qit’aning nomdor klublari da’vogarlik qilmoqda.
“Tottenxem” va “Nyukasl” kabi badavlat klublar 20 yoshli legioner uchun 30 million evro atrofida xarajat qilishga tayyorligi uning Angliyada ham mashhur ekanidan dalolat beradi. Bu ikki klubni ortda qoldirib, “Lids” Husanovni olish harakatlarini boshlab yubordi.
“Lids Yunayted” rahbariyati “Lans”ga markaziy himoyachi transferi uchun 20 million evro taklif qildi, - deb yozmoqda les-transferts.com sayti Armelya Uabi.
Bu ma’lumotni Top Mercato hamda Maxifoot kabi boshqa manbalar ham tasdiqladi.
- Joriy mavsum kashfiyotiga aylangan Abduqodir Husanov Evropada, ayniqsa, Angliyada e’tibor qozonib bormoqda. “Lids” o‘zbekistonlik iqtidor egasini olish uchun “Lans”ga 20 million evrolik taklif yuborgani bir necha manbada qayd etildi.
Lekin bu summa o‘z himoyachini 30 million evroga baholayotgan “Lans” uchun kamlik qiladi. Chunki yosh, yuqori salohiyatli o‘yinchi “Tottenxem”, “Nyukasl”, “Atletiko Madrid”, “Pari Sen-Jermen” kabi badavlat va katta klublar transfer nishonida turibdi. Husanovning o‘zi ham Angliya Chempionshipidagi jamoadan ko‘ra, o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan va sovrinlar uchun kurashadigan klubni avzal bilishi aniq.
Boshqa tomondan o‘yinchining iqtidorini bilgan “Lans” o‘zi kutgan summa taklif etilmagunicha Abduqodirni sotib yuborishga shoshilmaydi, chunki da’vogarlar orasida so‘ralayotgan narxni to‘lay oladidan klublar bor. Qolaversa, Husanovning shartnomasida o‘yinchi 2027 yilning yozigacha klub bilan hamkorlik qilishi belgilangan, - deb yozmoqda foot-sur7.fr sayti jurnalisti Leons Siriak.
Abuqodir Husanov joriy mavsumda 16 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, bitta assist ham qayd etdi. 20 yoshli futbolchi Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 12 million evroga baholanmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Husanov O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi.
Shomurodovga yangi va yaxshi da’vogar chiqdi!
Fayzullaev: Yaqinlarimni Monakoga olib ketaman!
Fikrlar