
Husanov o‘ynagan uchrashuvda Anchelotti “Real”ning barcha zamonlardagi rekordini o‘rnatdi
Yangi formatda o‘tkazilayotgan Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichi o‘tish o‘yinlarida “Real” futbolchilari Angliya chempioni “Manchester Siti” bilan to‘qnash keldi.
Raqib maydonidagi ilk uchrashuvda 3:2 hisobida zafar quchgan madridliklar “Mantyago Bernabeu”da ham raqibni ayab o‘tirmadi.
Abduqodir Husanovning “Siti” futbolchisi sifatida Evropa Chempionlar ligasidagi debyuti omadsiz chiqdi. “Real” bu bahsda 3:1 hisobida g‘olib chiqdi.
Aynan mana shu uchrashuv “Real” bosh murabbiy Karlo Anchelottini rekordchiga aylantirdi. 65 yoshli mutaxassis Chempionlar ligasi va avvalgi nomi – Evropa Chempionlari kubogi doirasida “Real”ni bosh murabbiy sifatida eng ko‘p o‘yinga olib tushgan inson sifatida qayd etildi.
Anchelotti Chempionlar ligasining 73 ta o‘yinida “Real”ga ustozlik qilgan. Jamoa shu bahslardan 52 tasida g‘alaba qozongan.
Avvalgi rekord “Real”ning afsonaviy murabbiyi Migel Munosga tegishli bo‘lib, u 71 ta bellashuvda madridliklarni boshqargan edi.
Fikrlar