
Husanov “Nyukasl”ga o‘tishi kerak edi, Fayzullaev esa...
O‘zbekistondan etishib chiqqan eng yorqin iste’dodlar orasida Abduqodir Husanov va Abbosbek Fayzullaevning o‘z o‘rni bor.
20 yoshli himoyachi Abduqodir Husanov qisqa fursatda Evropaning eng qudratli klublaridan “Manchester Siti” safiga qo‘shildi. Ayni paytda Rossiya Premer-ligasida TsSKA jamoasi sharafini himoya qilayotgan 21 yoshli Abbosbek Fayzullaevning “ko‘hna qit’a”ga yo‘l olishi oxirgi ikki yil ichida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan hisoblanadi.
“Surxon” jamoasida faoliyat yuritayotgan murabbiy Stanislav Kudryashov Rossiyaning “BIZNES Online” nashriga bergan intervyusi har ikki futbolchi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.
- Abduqodir Husanov jismoniy ko‘rsatkichlari tabiatan kuchli bo‘lgan baquvvat futbolchi. Uning ustun jihatlari atletizm va kuch-qudratida.
Husanovni yorqin kelajak kutmoqda, lekin u o‘zini bir yil davomida kuzatib kelgan “Nyukasl”ga o‘tganida yaxshi bo‘lardi. Aslida o‘sha jamoaga o‘tishi kerak edi, biroq futbol – bu biznes, pul degani. Unga Frantsiyadan Angliya futboliga moslashishida o‘tish davri bo‘lishi kerak edi.
TsSKAda to‘p tepayotgan Abbosbek Fayzullaev “Paxtakor” yoshlar jamoasida mening qo‘l ostimda ikki yil o‘ynagan.
Juda talantli yigit, Xudo uni iqtidor bilan siylagan, juda yaxshi futbol o‘ynaydi. Agar keyinchalik yana yaxshi klubga tushsa, kelajagi porloq.
Men uni Ispani va Portugaliya futboliga mos o‘yinchi, o‘sha mamlakatlar klublarida o‘ynaydigan futbolchi sifatida ko‘raman. Angliyada jismoniy tomondan biroz qiyin bo‘ladi, chunki ko‘rsatkichlari unchalik to‘g‘ri kelmaydi, - dedi Stanislav Kudryashov.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov futbolning dastlabki sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan. Professional faoliyatini 2022 yili Belarus chempionatida “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan.
Bir yildan keyin Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga ko‘chib o‘tdi. Bu jamoada o‘z iqtidorini namoyish qilgan markaziy himoyachi Evropaning bir qator grand klublari o‘rtasida talash bo‘ldi.
20 yanvar kuni Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” Abduqodir Husanovni bonuslar bilan qo‘shib hisoblaganda 50 million evro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.
Husanov Frantsiya va Angliya yuqori divizionida ishtirok etgan birinchi va hozircha yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi.
Abbosbek Fayzullaev esa, “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va professional faoliyatini O‘zbekiston superligasida boshlagan. Fayzullaev 2023 yilning avgustida Moskvaning TsSKA klubiga ko‘chib o‘tdi.
Legioner sifatida yuqori saviyada o‘ynab kelayotgan futbolchimizga keyingi yillarda Italiya, Ispaniya, Frantsiya va Germaniya jamoalaridan qiziqish bo‘layotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Fikrlar