
Humoyun Murtazoev: "Navbahor"ga qarshi o‘yin biz uchun finaldek edi
Bugun Coca-Cola Superligasining 24-turida “Mash’al” klubi o‘z maydonida “Navbahor”ni 3:0 hisobida taslim etdi. Natijada 9 o‘yinlik g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi.
Ushbu uchrashuvda mezbonlar hujumchisi Humoyun Murtazoev ham g‘alabaga katta hissa qo‘shdi va o‘z hisobiga bitta gol yozib qo‘ydi. Uchrashuvdan keyin sports.uz saytiga yirik hisobdagi g‘alaba xususida shunday dedi:
- Bugungi o‘yin ajoyib o‘tdi. “Navbahor”ga qarshi jiddiy tayyorlangandik. Ushbu uchrashuv biz uchun finaldek edi. Shunday qiyinchilikka qaramay, matonat ko‘rsatib o‘ynagan jamoadoshlarimga rahmat va bizni stadionda qo‘llab-quvvatlab turganlarga ham alohida minnatdorchilik bildiraman.
“Mash’al”ga o‘tganimdan keyin uchinchi golimni urdim. Bilaman, hujumchi uchun bu juda kam. Orada esa jarohat oldim. Keyin tiklanish biroz qiyin kechdi. Natijada bir qancha bahslarni o‘tkazib yuborishimga to‘g‘ri keldi.
Yashirmayman, jamoamizda moliyaviy qiyinchilik bor. Lekin barchasi yaxshi bo‘lishiga ishonamiz. Agar bugun yutmasak o‘zimiz qiynalib qolardik. Moliyaviy tomondan shunday qiyinchilik bo‘lib turganida maydonda bor kuchini berib to‘p surgan jamoadoshlarimizga rahmat, - deya munosabat bildirdi, Murtazoev.
Fikrlar