
"Hujumchisiz o‘ynasa ham bo‘larkan". U kelmasidan oldin jamoasi autsayder edi, hozir esa...yoxud pro liganing eng yosh murabbiyidan o‘zgacha uslub
Bu yilgi pro liga qanchalik shiddatli va tomoshabop o‘tayotganini ko‘rib turibsiz. Superliga uchun kurash bir-ikkita klub emas, balki bir nechta jamoalar ishtirokida davom etyapti.
Qizig‘i, ularning orasiga yangi nomlar ham qo‘shilyapti. Mavsumni qoniqarsiz boshlagan “Yangier” hozirgi kelib kuchli beshtalikka kirib oldi. Ayniqsa, bosh murabbiy o‘zgargani jamoa o‘yini va natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Yaqinda 37 yoshni qarshilagan Diyor Mirzaboev “Yangier” bosh murabbiyiga aylanganidan keyin hozirgacha 5 ta o‘yin o‘tkazishdi. Shulardan 4 tasida g‘alaba va 1 tasida mag‘lub bo‘lishdi. 15 ochko bilan klubi 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Endi ularda ham Superliga uchun kurashish imkoniyati paydo bo‘ldi. E’tiborlisi, jamoa tarkibida muammolar bor, shunga qaramay, yosh mutaxassis g‘alaba qozonish yo‘lini topa olyapti. Quyida Sports.uz muxbirining ushbu murabbiy bilan uyushtirgan suhbatini o‘qishingiz mumkin. Unda Diyor Mirzaboev bir qator muhim fikrlarni aytib o‘tdi.
- “Yangier” jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshlaganingizdan so‘ng natijalar yaxshi tomonga o‘zgardi. Ungacha esa klub autsayderlar orasiga tushib qolgandi. Ayting-chi, “Yangier”da birinchi o‘zgarishni nimadan boshladingiz?
- Mendan oldin ishlagan murabbiylarni hurmat qilaman. Klubni yomon boshqaribdi, degan gaplar menda bo‘lmaydi. Shunday tarbiya olganman. Bu – futbol, turli xil vaziyatlar hammani boshidan bo‘ladi. Oxirgi marta “Mash’al”da Aleksandr Xomyakov bilan ishladim. Ikkimiz u erdan ketganimizdan keyin uyda edim. Lekin pro ligani doim kuzataman. Chunki “Andijon” va “Mash’al” menga begona emasdi. Keyin “Yangier” klubi yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni chaqirdi. Bu mening e’tiborimni tortdi. O‘shanda o‘zimcha jamoa uzoqqa boradi deb o‘yladim. Negaki, futbolchilarning imkoniyatlarini yaxshi bilaman. Taqdir taqozosi bilan “Yangier”ga murabbiy kerak bo‘lib qoldi. Rahbariyat menga qo‘ng‘iroq qilib, bosh murabbiylik lavozimini taklif qildi. Darhol rozi bo‘ldim, shart-sharoitlarni ham so‘rab o‘tirmadim. Negaki, menga ish kerak edi. Uyda 4 oy o‘tirib zerikkandim. Murabbiylik ishimni davom ettirishni juda xohlab turgandim. “Yangier”dagi ko‘plab o‘yinchilar bilan ilgari birga ishlaganman. Siroj Meliev, Said Abdujabborov, Qahramon Bahodirov, Shoxruh Xolmatov, Timur Usmonov va yana boshqalarni aytishim mumkin. Ularning xarakteri hamda imkoniyatlarini yaxshi chamalay olaman. Shuni alohida aytishim kerakki, mengacha ishlagan murabbiylar shtabi zo‘r tarkib to‘plagan. Ularning ishlari yurishmagani, natijalari o‘xshamaganini shunday o‘ylayapmanki, ko‘p futbolchilar chempionatga yaqin kelishgan. Balki tayyorgarlik uchun kerakli vaqt bo‘lmagandir. Shunda ham “Andijon”, “Buxoro”, “Mash’al” kabi klublar bilan munosib o‘yin ko‘rsatdi. Natija bo‘lmagach, kim javobgar? Albatta, bosh murabbiy. Ammo yana qaytaraman: oldingi murabbiylar yaxshi tarkib yig‘gan. Men kelgach, ko‘proq o‘yinni tashkil qilishga va kamroq gol o‘tkazishga e’tibor qaratdik. Jamoa yutqazaverib, ishonch ham yo‘qolayotgandi. Yigitlar men aytgan ko‘rsatmalarga amal qilishni boshlashdi. Oldingi uchrashuvlarni ko‘rib chiqib, qanday xatolar bo‘lganini tushuntirdim. Men kelib ham masalan bir o‘yinda yutqazib qo‘ysak qo‘lni tushirmasdan ishlashimiz kerakligini va mehnatimizga yarasha albatta natija bo‘lishini ularga uqtirdim. Bunday futbolchilar bilan jamoadagi vaziyatni to‘g‘rilay olishimni bildim. Agar shunday darajadagi o‘yinchilar bilan natijalarni yaxshilay olmasak unda ishlashni keragi yo‘q edi.
- “Yangier” qiyin ahvolda qolgandi. Klubda ish boshlaganingizda bu siz uchun tavakkalchilik emasmidi?
- Futbol jamoaviy o‘yin, 11 kishi o‘ynaydi. Unda bir futbolchi o‘z vazifasini bajara olmasa, bu jamoa o‘yiniga ta’sir qiladi. Har bir o‘yin tavakkalchilik. Maqtanyapti demanggu, ammo bu erga kelib o‘z ishimni qilsam, mashg‘ulotlarda bir nimalarni o‘zgartirsak va futbolchilarni yaxshi tayyorlay olsam, natija berishini bilardim. Jamoaning oxirgi o‘rinda yurganiga ham qaraganim yo‘q. Aksincha, “Yangier”ni quyi pog‘onadan yuqoriga ko‘tara olamanmi-yo‘qmi, nimaga qodirman? Bu o‘zim uchun ham sinov edi. Qaedadir omadimiz keldi, qaerdadir rejalarimiz o‘xshadi. Bu erga o‘zimga ishonch bilan kelgandim.
- Rahbariyat tomonidan oldingizga qanday vazifa qo‘yilgandi?
- Rahbar bilan birinchi suhbatlashganimizda Sirdaryoda bitta klub borligi u ham bo‘lsa, “Yangier” bo‘lib, agar qo‘llaringda kelsa g‘alabalar qozonib, Superligaga chiqinglar, viloyat jamoani Superligada qatnashinini ta’minlashga tayyor, degan fikrlarni aytdi. Garchi pro ligada “Yangier” uchun “Andijon”, “Buxoro” yoki boshqa klublardagidek sharoitlar yaratib berilmagan bo‘lsa ham o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqib muvaffaqiyatga erisha olsak, viloyat rahbariyati “Yangier”ni Superligada qatnashishini qo‘llab-quvvatlashini alohida aytdi. Shu gaplardan keyin amin bo‘ldimki, viloyat rahbarining o‘zi o‘yinlarimizga kelishni boshladi. Ishlarimiz ham yurishib ketdi. Birinchi maqsadimiz shunday ediki, boshida klub pastki o‘rinlarda edi, iloji bo‘lsa jamoalar ikkiga ajralganida kuchli beshtalikka kirishni niyat qildik. Ana shundan keyin bizda ham imkoniyatlar boshqacha bo‘lishi mumkin va transfer oynasi ochilganida tarkibni yanada kuchaytirishimiz mumkin. Biz Superligaga chiqamiz, degan asosiy maqsad yo‘q. Biroq imkoniyatimiz bo‘lsa, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatib g‘alabalar qozonish uchun kurashamiz. Boya aytdim, rahbariyat “Yangier”ni Superligada ko‘rishni istaydi. Agar shunday bo‘lsa, klubni Gulistonga ko‘chirishlarini ham aytdilar.
- Darhaqiqat, jamoada endi umid uchqunlari uyg‘ona boshladi. O‘zingizda ham Superliga uchun ishonch kuchlimi?
- Birinchi o‘rindagi klubda 22 ochko, ikkinchi o‘rindagi jamoada esa 21. Keyingi o‘rinlardagilarda 17 ochkodan bor. “Turon” bilan o‘z maydonimizdagi uchrashuvda yutqazganimizni xaligacha xazm qila olmayapman. O‘yin va golli vaziyatlarni yaratish borasida ulardan ancha ustunlik qilgandik. Hatto, durang o‘ynaganimizda ham natijadan xafa bo‘lardim. Afsuski, yutqazib qo‘ydik. “Turon”ni yutishimiz kerak edi. Ammo standart vaziyatdan gol o‘tkazib yubordik. Aks holda hozir 18 ochko bilan “Mash’al” va “Buxoro”dan yuqorida turardik. G‘alabalardan ruhlanib, futbolchilarda ham ishonch kuchaygan. Endi yanada yuqoriroqqa intilyapmiz. Klub rahbariyati shunga yarasha sharoit ham yaratib beryapti. Qarang, g‘alabalar bo‘lsa, sharoitlar ham yaxshilanaverar ekan.
- Qizig‘i, “Yangier” 10 ta o‘yinda 5 ta g‘alaba va 5 ta mag‘lubiyat qayd etdi, durang yo‘q. Yo yutyapti, yo yutqazyapti...
- Mening qo‘l ostimda beshta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsak, debyut uchrashuvim safarda “Zomin” bilan bahsga to‘g‘ri keldi. O‘shanda durang bo‘lishi mumkin edi. “Zomin” oxirgi daqiqalarda o‘zi yaratgan imkoniyatdan foydalana olmadi. To‘p to‘singa tegdi, yana bir holatda darvozabon qutqardi. Durang bo‘lganida haqqoniy bo‘lardi, deb hisoblardim. Masalan, “G‘ijduvon”ga qarshi ham og‘ir uchrashuvni o‘tkazdik. 0:1 ga yutayotganimizda Siroj Meliev bilan Nodir Yo‘ldoshevda o‘ta qulay vaziyatlar bo‘ldi, gol urishlari kerak edi. Ana shunda xotirjam bo‘lardik. Ammo keyin mezbonlar darvozamiz oldida xavfli vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Bu – futbolda, gol urishganida durang bo‘lishi mumkin edi. O‘yinchilarga doim aytaman: himoyada yaxshi o‘ynab, darvozamizdan gol o‘tkazib yubormasak, demak biz bugun yutqazmaymiz. Hujumda imkoniyatlar bo‘lishi bu boshqa masala. Bizda hozir hujumchilar yo‘q. Ikkita asosiy hujumchimiz jarohat olgan. Aynan oxirgi to‘rtta bellashuvda hujumchisiz o‘ynadik. Suhrob Berdiev o‘zi qanotda hujumkor yarim himoyachi. Uni hujumda sinab ko‘rmaganman. Menga Berdievni hozirgi o‘ynayotgan joyi ma’qul. Natijada markaziy himoyachini hujumchiga aylantirdim. Qahramon Bahodirov aynan oldingi chiziqda to‘p surdi. Vazifalarini eplashdi. Biri gol urdi, yana biri golli pas uzatdi.
- U holda oxirgi o‘yin – “G‘ijduvon”ga qarshi qanday taktika qo‘lladingiz?
- U erda ham markaziy himoyachi Nodir Yo‘ldoshev hujumda o‘ynadi. Bizda aynan hujum pozitsiyasida o‘ynaydigan o‘yinchi gol uradi, degan narsa yo‘q. O‘yin uslubim shundayki, istalgan vaqtda o‘yinchilarni o‘rnini almashtirib, boshqasini chiqarishimiz mumkin. Gol uradigan vaziyatda xohlagan futbolchi paydo bo‘lib qolishi ham mumkin. Hech kimga sen hujumchisang, gol urasan, degan ko‘rsatma yo‘q. Aytmoqchimanki, hujumchisiz o‘ynasa ham bo‘larkan.
- Demak, hujumchi Timur Usmonovning ko‘rinmayotgani ham jarohat bilan bog‘liqmi?
- Ha, jarohati bor. “Turon” bilan uchrashuvdan keyin o‘zini yomon his qildi. Hali tayyor emas. Jahongir Abdusalomov ham aynan “Turon”ga qarshi bahsda jarohat olgan. U safga endi qo‘shildi. To‘liq o‘ynashga tayyor emas.
- Har bir murabbiyning ish uslubi bor. Ayting-chi, “Yangier”da ish boshlagach, natijaga olib boruvchi yo‘l tariqasida asosan qanday taktika bo‘yicha ishlayapsizlar?
- Birinchi o‘rinda futbolchilarning imkoniyatidan kelib chiqaman. “Mash’al”da ishlaganimda boshqacha fikrda bo‘lardim. “Andijon”da mehnat qilganimda esa yana boshqacha fikr...Futbolchilarning imkoniyati hamda malakasidan kelib chiqib sxema tanlaganmiz, hozircha shu bo‘yicha o‘ynayapmiz. Ular bungacha 4-2-3-1 sxemasida o‘ynashmagan. Avvallari 4-1-4-1 yoki 4-4-2 taktikasida harakat qilishgan. Bu erga kelib yangi sxema qo‘llashga vaqtim etarli bo‘ldi. Futbolchilar ham meni tushundi. Superligani ko‘rgan yigitlar. Gapimni bittada tushunishadi.
- Demak, jamoani o‘zgacha uslubda va kerak bo‘lsa hujumchisiz bo‘lsa ham yuta olishingizni ko‘rsatyapsiz...
- Albatta, o‘yinchilarning malakasidan kelib chiqib ish tutyapmiz. Agar shu tarkib bilan 5 ta himoyachi taktikasida ham o‘ynasam noto‘g‘ri bo‘ladi. Bizda tezkor o‘yinchilar bor. Elyor Mamasoliev, Suhrob Berdiev, Siroj Meliev kabi yigitlarni o‘yin tashkil qilish qobilyatlari yaxshi. Ular meni mana shunday sxemada o‘ynashimga majbur qiladi. Agar boshqa taktika qo‘llasam, ularning imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan bo‘laman. Murabbiyni yoqtirgan uslubi bilan o‘ynash noto‘g‘ri. Yana qaytaraman: uslub futbolchilarning imkoniyatidan kelib chiqib tanlanadi. Qaysi sxema natija bersa, o‘sha mening yoqtirgan uslubimga aylanaveradi.
- Bungacha safarda ketma-ket ikkita o‘yin o‘ynadinglar, “Aral Samali” hamda “G‘ijduvon”ga qarshi. Hozirgi vaziyatda esa mehmonda birin-ketin g‘alabalarga erishish ham oson emas...
- Ilgari ham pro ligada ishlaganman. Nafaqat “Aral Samali”, balki qoraqalpoq futbolchilari shunday o‘yinchilar sirasiga kiradilarki, ular o‘z uyida har qanaqa raqibni yuta oladi. Shu bois mezbonlarga qarshi o‘ynash qiyin. Boz ustiga maydoni sun’iy. Yo‘l ham uzoq. Shu bois o‘yinga ta’sir qiluvchi faktorlar bisyor. “Aral Samali” bosimsiz o‘ynaydi. Bizga ochko kerak, har bir klubning maqsadi o‘zgacha. O‘sha kuni ham matbuot anjumanida aytdim, “Aral Samali”ga kelib birov osonlikcha ochko olib ketmaydi. Sun’iy maydonda o‘yinimiz chiqmadi, qiynaldik. Yana futbolchilarning individual mahorati evaziga gollar urib yutib ketdik. “G‘ijduvon” esa hali o‘z uyida hech kimga yutqazmagandi. Masalan, “Andijon” va “Mash’al” bilan durang o‘ynadi. “Buxoro” maydonida ham bir ochko ishladi. Birinchi uy ochilish o‘yini biz bilan bahsga to‘g‘ri keldi. Shu bois og‘ir bo‘lishini bilardik. Hammasini hisobga olib, futbolchilarimni ogohlantirgandim, o‘yin biz o‘ylagandek kechmasligi mumkin, agar raqibga imkoniyat bersanglar, o‘zimizga qiyin bo‘ladi. Buning uchun “G‘ijduvon”ga umuman imkoniyat bermaslik kerakligi haqida aytdim. Raqib jamoa qanaqa o‘ynaydi? Biz qanday imkoniyat taqdim etsak, shunga yarasha o‘ynaydi-da. “Turon”, “Andijon” kabi safarda o‘ynagan darajada qiyin bo‘ldi. Pro liga ancha o‘sgan. “G‘ijduvon”ni ham o‘yinini yaxshilab o‘rgangandik. Qanotdan to‘p oshirilganida himoyachilari raqib o‘yinchilarni “yo‘qotib” qo‘yishini payqadik. Gol urish uchun eng asosiy omil sifatida shu narsani futbolchilarimga tushuntirdim. O‘zi markazdan hujum tashkil qilish qiyin. Evropa futbolini ham ko‘ring, aksariyat gollar asosan qanotlardan uzatilgan paslardan keyin urilyapti. “G‘ijduvon” o‘yinchilari qanotdan to‘p uzatilganida faqat to‘pga qarayaptida, qo‘riqlayotgan futbolchilarini e’tibordan chetda qoldiryapti. Shu bois bizda gol urish uchun aynan qanotlardan uyushtiriladigan hujumlarimizda imkoniyat ko‘proq bo‘lishini bildik. Mashg‘ulotlarimizni shu yo‘nalish bo‘yicha olib bordik. Mashg‘ulotlarimizda har kuni qanotlar bo‘yicha ishladik. Bir kuni o‘yinchilarimga nimaga menga har kuni shu uslubda ishlayapmiz, deb savol bermadinglar dedim. Keyin ularga raqibni o‘sha ojiz nuqtasini aytdim. Natijada o‘sha uchrashuvda golimizni qanotdan uzatilgan to‘p orqali kiritdik va Nodir Yo‘ldoshev o‘zini ko‘rsatdi.
- “Yangier”dagi faoliyatingiz sizga tramplin bo‘ladi. Murabbiy sifatidagi aniq maqsadingiz qanday?
- O‘tgan yilgidan ko‘ra, yaxshiroq natija ko‘rsatib, kuchli beshtalikka kirmoqchimiz va u yog‘iga yana kurashamiz. Hamma murabbiy ham o‘zini ko‘rsatgisi keladi. Tarkibda yaxshi futbolchilar yig‘ilgan. Rahbariyat esa menga mana shunday tarkib bilan o‘zimni ko‘rsatishim uchun imkoniyat yaratib berishdi. Mendan oldin taniqli murabbiylar bilan muzokaralar ham o‘tkazishgan. Oxiri menda to‘xtalishgan, ulardan minnatdorman. Avvalo ishonch bildirishdi. Kimdir bu hali yosh murabbiy, tuzuk-quruq ishlamagan deb aytishi mumkin. Ishoning, tajribam etarli. Yaxshi ustozlarni darsini olganman. Eldor Sakaev, Viktor Kumikov, Aleksandr Xomyakov singari mutaxassislarni oldida yurib, ancha tajriba o‘rgandim. Qachondir o‘rganganlarimni ishga solishim kerak edi. Bu menga imkoniyat. Meni futbolga alohida tushuncham bor. Masalan, Kumikov va Xomyakov bilan ishlagan bo‘lsam, aynan ularning uslubida o‘ynamayman. Ammo ularni menga bergan bilimlarini ishga solish vaqti kelgandi. Bu men uchun chaqiruv. Ishlash uchun qo‘rqmaslik kerak. Hamma qachondir boshlaydi.
- Adashmasam, pro ligada eng yosh murabbiysiz...
- Shunaqa. 2017 yili ham shunaqa savol berishgandi. O‘sha mavsumda “Mash’al-2” bilan birinchi ligada ishlab, eng yosh murabbiy bo‘lgandim.
Fikrlar