Hasan Ro‘ziev: Hakamlikni kech boshlaganim bois xalqaro o‘yinlarni boshqarishga ulgurmaganman (1-qism)

  • 7 aprel, 2020, 09:34
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yurtimizda tajribali va ko‘zga ko‘ringan hakamlardan biri sifatida tanilgan Hasan Ro‘zievni ko‘pchilik yaxshi biladi. Ammo endilikda u sobiq hakamga aylangan. Xabaringiz bo‘lsa, o‘tgan yilgi mavsum tugaganidan keyin Ro‘ziev rasman hakamlik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Shundan keyin ham Hasan Ro‘ziev futbol ichida qoldi. Lekin endi u rahbar lavozimida gavdalana boshladi. Avvaliga “Surxon” klubida, so‘ngra “Qizilqum”da ishga kirishdi.

Tecno

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu sobiq hakam bilan suhbatlashish uchun bizda mavzular bisyor edi. Shu boisdan saytimiz uchun intervyu uyushtirishga uni ko‘ndira oldik. Oldindan o‘tib shuni aytishimiz lozimki, Ro‘ziev bilan suhbatimizni ikki qismga ajratgan holda e’tiboringizga havola etamiz. Negaki, ko‘plab masalalarda muloqot qilganmiz. Shuning uchun suhbatimizning birinchi qismida asosan uning hakamlik faoliyati haqida gap boradi.   

- Hasan aka, avvalambor hakamlikka kirib kelishingiz qanday sodir bo‘lgani haqida gapirsangiz. Bu sohaga o‘zingiz qiziqib kirganmisiz yoki boshqa sabab bo‘lganmi?

- Hakamlikka kirib kelishim shunday bo‘lganki, futbol maktab-internati (sobiq “Titov”)da Ma’mur Yusupov degan do‘stim bo‘lardi. U esa meni o‘sha futbol dargohiga 1990 yilda tug‘ilgan yosh futbolchilarga murabbiylik qilishga taklif qilgandi. Ya’ni, “Olimpik” degan jamoaga jalb qilgan. Natijada u erda ikki yil mobaynida ishladim. O‘sha paytlarda “Olimpik” jamoasi Toshkent shahar chempionatida qatnashardi. Lekin ba’zi paytlarda o‘yinga hakam kelmay qolgan holatlari ham bo‘lardi. Ana shunday vaziyatlarning birida men hakamlik qilishimga to‘g‘ri kelgan. Adashmasam, o‘shanda men 28 yoshda edim. Bitta-ikkita uchrashuvda hakamlik qilganimdan keyin mening bu sohaga bo‘lgan qiziqishim ortib boravergan. 11-12 yoshli bolalar o‘rtasidagi o‘yinlarni boshqarish orqali hakamlik qila boshlaganman. Asta-sekin yoshi katta futbolchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham hakamlik qilganman. Shundan so‘ng Toshkent shahar futbol federatsiyasiga bordim. U erda Gennadiy Vasilevich Ermakov ishlardi. U bilan gaplashib, hakamlik sohasida o‘zimni sinab ko‘rmoqchi ekanligimni aytganman. Natijada ulardan o‘yinlar olishni boshlaganman va yana bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda hakam sifatida ishga kirishganman. Bu safar rasmiy ravishda hakamlikni boshlaganman. Shu bilan birga murabbiylik ishimni ham davom ettirardim. Xullas, shunday qilib, hakamlikka kirib kelganman. 2007 yili esa bizda hakamlik maktabi ochilgan. U erda o‘qidik, litsenziya oldik. Natijada 2008 yili birinchi ligada qanot hakami bo‘lib ishni boshladim. Oradan bir yil o‘tib, birinchi ligada bosh hakamlik qilishga kirishdim. 2010 yilga kelib, oliy ligada ham bosh hakamlik qila boshladim. O‘sha yili to‘rtta uchrashuvda ishladim. Birinchi boshqargan o‘yinim esa “Buxoro” – “Metallurg” o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lgan. O‘shanda o‘yin Vobkentda o‘tkazilgandi. O‘sha paytda Ravshan Ermatovning brigadasida ishlaydigan Abdulhamidillo Rasulov bilan Jahongir Saidov menga qanot hakamlari sifatida yordam berishgandi. Xudoga shukrki, debyut o‘yinimni muvaffaqiyatli boshqarganmiz. O‘shanda “Buxoro” 2:1 hisobida yutgandi. Shu tariqa, hakamlikda 11 ta mavsumni o‘tkazdim.

ruziev4

- Tushunarli. Hakamlik faoliyatingiz davomida ko‘plab uchrashuvlarni boshqarishingizga to‘g‘ri kelgan. Shuni inobatga olganda, qaysi bellashuvlar siz uchun murakkab kechgan?

- Aslida-ku, bunday murakkab o‘yinlar ko‘p bo‘lgan. Misol uchun “Paxtakor” – “Bunyodkor”, “Bunyodkor” – “Lokomotiv”... Shuningdek, qaysidir yili Namanganda “Navbahor” hamda “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yin ham yodimda saqlanib qolgan. O‘yin juda shiddatli kechgandi, stadion esa muxlislar bilan liq to‘lgandi. “Nasaf” yagona gol evaziga yutayotgandi. Ammo uchrashuvning 90+3-daqiqasida “Navbahor” futbolchilari hisobni tenglashtirishgandi. Lekin, bilasizmi, o‘sha uchrashuvdagi muhit haligacha qulog‘imda jaranglab turadi. O‘yindagi muhit yuqori darajada bo‘lgandi. Bundan tashqari, Qarshida “Nasaf” – “Lokomotiv” o‘rtasidagi bahs ham juda og‘ir o‘tgan. O‘shanda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishgan. Vodiy derbisida “Neftchi” – “Andijon” o‘yinlari ham doim qiyin bo‘lardi. Ayniqsa, “Navbahor” ishtirokidagi uchrashuvlar boshqacha muhitda o‘tadi. Namangandagi muhit shu darajada bo‘lardiki, raqib jamoa a’zolarining oyoqlari titrab qolardi. To‘g‘risi, Namanganga hakamlik qilish uchun borsam huzurlanaman, mazza qilaman. Muxlislarning jonkuyarligi, ularning stadionni to‘ldirib o‘tirishlari juda yoqimli. Namanganda chinakamiga futbol havosi hukm suradi. Shu sababdan har doim namanganlik ishqibozlarga besh ketaman. Hatto, bilasizmi, hakamlarni o‘yinlarga tayinlashayotganlarida meni Namangandagi uchrashuvga yuborishlarini kutib turardim. Chunki yuqorida aytganimdek, u erdagi o‘yinlarni boshqarsam mazza qilardim. Namangan xalqini yaxshi ko‘raman.

- Lekin doim ham hakamlar barchaga birdek yoqavermaydi. Boshqargan o‘yinlarda esa albatta muxlislar yoki jamoalar tomonidan e’tirozlar, tanqidlar bo‘lib turadi. Shunday ekan, ayting-chi, hakamlikdagi faoliyatingiz davomida o‘zingizga nisbatan nohaqliklarga ham duch kelganmisiz?

- Nohaqlikmi? Futbol shundayki, har doim yutqazgan jamoa qandaydir baxona topgisi keladi. Oqibatda rahbarlarining oldida o‘zini oqlash uchun hakamga osiladi. Natijada o‘yin chog‘ida hakamning ko‘zga ko‘rinar-ko‘rinmas qilgan arzimas xatosini qidirishga tushishadi. Avval aybni o‘z jamoasidan qidirish kerak emasmi? Agar biz hakamlar chindan ham xato qilgan bo‘lsak, bizni nazorat qiladigan hakamlar qo‘mitamiz bor. O‘shalar xatolarimizni ko‘rib chiqib, qanday jazo berishni bilishadi. Agar biror-bir hujumchi penaltidan yoki yakkama-yakka vaziyatdan gol ura olmasa, murabbiyi uning boshini silab xafa bo‘lma, keyingi safar albatta gol urasan deb futbolchisini ruhlantiradi. Professional murabbiylargina shunday qilishadi. Ularni bilaman: Mirjalol Qosimov, Ro‘ziqul Berdiev, Andrey Fyodorov, Shota Arveladze yana boshqalarni aytishim mumkin. Yana ba’zi murabbiylar borki, ular birinchi bo‘lib hakamga yopishishadi. Beayb Parvardigor. Biz inson bo‘lganimiz uchun hammamiz adashamiz. Mana, chempionatimizga VAR kirib kelyapti. Futbolimiz rahbarlari Abdusalom Azizov va Ravshan Ermatovning tashabbusi bilan chempionatimizda haqqoniylik bo‘lishi uchun qattiq harakat qilishyapti. Shu bois ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Biz esa ularning jiddiy harakatlarini o‘z ishimiz bilan oqlashimiz kerak. Haqqoniylik bo‘lib, bundan futbol yutadigan bo‘lsa, biz albatta jahon chempionatiga bora olamiz.

ruziev6

- Ravshan Ermatov bilan ilk bor qachon tanishgansiz?

- Ravshan bilan yoshligimizda futbol maktabida birga o‘qiganmiz. O‘sha erda tanishib, birga futbol o‘ynab yurardik. Qisqasi, yoshlikdan beri do‘stmiz.

- Siz ham chempionatimizdagi tajribali hakamlardan biri bo‘lgansiz. Lekin xalqaro maydonlarda hakamlik qilish sizga nasib qilmagan. Bu nima bilan bog‘liq edi?

- Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, hozirgi hakamlar yosh. O‘sha paytda OFKning cheklovi 32 yoshgacha edi. Shu yoshgacha siz FIFAning hakami bo‘lsangiz, xalqaro o‘yinlarda hakamlik qilishingiz mumkin bo‘lardi. Qolaversa, chempionatimizda o‘sha yoshgacha qanchadir miqdordagi o‘yinni boshqargan bo‘lishi kerak edi. Men esa hakamlikni kech boshlaganman. 28 yoshimda hakamlikka kirib kelgan bo‘lsam, 30 yoshimda oliy ligada ishlashga kirishganman. Shuning uchun men ulgurmaganman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!