
"Guruh bosqichiga chiqib, Namanganga OChL atmosferasini olib kelmoqchimiz. Buning uchun salohiyatimiz etarli" - Otabek Samatov
O‘z oldiga katta vazifalarni qo‘ygan "Navbahor"ni oldinda yana jiddiy o‘yinlar kutyapti. Bilasiz, Superliganing 16-turidagi eng markaziy uchrashuv – “Navbahor” – “Paxtakor” bellashuvi kutilgan darajada katta ajiotajni yuzaga keltirdi. Lekin ushbu o‘yinda namanganliklar o‘z maydonida “Paxtakor”ga 1:2 hisobida yutqazdi va tabiiyki, bu holat namanganlik minglab muxlislarni ranjitgani bor gap. Chempionlik uchun jiddiy kurashayotgan “Navbahor” o‘z uyida asosiy raqobatchisiga yutqazdi va “Paxtakor”ni o‘zidan o‘tkazib yubordi.
Shu bois “Navbahor” klubi vitse-prezidenti Otabek Samatov bilan bog‘landik. Mutaxassis avvalo mag‘lubiyat to‘g‘risida gapirdi.
“Albatta, mag‘lubiyat hammani ranjitdi. Jamoa g‘alaba qozonib muxlislarni xursand qilish niyatida edik, lekin nasib ekan-da. Shunday bo‘lsa-da, oldinda vaziyatni o‘nglash uchun o‘yinlar bor. Ko‘rib turibsiz, hozir oddiy raqibning o‘zi yo‘q. Jamoadagi murabbiylarga ham, o‘yinchilarga ham aniq maqsad qo‘yilgan. Hozir barchamiz birlashib maqsad sari intilishimiz kerak, boshqa iloji yo‘q”.
“Navbahor”ning ushbu mag‘lubiyatidan keyin muxlislar orasida turli gap-so‘zlar tarqala boshladi. Aniqrog‘i, jamoa bosh murabbiyi Samvel Babayanning iste’foga chiqishi mumkinligi borasidagi uzun-quloq gaplar eshitilyapti. Tabiiyki, bunday paytda “Navbahor” klubi vitse-prezidenti bunday gap-so‘zlarga izoh berdi:
“Samvel Babayan ham qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti. Hozirda murabbiyni ketkazish noto‘g‘ri qaror bo‘ladi, deb o‘ylayman. Aksincha, hozir qo‘llab-quvvatlab har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish kerak. Xudo xohlasa, albatta maqsadimizga erishamiz. Bundan boshqa yo‘li yo‘q. Buning uchun jamoada etarlicha salohiyat bor.
Ko‘rib turganingizdek, bu borada ortiqcha gap-so‘zga hojat yo‘q va Babayan klubda o‘z ishini davom ettiryapti. Oldinda esa yana muhim uchrashuvlar turibdi. Ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi o‘yin bor. “Navbahor”ning oldiga OChLda qanday maqsad qo‘yilgan? Otabek Samatov shunday javob berdi:
“Navbahor”da doim asosiy vazifa - har bir jamoamiz ishtirok etayotgan musobaqalarda eng yuqori maqsadlar qo‘yiladi.
Albatta, xalqaro maydonda munosib ishtirok etib guruh bosqichiga chiqish uchun imkoniyatimiz bor va jamoamiz murabbiyi Samvel Babayan xalqaro maydonda katta tajribaga ega. Klubga taklif etilgan futbolchilarimizda ham xalkaro maydonda etarlicha tajribasi bor. Xudo nasib qilsa, munosib ishtirok etmoqchimiz.
Mana, O‘zbekiston Kubogi doirasida”Aral”ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozondik. Biz Kubok musobaqasida ham munosib ishtirok etmoqchimiz. Umuman olganada, o‘zimiz qatnashayotgan barcha frontda muvaffaqiyatlarga erishmoqchimiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz va kuchimiz etadi. Endilikda OChL o‘yiniga tayyorgarlikni davom ettiramiz. Guruh bosqichiga chiqib Namanganga Osiyo Chempionlar ligasi atmosferasini olib kelish uchun astoydil harakat qilamiz. Yuqorida aytganimdek, buning uchun salohiyatimiz etarli.
Shuningdek, Osiyoda yagona bo‘lgan barcha jamoamizni har qanday holatda ham yolg‘izlatib qo‘ymaydigan jonkuyar muxlislarimizga katta rahmat aytmoqchiman. Har doim jamoamizni qo‘llashdan charchashmasin, jamoa bilan birgalikda maqsadga erishish nasib qilsin.
Fursatdan foydalanib, Namanganda futbolini rivojlantirish uchun barcha sharoitni yaratib berayotgan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shavkat Shakirjanovichga jamoamiz nomidan rahmat aytmoqchiman”, - deydi Otabek Samatov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar