Gol qaysi daqiqada urilishini hech kim bilmaydi - "Surxon" ustozi uchun Superligadagi ilk o‘yin, ilk g‘alaba!

  • 11 mart, 2021, 20:26
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Surxon” jamoasi yangi mavsumning ilk turini o‘z maydonida “Metallurg”ga qarshi o‘tkazib yagona gol evaziga qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi va bu orqali chempionatdagi ilk g‘alabasini ham qo‘lga kiritdi.

Tecno

Shuningdek, “Surxon” bosh murabbiyi Rufat Akramxo‘jaev uchun ham bu o‘yin o‘zgacha ahamiyatga ega edi. Negaki, u ilk bor Superligada bosh murabbiy sifatidagi debyutini o‘tkazdi. Uchrashuv tugaganidan keyin Akramxo‘jaev sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.

- Avvalo, bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yindan olgan taassurotlaringizni bilmoqchimiz.

- G‘alabadan keyin har doim taassurot yaxshi bo‘ladi. Futbolchilarimiz yaxshi harakat qilishdi va ko‘rsatmalarimizni bajarishdi. Shuning evaziga g‘alaba qozondik, deb o‘ylayman. Bu bizning chempionatdagi birinchi o‘yinimiz va ochilish bellashuvi edi. Mana shunday muhim uchrashuvda uch ochkoni qo‘lga kiritganimiz uchun hammaga minnatdorlik bildiraman va muxlislarimizga ham tashakkur aytaman.

- Superligada bosh murabbiy sifatidagi debyut o‘yiningizni o‘tkazdingiz. Tabiiyki, birinchi uchrashuvda g‘alaba qozonish hamisha yoqimli. Hozirgi his-tuyg‘ularingiz o‘zgacha bo‘lsa kerak...

- Ha, debyut o‘yinimiz bo‘ldi. Bitta men emas, Rustam aka Oripovda ham. Murabbiylar shtabida hech kim yordamchim emas, barchasi elkadoshlarim. Qalbimizdagi his-tuyg‘ularni so‘z bilan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Faqat buning uchun inson o‘sha vaziyatda bo‘lishi kerak. Bugungi g‘alabamizdan hamma xursand. Ayniqsa, oxirgi daqiqalarda g‘alaba goli kiritilganida buning zavqi yanada boshqacha bo‘ladi.

surxon g‘alaba

- Yagona gol uchrashuvning oxirgi daqiqalarida kiritildi. Vaziyatga real qarasak, so‘nggi daqiqalar o‘tib borayotganida durangga rozi bo‘lib borayotganmidingiz?

- Durangga rozi emasdik. Avvalo, hammasi Xudodan. Biz har uchrashuvda faqat g‘alaba uchun chiqamiz. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, ikkinchi bo‘limda ustunlik biz tomonda edi. Gol qaysi daqiqada urilishini hech kim aytib bera olmaydi. Shuning uchun maqsad sari oxirigacha kurashish kerak. Gol urishimizni ich-ichimizdan xohlayotgandik.

- “Metallurg” siz kutgandek qarshilik ko‘rsatdimi?

- “Metallurg” yaxshi shakllangan jamoa, tajribali o‘yinchilariga ega. Tabiiyki, bu jamoaga qarshi oson uchrashuv bo‘lmadi. Bekobodliklar yaxshi raqib ekanligi uchun tayyorgarligimizni ham shunga yarasha qilgandik. “Metallurg” mavsum davomida hali o‘zini ko‘rsatadi deb o‘ylayman.

- Bosh murabbiy sifatida “Surxon”ning bu yilgi selektsiya ishlaridan qay darajada qoniqish hosil qildingiz?

- Menimcha, hech qaysi murabbiy bu borada 100 foiz qoniqmasa kerak. Lekin yangi qo‘shilgan o‘yinchilar birinchi o‘yindanoq ishonchimizni oqlashyapti. Ishonamanki, tarkibimizdagi barcha yigitlar chempionat davomida o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatishadi.

akramxo‘jaev

- Navbatdagi turni safarda “Andijon”ga qarshi o‘tkazasizlar. Ushbu o‘yin uchun reja qanday?

- “Andijon”ning o‘yinlarini ko‘rib tahlil qilamiz. Shunga qarab tayyorgarlik ko‘ramiz. “Andijon” ham yaxshi shakllangan jamoa. Ayniqsa, bosh murabbiy Otabek G‘ulomxo‘jaevning o‘ziga yarasha ishlash uslubi bor. Bilamizki, oson o‘yin bo‘lmaydi. Ammo biz ham maksimal darajada harakat qilamiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
solijon bobokulov
11/03/2021 20:49
andijon qanaqasiga yaxshi shakllangan?! hali shakllanib ulgurmadi shekilli?