
Fayzullaev va TsSKA O‘zbekistonning kuchli jamoasiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi
Rossiya Premer-ligasi ishtirokchisi TsSKA qishki ta’tildan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazadi.
“Armiyachilar” klubi rasmiy sayti jamoa 13-23 yanvarga belgilangan ilk yig‘inda tiklanish mashg‘ulotlaridan tashqari ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishini ma’lum qildi.
Bu bahslar O‘zbekiston Superligasi vakili OKMK va Qozog‘iston Premer-ligasi ishtirokchisi “Ordabasi”ga qarshi o‘tkaziladi. O‘yinlarning aniq vaqti haqida to‘xtalsak, "armiyachilar" olmaliqliklar bilan 19 yanvarda bellashadi. Qozoq klubiga qarshi bahs 23 yanvarga belgilandi.
Serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich bosh murabbiylik qilayotgan TsSKA chempionatning birinchi qismi yakunlariga ko‘ra oltinchi o‘rinda bormoqda.
Jamoa etakchilaridan Abbosbek Fayzullaev joriy mavsumda barcha turnirlarda 23 ta uchrashuvda ishtirok etib, uchta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
TsSKAning bo‘lajak raqibi – OKMK futbolchilari 2024 yilgi mavsumda O‘zbekiston chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z tarixida ilk bor kumush medalga ega chiqdi.
Fikrlar