
Farg‘ona futboli o‘zgarishlar ostonasida. Viloyat futbolini rivojlantirish uchun xorijlik mutaxassislar jalb etilmoqda (Foto)
Farg‘ona viloyatida bolalar va o‘smirlar futbolini yagona tizimda rivojlantirishga Qatarning “Al-Sadd” jamoasida ko‘p yillar davomida texnik direktor va murabbiylik qilgan Ridvan Lxbibani rahbarlik qilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Qatarning “Al-Sadd” jamoasida ko‘p yillar davomida texnik direktor va murabbiylik qilgan, belgiyalik Ridvan Lxbibanini qabul qildi.
Farg‘ona viloyatida barcha futbol bo‘yicha sport maktablari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish va ular uchun umumlashgan tizimni shakllantirish, barcha murabbiylar uchun yagona taktikaga asoslangan metodikani ishlab chiqish, “Neftchi” jamoasi uchun yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va asosiy tarkibgacha ularni etishtirish ishlariga rahbarlik qilish uchun yuqori malakali va katta tajribali xorijiy mutaxassis sifatida Ridvan Lxbibani viloyatga taklif qilinmoqda.
Uchrashuvda belgiyalik mutaxassis, bu boradagi o‘z rejalari, metodikasi hamda belgilangan maqsadlarga erishish uchun lozim bo‘lgan tashkiliy ishlar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazdi. “Yaxshi poydevorsiz yaxshi uy qurib bo‘lmaydi” deb o‘z so‘zini boshlagan Lxbibani, futbol rivojlangan barcha mamlakatlarda bolalar va o‘smirlar futboliga birinchi e’tibor qaratilganini qayd etdi. O‘zining viloyatdagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan murabbiy, qator iqtidorli yosh yulduzlarni o‘zi uchun kashf etganini aytib o‘tdi.
Viloyatdagi futbol murabbiylarini qayta tayyorlash, ularning faoliyatini doimiy muvofiqlashtirib borish, futbol maktablari uchun har bir yosh toifasiga mo‘ljallangan taktikalar ishlab chiqish, ommaviy futbolni rivojlantirish, yosh iqtidorlarni bugungi jahon futboli talablariga professional futbolchilar etish o‘stirish borasida o‘z qarashlarini bayon etgan Ridvan Lxbibani, o‘zining “Al-Sadd” jamoasidagi 14 yillik tajribasi haqida ham to‘xtalib, aynan yosh futbolchilarni tayyorlash tizimiga berilgan e’tibor tufayli jamoa akademiyasi bitiruvchilaridan 12 nafar futbolchi Qatar terma jamoasi safida to‘p tepishganini ta’kidladi.
Ridvan Lxbibani va uning yordamchilari uchun moliyaviy shartlar hamda taqdim etilgan reja asosida Farg‘onada futbolni rivojlantirish uchun lozim bo‘lgan infratuzilma yuzasidan muzokaralarni yaqin kunlarda davom ettirishga kelishib olindi.
Uchrashuvda “Neftchi” PFK bosh direktori Mansurbek Toshmatov, bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko, viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Nosirbek Otaqo‘ziev ishtirok etishdi.
Fikrlar