
Evropadagi legionerimizni “sindirishmoqchi”!
Belarus chempionati o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining nazarida turgan musobaqalardan. Minksning “Energetik-BGU” klubi aynan o‘zbekistonlik legionerlar – Bobur Abduxoliqov, Abdulqodir Husanov va Shohruh Abdurahmonovning xizmatlari evaziga kuchli uchlikda bormoqda.
Buni raqamlar ham ko‘rsatmoqda. Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi Bobur Belarus oliy ligasida sakkizta gol va uchta assist bilan chempionat to‘purari va eng foydali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.
18 yoshli himoyachimiz Abdulqodir Husnov hisobida ettita o‘yinda bitta gol va ikkita assist qayd etilgan.
23 yoshli yarim himoyachi Shohruh Abdurahmonov ham minsklik “talabalar”ning barcha uchrashuvlarida qatnashib, ikkita assistni amalga oshirdi.
Belarus chempionatining 7-turida “Energetik-BGU” o‘z maydonida mamlakatning amaldagi chempioni “Shaxtyor-Soligorsk”ni qabul qilib, kichik hisobda yutqazdi. Ushbu uchrashuvga Borisovning BATE klubidagi legionerimiz Shahboz Umarov ham tashrif buyurgan edi.
Belarusda mashhur bo‘lgan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod o‘yinchining stadionga kelgani jurnalistlar e’tiboridan chetda qolmadi. Ular Umarov atrofidagi noxush holatni inobatga olib, uning “Energetik-BGU”ga qaytishi mumkinligi haqida bu jamoa bosh murabbiyi Pavel Rodnyonokka murojaat qilishdi.
O‘rni kelganida eslatib o‘tamiz, Shahboz Umarov 2020 yilgi mavsumda “Energetik-BGU”ning haqiqiy etakchisi bo‘lgan. O‘sha mavsum barcha 30 ta o‘yinda qatnashgan hamyurtimiz to‘rtta grl va uchta assist qayd etdi.
Umarov keyingi mavsumni BATE safida boshladi va qisqa fursatda bu jamoaning ham etakchisiga aylandi. Statistik ko‘rsatkichlar ham ko‘tarildi. Borisovliklar safida barcha turnirlarda 33 ta uchrashuvda oltita gol va to‘qqizta assist.
Bu mavsum Shahboz Umarov uchun juda muhim bo‘lishi kutilgandi. Borisovliklarni uni kuchli ligaga transfer qilishni ko‘zlagandi. Biroq, yangi bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov mavsumoldi nazorat uchrashuvidagi mojaro tufayli legionerimizni ochiqchasiga “sindirish”ga harakat qilyapti.
Bilasiz, nazorat o‘yinida chiroyli o‘ynamoqchi bo‘lib to‘p yo‘qotgan Umarovni shu paytga qadar yoshlar bilan ishlab kelgan Aleksandr Mixaylov qo‘pol so‘zlar bilan so‘kadi. O‘ziga nisbatan hurmatsizlikni ko‘tara olmagan Shahboz maydon chiqib ketadi.
Keyinchalik o‘zbekistonlik futbolchi bosh murabbiydan uzr so‘radi. Lekin Mixaylov uni sun’iy tarzda o‘ynatmayapti. Garchi murabbiylar shtabi Shahbozning umumiy guruhda shug‘ullanishiga ruxsat bergan bo‘lsa-da, Mixaylov uni uchrashuv qaydnomasiga kiritmayapti.
Bu vaziyatdan faqatgina Mixaylov yutmoqda. U o‘zining qaysarligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shahboz o‘yin amaliyotisiz qoldi. Bu uning yoshidagi o‘yinchi uchun katta jazo. BATE klub g‘aznasiga mo‘may daromad tushiradigan o‘yinchisiz qolyapti.
Belaruslik jurnalistlar “Energetik-BGU” bosh murabbiyi Pavel Rodnyonokdan Umarovni qaytarish imkoniyati haqida so‘radi.
- Biz Umarovni qaytarish va uning moliyaviy talabini qondirish uchun ortiqcha pul zaxirasiga ega emasmiz. Agar uni ijaraga olsak ham, Shahboz BATEda olayotgan maoshini so‘raydi. Afsuski, biz katta xarajatlarga qodir emasmiz, - dedi Rodnyonok.
Ha, Belarus oliy ligasida Bobur Abduxoliqov, Abduqodir Husanov, Shohruh Abdurahmonov kabi o‘yinchilar porlayotganidan xursandmiz. Yaqinda ular safiga “Energetik-BGU” o‘rinbosarlar tarkibida o‘ynayotgan 22 yoshli Abbosbek Jumaqulov ham qo‘shiladi.
Lekin ayni ko‘tariladigan pallada qaydnomaga ham kiritilmayotgan Shahboz Umarovning kelajagi muxlislarni xavotirga solyapti. Chunki iste’dodli bu futbolchi aynan Belarus chempionatidagi o‘yinlari orqali O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv ola boshlagan edi.
“Roma”ga xushxabar!
“Roma”ning po‘stagini qoqamiz!
“Roma” hujumchisi: Ketishim kerak bo‘lgan vaqt kelganini bildim!
Shomurodov, endi senga yanada qiyin bo‘ladi!
Fikrlar