
Evropa Chempionlar ligasida qatnashadigan klub “Navbahor” ko‘zlagan legionerimizga shartnoma taklif qildi
2021 yil iste’dodli hujumchimiz Igor Sergeev uchun omadli keldi. O‘tgan yili “Paxtakor” tarkibida klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan va chempionlikni qo‘lga kiritgan hujumchi joriy yil boshida Qozog‘iston chempionatiga ko‘chib o‘tgan edi.
Yaxshi bilasiz, avvaliga Igor o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan va chempionlik uchun kurashishi kutilgan “Aktobe”ni tanladi. Ushbu jamoaning asosiy yulduzi sifatida eng katta maoshni olgan hujumchimiz shunga yarasha ko‘p gol ura boshladi. Aktobeliklar safida hamyurtimiz 18 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga ettita gol yozdirib qo‘ydi.
Biroq, jamoa rahbariyati almashgach, mavsumga qo‘yilgan rejalar, maqsadlar va hatto munosabatlar ham o‘zgarib ketdi.
Qozog‘iston premer-ligasining birinchi davrasidan keyin “Tobol” tarkibini kuchaytirish maqsadida Igor Sergeevni o‘z safiga qo‘shib oldi. Qolaversa, kustanayliklar UEFA Konferentsiyalar ligasida muvaffaqiyatli qatnashish uchun kuchli hujumchiga bo‘lgan ehtiyojni o‘zbekistonlik to‘purar orqali hal qilishni ko‘zlagandi. Sergeev ularning taklifini qabul qildi, Konferentsiyalar ligasi saralashida to‘rtta o‘yinda qatnashib, Xorvatiyaning “Xayduk” jamoasi darvozasiga ikkita to‘p kiritishga erishdi. Shu tariqa, UEFA miqyosidagi musobaqalarda gol urish bo‘yicha olis Evropada yurgan Eldor Shomurodov va Jasur Yaxshiboevni yolg‘izlatib qo‘ymadi.
Mohir hujumchimiz “Tobol” uchun premer-ligada ettita o‘yin o‘tkazdi. Kustanayliklar safida Igor to‘rt marta to‘p kiritdi. Hamyurtimiz “Tobol”ning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Jami 11 ta gol bilan chempionat to‘purarlari bahsida uchinchi o‘rinni egalladi.
Qozog‘istonning Meta-ratings.kz saytining xabar berishicha, “Tobol” rahbariyati hamkorlikni uzaytirish maqsadida o‘zbekistonlik hujumchiga yangi shartnoma taklif qilgan. Bu jamoa mamlakat chempioni sifatida kelasi masvum Evropa Chempionlar ligasining saralash bellashuvlarida qatnashishi inobatga olsak, Sergeevda ham Yaxshiboev singari futbol olamining eng nufuzli turnirida to‘p tepish imkoni bo‘ladi.
Mazkur sayt Igor Sergeev moddiy masalalar hal etilsa, “Tobol”da qolishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Shu o‘rinda, tajribali hujumchida O‘zbekiston Superligasiga qaytish varianti ham bor. Yaqinda, saytimiz orqali “Navbahor” chempionatimizning so‘nggi yillardagi eng zo‘r to‘purari bo‘lib kelayotgan Dragan Cheranni qo‘lga kirita olmasa, asosiy hujumchi sifatida Igor Sergeevni taklif qilishi haqida xabar bergan edik. Shu o‘rinda, namanganliklar bilan hamkorlik qilayotgan Samvel Babayan Igor Sergeevni “Navbahor”ga o‘tishga ko‘ndirishi mumkinligini ham inobatga olish kerak.
Igor Sergeev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2011 yildan “sherlar”ning asosiy tarkibida o‘ynagan. Mohir hujumchi faoliyati davomida 2016 yilda bir mavsum Xitoy chempionatida “Beytszin Goan” jamoasi sharafini himoya qilib 14 ta uchrashuvda bitta gol urgan. 2017-2018 yillarda Birlashgan Arab Amirliklarining ”Az-Zavra” klubida o‘nta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.
Igor Sergeev O‘zbekiston va Qozog‘iston chempioni, milliy chempionat to‘purari va mamlakatimiz kubogi sohibi hisoblanadi.
28 yoshli hujumchi 2013 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosidir. U shu paytga qadar bosh jamoa safida 59 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qilgan.
Aziz muxlislar, Igor Sergeev “Tobol”da qolgani ma’qulmi yoki “Navbahor”ga o‘tganimi?
Fikr-mulohazalaringizni izohlarda qoldiring!
Fikrlar