
Eslab, eslab! "JCh-2014" va "JCh-2018" saralashida Qatarga qarshi qanday natijalar qayd etganmiz?
"JCh-2026" saralashi Osiyo mintaqasi 5-turi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Qatar maydoniga safar qiladi.
Ayni vaqtda "A" guruhida forslar bilan bir xil ochko to‘plagan (10) va faqatgina to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda bo‘lib turgan O‘zbekiston terma jamoasi 4 ochko bilan 4-pog‘onada borayotgan Qatar bilan bahs olib boradi.
Ushbu o‘yin 14 noyabr kuni soat 21:15'da start oladi.
Ta’kidlash kerak, qatarliklar bizga JCh saralashlarida juda ko‘p to‘qnash kelgan va termamiz uchun qulay raqib hisoblanadi. Uzoq tarixga yuzlanmay, "JCh-2014" va "JCh-2018" saralashlarida Qatar bilan o‘tkazgan o‘yinlarimizni eslaymiz:
O‘zbekiston hamda Qatar "JCh-2018" saralashi doirasida bir guruhdan joy olgan va o‘zaro ikki bora to‘qnash kelgan. Qayd etish lozim, vakillarimiz Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati saralashi, Osiyo mintaqasi 3-bosqichida jami 13 ochko to‘plab, guruhda 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan. (Suriya bilan ochkolar teng, to‘plar nisbatida termamiz ortda qolgan) O‘sha 13 ochkoning deyarli yarmi (6) Qatarga qarshi o‘yinlarda qo‘lga kiritilgan. Dastlab, raqib maydoniga safar qilgan termamiz Egor Krimetsning bosh bilan urgan goli evaziga Qatarni 1:0 hisobida taslim etadi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan bahsda esa Odil Ahmedov tomonidan jarimadan kiritilgan gol O‘zbekistonga navbatdagi g‘alabani taqdim etadi.
2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati saralashi doirasida ham vakillarimiz joy olgan guruhda Qatar bor edi. Dastlab, Qatar maydonida Sanjar Tursunovning yagona goli evaziga zafar quchib qaytgan vakillarimiz o‘z maydonida o‘tgan bahsda raqibni 5:1 hisobida taslim etadi (Bahodir Nasimovdan dubl, Oleg Zoteev, Odil Ahmedov va Ulug‘bek Baqoev bittadan). O‘sha saralashdagi ajoyib ishtirokka qaramay, vakillarimiz o‘z guruhida 3-o‘rin bilan (keyinchalik o‘tish bahsida Iordaniyaga mag‘lubiyat) Braziliyaga bora olmaydi. Janubiy Koreya va Eron bahsida koreyslarning mag‘lubiyati sababli vakillarimiz Mundialsiz qoladi. Shuningdek, Qatarga yana 2 ta gol urganimizda Janubiy Koreyaning o‘rnida bo‘lardik. Afsuski, bu sodir bo‘lmagan. Biroq "JCh-2014" saralashida ham va "JCh-2018" saralashida ham Qatardan maksimal ochko olganmiz. Mazkur an’ana "JCh-2026" saralashida ham davom etishiga umid qilamiz.
Karim Xudayqulov
Fikrlar