Ertaga bayram bo‘ladi, ammo kimning ko‘chasida? Yoxud "Turon"ning taqdiri o‘z qo‘lida emas!

  • 20 noyabr, 2022, 19:02
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

21 noyabr kuni pro liga bahslari ham poyoniga etadi. Bu erda hammani qiziqtirayotgan birgina sabab qolgan. Bu ham bo‘lsa, “Andijon”dan keyin Superliganing ikkinchi yo‘llanmasi qaysi klubga nasib qilishi bilan bog‘liq. Yaxshi bilasiz, 2-o‘rin uchun kurash “Buxoro” bilan “Turon” jamoalari o‘rtasida kechmoqda. Oxirgi turga kelib “Buxoro”ning hisobida 49, “Turon”da 47 ochko bor. Ushbu klub uchun so‘nggi tur hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Tecno

28-turda kim kim bilan o‘ynaydi? “Turon” Yaypanda “Andijon”ni qabul qiladi. “Buxoro” Urganchda “Xorazm” bilan maydonga tushadi. Ikkala uchrashuv bir xil vaqtda – 15:00 da boshlanadi. Tabiiyki, uchrashuvdan so‘ng yo “Turon” yo “Buxoro” ko‘chasida bayram bo‘ladi. Imkoniyat har ikkisida ham bor. Biroq ochkolar hisobida olib qaraydigan bo‘lsak, baribir “Buxoro”da bu boradagi holat yaxshiroq. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, endi hammasi buxoroliklarning o‘z qo‘lida qolgan. Urganchda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, “Buxoro” ikkinchi yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. “Turon” yutgan taqdirida ham pley-offga qolib ketadi.

buxoro33_1

Yaypanliklar hali umidini uzishgani yo‘q. Ular “Andijon”ni yutish bilan birga boshqa tarafdan “Xorazm” jamoasiga ham muxlislik qilishlariga to‘g‘ri keladi. Endi vaziyatni boshqacha tasavvur qilib ko‘ramiz. Mabodo, “Buxoro” “Xorazm” bilan durang o‘ynab qo‘ysa va “Turon” uch ochkoni qo‘lga kiritsa ochkolar tenglashib qoladi. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi, degan savol bor. “Turon” bilan “Buxoro”ning o‘zaro uchrashuvlaridagi ustunlik buxoroliklar tomonida. Boisi ular ikki marta g‘alaba qozonishgan. “Turon” bitta o‘yinda yutgan va yana bir bor durang o‘ynalgan. Shunday ekan, ochkolar tenglashishi ham faqat “Buxoro”ning xizmatiga ta’sir qiladi. Qachonki, “Buxoro” yutqazib, “Turon” uch ochkoni qo‘lga kiritadigan bo‘lsagina ana shunday yaypanliklar o‘z maqsadiga erishadi.

Xullas, bu yog‘iga o‘ziga xos hisob-kitoblar avj olmoqda. Biz shunchaki qandaydir ehtimoliy natijalar haqida gapiryapmiz, jamoalarning imkoniyatlarini chamalagan holda. Lekin to‘p yumaloq, maydon tekis deganlaridek, 90 daqiqa ichida balki umuman kutmagan natijalar yuz berishi ham hech gap emas.

turon3_1

Hech kim pley-offga qolishni xohlamayapti. Baribir to‘g‘ridan-to‘g‘ri Superligaga chiqqan boshqachada. Pley-offdagi raqib “Lokomotiv”. “Temiryo‘lchilar” raqibini kutib o‘tiribdi. 3-o‘rin sohibi hali butkul Superligadan umidini uzdi, degani emas. Ko‘pchilik hozirdanoq “Turon”ni pley-offda “Lokomotiv”ga qarshi maydonga tushishi haqida taxmin qilishyapti.

Aslini olganda, “Turon” klubini bunday holatga tushib qolishiga o‘zi sababchi. Yodingizda bo‘lsa, bu jamoa allaqachon favoritlardan biri edi va ancha vaqtgacha peshqadamlikni o‘zida saqlab keldi. Biroq raqiblariga imkoniyatlarni boy berishi, qimmatli ochkolarni yo‘qotilishi evaziga “Turon”ning taqdiri endi o‘z qo‘lida emas.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!