Eng zo‘r jang san’ati ustalari qatnashgan chempionatning kutilgan va kutilmagan natijalari

  • 19 mart, 2020, 12:48
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • MMA
CHERY AUTO

  Toshkentda ilk bora MMA bo‘yicha havaskorlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati tashkil etildi. O‘ziga xos tarixiy chempionatda o‘smirlar va kattalar birinchi mamlakat chempionligi yo‘lida ajoyib janglar o‘tkazishdi.

Ayniqsa, kattalar o‘rtasidagi murosasiz bellashuvlar muxlis va mutaxassislarda iliq taassurot qoldirdi. Assotsiatsiya tomonidan tashkiliy masalalar ham yuqori darajada bo‘ldi. Ayniqsa, Rossiyadan tajribali hakamlar taklif etilishi ham tahsinga sazovor ishlardan biri edi.
Mazkur mamlakat birinchiligi shuni ko‘rsatdiki, yurtimizda bu sport turida ham iste’dodlar juda ko‘p va ular o‘z ustida ishlashda davom etsa, albatta, yaqin kelajakda MMA yo‘nalishida ham ulkan yutuqlarni qo‘lga kirita olamiz.

Kattalar o‘rtasidagi bahslarda Toshkent shahri vakillari etakchilik qilishdi va turnirning “Eng yaxshi jamoasi” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, Navoiy, Buxoro, Andijon, Xorazm, Toshkent viloyati vakillari turnirda yuqori o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.
O‘ylaymizki, navbatdagi musobaqalarda qolgan viloyat vakillari ham yuqori natijalar qayd etadi. Chunki bunga etarli shart-sharoitlar mavjud va har bir viloyatda MMA asosini tashkil qiluvchi yakkakurash turlari juda yaxshi rivojlangan.

Tecno

Bez nazvaniya (16)
 Shu o‘rinda, Toshkent shahri, Navoi, Buxoro, Andijon va Samarqand viloyati sportchilarining yaxshi natijalar qayd eta olganligini sababiga biroz to‘xtalib o‘tamiz. Albatta, bu shaxsiy qarashlarimiz xolos.

 Garchi, samarqandliklardan ikki nafari finalga chiqib, unda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, ularning salohiyati yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldik. Chunki bu viloyatda azaldan MMA yo‘nalishida ajoyib jangchilar kamol topgan. Misol uchun, ayni vaqtda O‘zbekiston professionallarining bosh murabbiyi Sunnat Ilyasov nafaqat Samarqand, balki butun O‘zbekiston MMAsining bayroqdori hisoblanadi. O‘z vaqtida pankrationda jahon chempionligini qo‘lga kirita olgandi. Mansur To‘g‘izboev ham ajoyib natijalar qayd etgan. Hozirda ko‘zga ko‘ringan referi hamda murabbiy sanaladi. Shuningdek, jahonda ikkinchi o‘rinda turuvchi” Bellator” bilan shartnomaga ega Zarruh Adashev ham ushbu viloyatda dastlabki MMA sir-asrorlarini o‘rgangan.

 Navoi viloyatida ham o‘ziga xos maktab shakllangan. Ushbu viloyat vakili – marhum Shavkat O‘raqovni butun MDH mamlakatlarida yaxshi tanishar edi. U aralash jang san’atlari turnirlarida munosib ishtirok etgan. Bir vaqtlar “Bellator”da o‘z janglarini o‘tkazadigan ushbu promoushenning sobiq chempioni rossiyalik Aleksandr Shlemenko bilan dahshatli jang o‘tkazgan edi. O‘shanda Sasha qiyin g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, yurtdoshimizga tan berib, uni “Dovul” deb atagan edi. Qolaversa, UFC vakili ukrainalik Aleksey Oleynik bilan ham oktagonda to‘qnash kelgandi. Bir so‘z bilan aytganda, juda yaxshi atlet bo‘lgan. Aynan u boshlagan estafetani hozirda ushbu viloyat vakili Amin Ergashev munosib davom ettirmoqda.

Bez nazvaniya (17)

 Buxoro viloyatida ushbu sport yo‘nalishini rivojlanishi, ommaviyligi va ajoyib sportchilar etishib chiqishida Muzaffar Rajabovning o‘rni beqiyosdir. U 40 yoshga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, hamon yuqori formasini saqlab qolgan va yaxshi natijalar qayd etishda davom etmoqda. O‘zining “Amir Temur” sport klubida ko‘plab yoshlarga saboq berib, ularni etuk darajaga chiqishida o‘z mehnatini ayamay kelmoqda.
UFC dagi birinchi yurtdoshimiz Mahmud Murodov ham ushbu viloyat o‘g‘loni hisoblanadi. O‘z-o‘zidan ayonki, u ham dastlabki jangovor saboqlarni obidalar shahrida olgan.

 Andijon viloyatida ham ushbu sport turiga qiziqish yuqori. Bu erda MMAni rivojlanishida sambo murabbiyi Jahongir Qoraboevning xizmati bor. Shuningdek, o‘z vaqtida professional boksda ham faoliyat yuritgan, keyinchalik aralash jang san’atlari bo‘yicha turnirlardagi ishtiroki bilan tanilgan murabbiy Farrux Madaminov va Nurillo Mirzaev ham yoshlar bilan yaxshi ish olib bormoqda. Shuningdek, Nursulton Ro‘ziboevning ajoyib janglari ham andijonlik yoshlarning ushbu sportga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda. Uning ortidan Ahliddin Mirzadavlatov, Avliyoxon Hamidov kabi iste’dodlar ham ajoyib natijalar qayd etmoqda. Shubhasiz, bu jangchilarimizning natijalari yosh sportchilarga o‘ziga xos motivatsiya bermoqda.

 Toshkent shahrida ham ko‘plab o‘zbek MMAsida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan sportchilar etishib chiqqan. Ayniqsa, og‘ir vazn toifasida juda kuchli jangchilarimiz poytaxtimizda tarbiya topishgan. Murod Xonto‘raev, Azamat Bahodurzoda, Aleksandr Stolyarovlar shular jumlasidandir. Ayni kunda esa juda ko‘plab ajoyib jangchilar bor. Shuningdek, bir qator tajribali murabbiylar faoliyat yuritmoqda.

Poytaxtimizda nafaqat erkaklar balki ayollar borasida ham ushbu sportning rivoji tahsinga sazovordir. Bir necha yillar avval pankration va prayd promoushenlarida ajoyib janglar o‘tkazib, chempionlik maqomiga ko‘tarila olgan Gulbahor Amantaevaning yo‘lini bir qator qizlarimiz davom ettirishmoqda. Ular orasida GFC chempioni Lilya Shakirovani alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardik.
Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent tez orada nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning MMA bo‘yicha markaziga aylanadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bez nazvaniya (19)

 Ushbu turnirda namanganlik sportchilarning ham yaxshi natijalar qayd etishini kutgandik. Chunki bu viloyatda o‘zbek MMAsining yorqin namoyandalaridan biri Ayubxon Kamolov ta’siri bor edi. Qolaversa, professional yakkakurashlarning boshqa turlarida ajoyib natijalar qayd etayotgan sportchilar ham juda ko‘pchilikni tashkil qilardi. Lekin, finalda bu viloyat vakillarini uchratmadik. Shunday bo‘lsa-da, navbatdagi turnirlarda namanganlik sportchilarning ham muvaffaqiyat qozonishiga ishonamiz. Chunki Namangan ham bu borada o‘z maktabiga ega deb bemalol ayta olamiz.

 Xullas, birinchi bor o‘tkazilgan ushbu chempionat barcha jihatdan iliq taasurot qoldirdi. O‘ylaymizki, yaqin yillar mobaynida yurtimizdan bo‘lajak UFC, Bellator, ONE Championship g‘oliblari etishib chiqishiga ishonchimiz komil.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!