
Eng kuchli stol tennischilarimiz aniqlandi
Namangan shahridagi "Pahlavon" sport saroyida stol tennisi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakatimiz stol tennisi federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan chempionatda yurtimizning turli hududidan kelgan yuzdan ziyod tennischilar ishtirok etdi.
Musobaqaning yakkalik bahslarida Zohid Kenjaev va Rima Gufranova barcha raqiblarini engib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Juftliklar o‘rtasida I.Sultonov va A.Nosirxo‘jaev tandemi o‘g‘il bolalar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, R.Gufranova hamda R.Xo‘jaeva dueti mamlakat chempioniga aylandi. Aralash juftlik bellashuvlarida Z.Kenjaev va K.Xoliqova shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Shuningdek, chempionat doirasida O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi tomonidan murabbiylar kengashi yig‘ildi.
Unda, joriy yilgi sport mavsumida erishilgan yutuq va kamchiliklar, murabbiylarning samaradorligi atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, kelasi yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma kiritish uchun terma jamoa a’zolarining mahoratini oshirish bo‘yicha murabbiylarga alohida ko‘rsatmalar berildi.
Fikrlar