
"Doim futbol o‘ynab yurganlar futbolsiz yashashi qiyin, ko‘zlab qo‘ygan futbolchilarimiz bor" - Vadim Abramov
Pro ligada muvaffaqiyatli qatnashib yana Superligaga qaytgan Samarqandning “Dinamo” jamoasi allaqachon yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejalarini ishlab chiqqan.
Jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov Sports.uz saytiga bergan intervyusida bir qator masalalarga oydinlik kiritdi.
- Vadim Karlenovich, “Dinamo”ning yangi mavsumga tayyorgarligi qanday bo‘ladi?
- Albatta, bizni bu borada o‘z oldimizga qo‘ygan rejalarimiz bor. Oktyabr oyida mavsum tugagan. Noyabr oyida dam oldik. Shu sababli dekabrda yig‘inni boshlaymiz. Futbolchilarni tezroq avvalgi jismoniy holatiga qaytishlari uchun dekabrdan mashg‘ulotlarga kirishamiz. Doim futbol o‘ynab yurganlar futbolsiz yashashi qiyin. Futboldan tashqarida yurish og‘ir bo‘ladi. Shuning uchun ham ertaroq tayyorgarlikni boshlaymiz. 4 dekabrda Samarqandda yig‘ilamiz va 28 dekabrga qadar tayyorgarlik jarayonlarini olib boramiz. Jismoniy va taktik ustida ishlaymiz. Yangi o‘yinchilarning faoliyatini o‘rganib chiqamiz. Yangi yil bayramidan so‘ng Toshkentda ikki haftalik yig‘inga kirishamiz. Shuningdek, ikkita xorij yig‘inini ham o‘tkazish rejamizda bor. Yangi mavsumga shunday tarzda tayyorlanib, kirib bormoqchimiz.
- Eshitishimcha, “Dinamo” BAA va Turkiyada yig‘in o‘tkazar ekan, shu to‘g‘rimi?
- Ha, biz 17-sanada xorijga chiqishni rejalashtirganmiz. Aynan BAAda 20 kun davomida yig‘in o‘tkazmoqchimiz.
- Keyin Turkiyada ketasizlarmi yoki faqat BAAda shug‘ullanasizlar xolosmi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi. U erda qanday raqiblar bilan o‘ynashimizga ham ko‘p narsa bog‘liq. BAAda kuchli raqiblar bo‘ladi va ular bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazish bizga faqatgina foyda keltiradi.
- Qaysi futbolchilar bilan hamkorlik to‘xtatilyapti va kimlarni taklif qilmoqdasiz?
- Bir qator o‘yinchilarga tarkibimizga qo‘shilish imkoniyatini bermoqchimiz. Shunga qarab keyin biror-bir xulosaga kelamiz. Dastlabki yig‘inlarimizda tarkibimizdagi barcha yigitlarga imkoniyat bermoqchimiz. Kim safimizda qolib o‘ynashni xohlasa hamda biz qo‘yadigan talablarga javob bersa, albatta ular klubda qolishlari mumkin. Yana ayrimlariga javob berganmiz, ular ketishdi. Albatta, saqlab qolgan futbolchilar ham bor. Yaponiyalik legionerni qo‘yib yubordik. Uni shartnomasi tugagandi. Qolganlar biz bilan. Yana bir qator o‘ylab turgan rejalarimiz yo‘q emas. Boisi, hali Superligada chempionat tugamadi. Ko‘zlab qo‘ygan futbolchilarimiz bor. Lekin ular Superligada o‘z klublari safida to‘p surishyapti. Mavsum tugagach, ular bilan kelishib olishimiz mumkin bo‘ladi. Lekin ularning iltimosiga ko‘ra, nomlarini hozircha ayta olmayman.
- Tarkibda necha foizga o‘zgarish bo‘ladi?
- O‘z tarkibimizni 70 foizga saqlab qoladiganga o‘xshayapmiz. Bizga kerakli futbolchilarni olib qolamiz.
- Jamoada yana yangi legionerlar paydo bo‘ladimi?
- Albatta, bizda 5+1 limitiku. Jamoamizda 4 ta xorijlik futbolchilar bor. Yana 2 ta bo‘sh joyimiz bor.
- Muzokaralar olib borilyaptimi?
- Ha, hozircha hammasi yaxshi ketyapti.
- 5 dekabr kuni Superliga uchun pley-offda “Qo‘qon-1912” va “Qizilqum” o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tadi. Sizningcha, kimda imkoniyat ko‘proq?
- Nima deyishim mumkin? Ikki jamoada ham imkoniyat 50x50. Bu bitta o‘yindan iborat. Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Nisbatan qo‘qonliklarga ozgina qiyinroq bo‘lsa kerak. Chunki ular unchalik ko‘p o‘ynashmayapti. Pro liga tugaganiga ancha bo‘ldi va o‘rtada tanaffus bo‘lib qolgan. Masalan, chempionat tugab qancha vaqtdan beri o‘ynamayotganimizni esla olmay ham qoldim. Jamoani keyingi uchrashuvgacha tayyorlash, jismoniy holatini saqlash, ancha mushkul ish. Uchrashuv oldidan biror fikr aytishim qiyinroq. “Qizilqum” hozirda o‘yin amaliyotiga ega jamoa deb o‘ylayman.
- “Dinamo” safida bu yil qaysi gol chiroyli, sizningcha?
- Kubok yarim finalida “Nasaf” darvozasiga urilgan golni aytgan bo‘lardim. Bu chiroyli gol edi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar