Dilshod Jo‘raev: "Unchalik shoshmay turibman"

  • 3 yanvar, 2024, 00:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” uchun 2023  yil omadsiz o‘tdi va Superligani tark etdi. Shu bois shartnomasi tugagan aksar futbolchilar klub bilan xayrlashishmoqda. Ularning orasida jamoa sardori sifatida to‘p surgan Dilshod Jo‘raev ham bor. Quyida ushbu o‘yinchi bilan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

Tecno

- O‘tgan mavsumni “Buxoro”da o‘tkazdingiz. Afsuski, jamoa Superligani tark etdi. Klubning muvaffaqiyatsizligi haqida nima degan bo‘lardingiz?

- Hammani yangi 2024 yil bilan tabriklayman. Yangi yil barchaga omadli bo‘lsin. “Buxoro”ga kelsak, jamoa uchun mavsum juda og‘ir o‘tdi. Past-balandliklar va xatolar ko‘p bo‘ldi. Shu narsalar oxiri o‘z so‘zini aytdi. Har bir klubga vaqt kerak. Birdaniga biror nimaga erishib bo‘lmaydi. Boshida yomon boshlamagandik. Lekin dastlabki 3 ta turdan keyin bosh murabbiyni ishdan bo‘shatishdi va o‘rniga boshqasi keldi. “Buxoro”da struktura noto‘g‘ri bo‘ldi.

juraev

- Faoliyatingizda adashmasam, hali siz o‘ynagan klub bilan ligani tark etmagandingiz...

- Bunday bo‘lishini o‘ylamagandim. Har safargidek yaxshi niyat bilan kelgandim. Bu men uchun katta maktab bo‘ldi. Shu narsa hali hayotimda asqotadi. 2023 yil men uchun tajriba bo‘ldi. Ayniqsa, keyinchalik murabbiy sifatida ishlaydigan bo‘lsam ham bu narsalar menga ancha yordam beradi.

- “Buxoro” bilan shartnomangiz tugadi va klubdan ketdingiz. 2024 yilni Dilshod Jo‘raev qaysi jamoada davom ettiradi, degan savol bor. Bunga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

- “Buxoro” jamoasiga, rahbariyat, murabbiylar va muxlislarga minnatdorligimni bildirmoqchiman. “Buxoro”ning ishqibozlari juda ajoyib. Ular yaxshi jamoa shakllanishiga munosib. Damda edik, endi yugurishni boshladik. Bizda transfer oynasi fevral oyi oxirlarida yopilishi hisobiga unchalik shoshmay turibman. Ayrim klublardan taklif bo‘lib turibdi. Rosti, xorijda to‘p surishim ham mumkin. Rossiya birinchi divizioni yoki Turkiya chempionatiga yo‘l olishim hech gap emas. O‘zimga tajriba bo‘lishi uchun ham shunday holat bo‘lishi mumkin. Bu borada agentlar ish olib borishyapti. Rizqimiz qaerda bo‘lsa, o‘sha erda bo‘lamiz.

juraev1_2

- “Buxoro”dagi muvaffaqiyatsizlik sizga ta’sir o‘tkazmadimi?

- “Buxoro” futbolchilari uchun mavsum og‘ir o‘tdi. Yutqazaverganingizdan keyin baribir kayfiyat tushadi. Lekin biz jamoadoshlarimiz bilan maydonga tushib faqat g‘alabalar uchun o‘ynadik. Aytganimdek, struktura noto‘g‘ri bo‘ldi. Jamoani mavsumga boshqa murabbiy tayyorlagandi. Chempionat boshlangach, ko‘p o‘tmay, bosh murabbiy o‘zgardi. Taktika va murabbiylar o‘rtasidagi farq er bilan osmoncha. Shuni hisobiga futbolchilarga ham moslashish qiyin kechdi.

- “Buxoro”ni muvaffaqiyatsiz ishtirokida hakamlarni ham ta’siri bormi?

- Inson borki xato qiladi. Ayblash oson. Inson avvalo xatoni o‘zidan qidirishi kerak. Beayb Parvardigor! Har bir inson xato qilishi mumkin. “Buxoro” jamoasini bunday ahvolga tushishiga ko‘plab sabablar bor. Hamma narsa mukammal qilinsa, har bir qiyinchilikni engib o‘tsa bo‘ladi.

juraev3

- Klub futbolchilar bilan to‘liq hisob-kitob qildimi?

- 90 foizga hisob-kitob qilishgan. Bitta oylik qolgan, uni ham shu kunlarda berishsa kerak.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!