Derdiyok, OChL, yillik byudjet va boshqalar... Yoxud "Paxtakor" sport direktori Ja’far Irismetovning muhim masalalarga munosabati

  • 25 yanvar, 2020, 09:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekistonning har tomonlama birinchi raqamli jamoasi – «Paxtakor» hozirda BAAda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib boryapti. O‘tgan yili chempionatimizdagi barcha musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan klub bu yil yana o‘sha muvaffaqiyatlarini takrorlay oladimi? Shuningdek, tarkib yanada kuchaytirilayotgani ham e’tiborga molik. Hammasini inobatga olgan holda klubda ko‘p ishlarni bajarayotgan sport direktori Ja’far Irismetov bilan o‘zimizni qiziqtirgan qator masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashdik.

Tecno

«Butun e’tiborni OChLga qaratib, ichki chempionatni unutib qo‘yish ham noto‘g‘ri»

O‘tgan yili O‘zbekistondagi barcha musobaqalarda g‘olib bo‘lgan «Paxtakor»ning yangi mavsumdagi asosiy maqsadi Osiyo Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritish ekanligi haqida eshitmoqdamiz. Ya’ni, barcha sa’y-harakatlar faqat OChLni yutishga qaratilganmi? Sport direktori Ja’far Irismetov dastlab ushbu masala bo‘yicha gapirdi.

- «Paxtakor» hozirgi paytda Abu Dabi shahrida yangi mavsumga tayyorgarlikni olib bormoqda. O‘tgan yili o‘z o‘yinlari bilan barcha muxlislarni xursand qila oldi va O‘zbekistonda tengi yo‘q jamoaga aylandi. Bu bilan yangi mavsumda faqat Osiyo Chempionlar ligasiga butun e’tiborini qaratib, ichki chempionat yoki Kubok bahslarini unutib qo‘yadi deyish ham noto‘g‘ri. Biz birgina OChLni o‘ylab tayyorgarlik ko‘rmayapmiz. Hammasini parallel ravishda, butun mavsum uchun munosib ishtirok etishni ko‘zlab yig‘inlar olib boryapmiz. Albatta, biz Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishni juda-juda xohlaymiz. Ammo shuni ham aytib o‘tishim kerakki, bizning guruhimiz mutlaqo oson emas. Masalan, o‘tgan yili Osiyo Chempionlar ligasini yutgan jamoa bilan bitta guruhga tushib qoldik. Kuni kecha Dubay shahrida yana bir bo‘lajak raqibimiz – «Al Shabab»ning ham o‘yinini ko‘rdik. Ko‘rinib turibdiki, ular ham kuchli raqib ekan. Hozirgi paytda «Al Shabab» BAA chempionatida birinchi o‘rinda. Shu sababli guruhdagi kurashlar juda qiyin bo‘ladi. Biz esa avvalo bu guruhdan chiqib olishni maqsad qilib qo‘yganmiz. U yog‘ini esa vaqt ko‘rsatadi. Asta-sekin o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishib boryapmiz. Jamoamizni yanada kuchaytirish maqsadida shveytsariyalik hujumchi Eren Derdiyok bilan ikki yillik shartnoma tuzdik. Uning «Paxtakor»ga qanchalik qo‘shilib keta olishini vaqt ko‘rsatadi. O‘z paytida nomdor bo‘lgan hujumchini tarkibimizga qo‘shib oldik. Agar ulgura olsak, yana bir-ikkita legionerlarni qo‘shib olishga harakat qilamiz. Mabodo, bunga ulgurmagan taqdirimizda ham jamoamizni yaxshi shakllangan deb bemalol ayta olaman.

irismetov

«Derdiyok bilan muzokara qiyin kechdi»

Evropada o‘ynagan va o‘ziga yarasha nomga ega bo‘lgan tajribali hujumchining O‘zbekiston chempionatiga olib kelinishi o‘ziga yarasha muhim voqelik sanaladi. Lekin «Paxtakor» bunday o‘yinchini qo‘lga kiritishi oson kechmagan bo‘lsa kerak.Quyida mutaxassis shu haqida to‘xtaladi.

- To‘g‘ri, bunday saviyadagi hamma o‘yinchilar ham O‘zbekiston chempionatiga kelaverishmaydi. Shunday ekan, bu kabi yuqori darajadagi futbolchilar bilan shartnoma imzolash juda qiyin. Biz uni qo‘lga kiritish uchun ikki oy davomida  muzokaralar olib bordik. Albatta, barchasi bosh murabbiyning xohishi bilan amalga oshadi. Arveladze esa Eren bilan Turkiyaning «Kasimpasa» klubida birga ishlagan. To‘g‘risi, Derdiyok bilan muzokaralar juda qiyin kechdi desak ham bo‘ladi. Faqat oxirgi kunlarga kelibgina u roziligini berdi va agenti hamrohligida kelib biz bilan shartnoma imzoladi. Endi uning maoshiga keladigan bo‘lsak, bu borada biroz ko‘paytirib yozib yuborishgan. «Paxtakor» OAVda yozilganidek maoshni Derdiyokka bermaydi. Shveytsariyalik hujumchi mashg‘ulotlarimizda qatnashishni boshladi. Abu Dabida o‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘tkazishni mo‘ljallaganmiz. Mazkur bahslar orqali Derdiyokni ham ko‘rib olamiz. Albatta, biz uni yaxshi bilamiz, ammo amalda ham ko‘rib olamiz. Chunki yangi futbolchining jamoaga qo‘shilib ketish jarayoni ham bor. Biz bu futbolchini yaxshi niyat bilan olganmiz.

«Adebayorga qiziqqanimiz rost, ammo Gomes bilan Obi Mikelga emas»

Eren Derdiyok qo‘lga kiritilguniga qadar «Paxtakor» yana boshqa taniqli legionerlarga ham qiziqayotgani haqida eshitgandik. Mario Gomes, Emmanuel Adebayor, Obi Mikel…Xo‘sh, aslida bular qanchalik haqiqatga mos edi?

- «Paxtakor»ning Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tarkibga kuchli legionerni qo‘shib olishi haqida ko‘p yozishdi, - deya fikrini davom ettirdi, Irismetov. - Lekin bu borada aytilgan ko‘p gaplar noto‘g‘ri bo‘lgan. Mario Gomes, Obi Mikel singari futbolchilarga «Paxtakor» qiziqish bildirmagan. Masalan, Gomes hozir qaysidir klubda 3,5 million evro maosh olyapti. Shunday ekan, katta maosh oladigan o‘yinchiga biz qanday qilib qiziqish bildirishimiz mumkin? Evropadan, masalan Germaniyaning ikkinchi bundesligasidan ham biror-bir futbolchining bizning chempionatga kelishi juda qiyin masala. Emmanuel Adebayorga to‘xtaladigan bo‘lsak, rostdan ham bu futbolchiga qiziqish bildirgandik. Biroq u bilan olib borilgan muzokaralar jarayonida kelishuvga erisha olmadik. O‘sha paytda parallel ravishda Derdiyok bilan gaplashib kelayotgandik. Keyinchalik Eren bizga rozilik berganidan keyin u bilan shartnoma imzoladik.

irismetov3

«Iroqlik hujumchini ham kuzatgandik»

Shuningdek, klub iroqlik futbolchini ham kuzatayotgani haqida eshitgandik. Aniqrog‘i, Ali Adnan nomzodi ko‘rib chiqilayotgani quloqqa chalingandi. Ja’far Tursunboevich esa aslida boshqa iroqlik kuzatilganini aytdi.

- Iroqqa borgan paytimizda biz bir futbolchini kuzatish uchun borgandik, ammo u Ali Adnan emasdi. Balki hujum chizig‘ida to‘p suradigan Ali Abbosni kuzatgandik. Iroq terma jamoasida to‘p  surgan ushbu futbolchiga qiziqqandik. Ammo uni qo‘lga kirita olmadik. Ali Abbos adashmasam Quvayt jamoasi bilan shartnoma tuzdi. Ali Adnan masalasini esa ko‘rib chiqyapmiz.

«Masharipovga arab va koreys klublaridan takliflar ko‘p bo‘ldi»

«Paxtakor»ning chinakam etakchisiga aylangan Jaloliddin Masharipov keyingi faoliyatini Evropada davom ettirish istagida ekani haqida bir necha bor aytgandi. Ammo u yangi mavsumda ham «Paxtakor» sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Ammo unga takliflar ko‘p, masalan Xavi unga qo‘ng‘iroq qilib «Al Sadd»ga chorlaganmidi? Sport direktori shunday dedi:

- To‘g‘ri, o‘tgan mavsumda Masharipov juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. O‘ylashimcha, u faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi. Tabiiyki, Jaloliddinga qiziqish bildirayotgan klublar ko‘p. Lekin Masharipov masalasida «Al Sadd» klubidan bizga hech kim murojaat qilgani yo‘q. Lekin unga arab va koreys klublaridan takliflar ko‘p bo‘ldi. Shunga qaramasdan u bilan o‘rtamizda yana ikki yillik shartnomamiz bor. Uning o‘zi ham «Paxtakor»ni juda yaxshi ko‘radi. Albatta, biz unga barcha shart-sharoitlarini yaratib beramiz. Boya o‘zingiz aytib o‘tganingizdek, Osiyo Chempionlar ligasida muvaffaqiyatli qatnashishni maqsad qilganmiz. Bu borada esa etakchilarimiz o‘zimizga ham kerak.

irismetov2

«Cheran klub byudjeti haqida taxminan gapirgan»

Yaqinda Dragan Cheran serbiyalik jurnalistlarga katta intervyu berdi. Suhbat davomida futbolchi ko‘p narsalar haqida gapirgan. Unda aytishilicha, «Paxtakor»ning yillik byudjeti 20 million evroni tashkil qilar ekan. Bu rostmi? Ushbu masala bo‘yicha ham klub sport direktoriga yuzlandik.

- Dragan Cheranning bildirgan fikrlariga keladigan bo‘lsak, u bir necha yildan beri O‘zbekiston chempionatida o‘ynab kelyapti. O‘z intervyusida O‘zbekiston va «Paxtakor» haqida ko‘p gapirgan. Uni «Nasaf»da ham ajoyib o‘ynaganini yaxshi bilamiz. Chempionatimizda oxirgi 3-4 yilda legionerlar orasida eng kuchlisi bo‘lib kelmoqda. Intervyusida esa u yillik byudjet haqida faqat taxmin qilgan xolos. Bizning futbolchilarga yaratib berayotgan sharoitlarimizdan kelib chiqqan holda taxminan aytgan bo‘lishi mumkin. Buni o‘zinglar ham bilsalaring kerak, «Paxtakor» o‘yinchilar uchun hamma sharoitni yaratib beryapti. Bu borada klub prezidenti Bobur Shodievga minnatdorchilik bildiramiz. Biz Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasida ko‘p o‘ynaymiz. Shunday mamlakatlarga borishimizga to‘g‘ri keladiki, u erga Dubay, Istanbul yoki boshqa shahar orqali etib borish mumkin. Klub prezidenti esa jamoa ortiqcha qiynalmasligi uchun charter reyslarni tashkil qilib beradi. Umuman olganda, o‘ziga yarasha harajatlar bor. Mana shunday omillarni ham hisobga olib Dragan byudjet borasida o‘z fikrini aytgan bo‘lishi mumkin, faqat buni taxmin qilgan. Vaholanki, uning ishi faqat futbol o‘ynash. Shunchaki, jurnalist tomonidan unga shunday savol berilgani uchun Cheran ehtimol shunday javob bergandir. Albatta, klubning byudjeti jurnalist yoki muxlislarga qiziq tuyulishi mumkin. «Al Sadd» tarkibida Xavi o‘ynaganida katta maosh olardi. Masalan, uning oylik maoshi bizning byudjetimizning yarmiga teng kelardi. Chempionlar ligasida o‘ynaydigan jamoa nafaqat tarkibini yaxshi o‘yinchilar bilan to‘ldirishi kerak, balki ularga eng yaxshi sharoitlarni ham yarata olishi muhim. Shunda yaxshi natijalarga erishish imkoniyati ham oshadi. «Paxtakor»ning byudjetini esa o‘zimizga qoldirganinglar yaxshi, chunki bu klubning shaxsiy ishi.

«Hamma turnirni yutgan murabbiy bilan kelishish qiyin bo‘lmadi»

«Paxtakor» bilan o‘tgan mavsum barcha turnirlarni yutgan bosh murabbiy Shota Arveladze bilan muzoka qiyin kechmadimi va qancha muddatga shartnoma imzolangani haqida ham sport direktori o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

-  Shota Arveladze bungacha ikki yarim yil davomida jamoani shakllantirib bordi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, 2019 yilda jamoamizda legionerlar kamroq bo‘ldi. Dragan Cheran katta yordam berdi. Marko Simich ham bor edi-yu, ammo u ko‘pincha zaxirada qoldi. Maqsadimiz esa ko‘proq o‘zimizning mahalliy futbolchilarga e’tibor qaratish edi va shu yo‘ldan ketdik. 2019 yilda ish jadvalimiz juda tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan yoshlarimizni ham jalb qilib o‘ynatdik. Klubda ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olganimiz uchun o‘tgan yili O‘zbekistondagi barcha turnirlarda g‘olib chiqdik. Bundan keyin ham mahalliy futbolchilarimizga tayanib ish olib bormoqchimiz. Agar yoshlarimizning saviyalarini ko‘tara olsak, bu terma jamoalarimiz uchun ham juda qo‘l keladi. Ko‘rayotgan bo‘lsangiz, bu yil ham tarkibimizda legionerlarni ko‘paytirib yubormayapmiz. Faqat O‘zbekistonda zo‘r hujumchini topish qiyin. Bu borada Igor Sergeev, Temurxo‘ja Abduholiqov kabilarni aytish mumkin. Lekin xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatib gollar uradigan hujumchilarimiz kam. Albatta, bizdagi hujumchilar ham yaxshi saviyada bo‘lishlarini xohlardim. Ammo bu chiziqqa chetdan legioner hujumchilarni olishga majburmiz. Endi Arveladze bilan shartnomani uzaytirish masalasiga kelsak, muzokaralarimiz qiyin kechgani yo‘q. Hamma turnirni yutgan murabbiy bilan shartnoma tuzish qiyinchilik tug‘dirmaydi deb o‘ylayman. Ikkala tomonning kelishuviga ko‘ra yana bir yillik shartnoma tuzganmiz. Keyinchalik ham Shota Arveladze bilan hamkorlik qilish niyatimiz bor. Negaki, bizning ko‘p yillik rivojlanish dasturimiz bor. Kelajakda mahalliy yoshlarimizni ham yuqori darajaga olib chiqamiz deb umid qilaman. Akademiyamizda ham katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor kuchayib boryapti. Shu boisdan Shota bilan uzoq yillar davomida birgalikda ishlamoqchimiz. Bizda ko‘plab yaxshi g‘oya va idealarimiz bor.

irismetov6

«O‘yinchilarni ijaraga berib pul ishlashni o‘ylayotganimiz yo‘q, asl maqsad boshqa»

«Paxtakor» ko‘plab tarbiyalanuvchilarini boshqa klublarga ijaraga berishni odat qilgan va yana bu hol davom etadimi? Umuman, bu yo‘nalish qanday samara bermoqda? Mazkur masala bo‘yicha Irismetov yoshlarning o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgani o‘zini oqlayotganini aytdi.

- «Paxtakor» bu borada doim yaxshi ishlab kelyapti. Bunday masalalar bilan aynan o‘zim shug‘ullanaman. Ayniqsa, Arveladze bilan maslahatlashib bunday ishlarni amalga oshiramiz. O‘sib kelayotgan yoshlarimizni o‘yin amaliyotisiz qolib ketmasligi uchun ularni boshqa klublarga ijaraga beramiz. Chunki o‘ynab toblanishi kerak bo‘lgan yoshlarimiz ko‘p. Shu boisdan bir talay o‘yinchilarimizni ijaraga berdik va bu o‘z samarasini berdi deb o‘ylayman. Masalan, Asad Sobirjonov chempionatning kashfiyotlaridan biri bo‘ldi. Yoki Jasur Yaxshiboevni ham aytishim mumkin. Tayyor bo‘lib qolgan o‘yinchilarni bir yil davomida zaxirada ushlab turish nafaqat klubimiz uchun, balki terma jamoalarimiz uchun ham noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Kelishilgan holda ularni ijaraga berib o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlarini ta’minladik. Biz yoshlarni ijaraga berib moliyaviy ta’minotni maqsad qilayotganimiz yo‘q. Hatto, shunday yo‘l tutamizki, o‘yinchilarimizni ijaraga berayotganimizda shartnoma bandiga agar futbolchi doimiy ravishda o‘ynasa kelishilgan ijara pulining 50 foizidan voz kechamiz. Biz futbolchilarimizni boshqa klublarga shunday asosda beramiz. Yana qaytaraman, o‘yinchilarimizni ijaraga berganda ulardan pul ishlash bizning asosiy maqsadimiz emas. Biz uchun muhimi o‘sha futbolchimizga o‘yin amaliyoti bo‘lsa bo‘ldi. Hozirgi kunda ham akademiyamizda yana ko‘plab iqtidorli yoshlarimiz bor va bu yil ham ushbu yo‘nalishda davom etamiz.

Albatta, yana o‘zgarishlar bo‘ladi. Chunki jamoamiz o‘sishda davom etyapti. Bu yo‘nalishda qo‘ldan kelganicha harakat qilyapmiz. Jamoamizni tark etganlarga kelsak, o‘tgan yili «Surxon»da ijarada to‘p surgan Husniddin G‘ofurov bilan tuzilgan shartnoma tugagan. Yana bir Husniddin G‘ofurovni ham jamoamiz bilan yana bir yillik shartnomamiz bor. Hozirda «Paxtakor» bilan birga emas. Unga yaxshi klubdan taklif bo‘lsa, kelishgan holda shartnoma tuzishini istayapmiz. Menimcha, uni ham bir yilga ijaraga bersak kerak. Umuman olganda, katta yo‘qotishlarimiz yo‘q. Boya aytganimdek, yoshlarimizni ijara asosida boshqa klublarga beramiz. Bahrom Abdurahimov hozircha jamoamiz bilan birga va uni Osiyo Chempionlar ligasi uchun «zayavka»dan o‘tkazganmiz. O‘ylashimcha, u katta ehtimol bilan «Paxtakor»da qoladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Абдусамат Жураев
25/01/2020 12:52
ЯХШИ ИНТЕРВЮ ХАВАС КИЛДИК БИЗНИ ЖАМОА ХАМ ШУ ДАРАЖАГА ВАКТИ КЕЛИБ ЧИКАДИ ХУДО ХОХЛАСА
&
Фк сурхон
25/01/2020 12:51
Стадиён қурулиши нима бӯбти шу хақда савол бермапсилар