
Davron Fayziev: "Yonimda zaxira hakami bosh hakamga "zamena" deb aytyapti, ammo..."
“Nasaf” – “Qo‘qon-1912” (2:1) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Davron Fayziev matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yin muxlislarbop qiziqarli bo‘ldi. Ikkita jamoa ham g‘alaba uchun harakat qildi. Balki ko‘pchilik bugun Qo‘qon jamoasi himoyaga yotib oladi yoki himoyadan o‘ynaydi deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Ammo biz bu uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Ayniqsa, o‘yinning oxirgi daqiqalari juda qiziqarli bo‘ldi. Goh u jamoa, goh bizning jamoa hujumlar tashkil etdik. Xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarishga harakat qilamiz. Qatorasiga 7 bor durang o‘ynadik. Bugun ham durangga yaqin turgandik. G‘alabaga ham yaqin kelgandik. Bu futbol. Unda kimdir xato qiladi, kimdir foydalanib ketadi. Afsuski, bu hozircha bizning jamoa foydasiga bo‘lmayapti. Achinarli holat shu deb o‘ylayman. Yigitlarga bugun jangovar va matonat bilan o‘yin ko‘rsatishgani uchun rahmat aytaman. Har turda o‘yin tempini oshirib boryapmiz. Bundan keyin ham kerakli ochkolarni qo‘lga kiritib, mavqeimizni yuqoriroq ko‘tarishga harakat qilamiz. “Nasaf” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.
- Birinchi bo‘limda negadir jamoaning o‘yini qovushmadi. Sababi nima?
- Buning sababi “Nasaf” jamoasi aybdor. Bizga nafas olishga yo‘l qo‘ymadi, maydonni har bir qarichida yuqori pressing taklif qildi. Yuqori pressingda yigitlardan dastlabki 10-15 daqiqada o‘zlarini yo‘qotib qo‘ymaslik talab etilgandi. Muxlislar daldasi ham “Nasaf”ni oldinga borishga majburladi. O‘ylaymanki, yigitlar yomon o‘yin ko‘rsatishgani yo‘q. Bizdagi muammo vaziyatlardan unumli foydalanmaslik bilan bog‘liq. Bugun jarohatlar ham bor edi. Eng yaxshi markaziy himoyachilarimizdan biri Yosovich qatnasha olmadi. Anvar Xojimirzaev ham jarohatda, hali qaytgani yo‘q. Bugungi o‘yinga kim tayyor bo‘lgan bo‘lsa, hammasi qatnashdi.
- Ikkinchi bo‘limda “Qo‘qon-1912” mazmunli o‘yin ko‘rsatdi. Bu taktik ko‘rsatma bilan bog‘liqmidi yoki “Nasaf” shunday imkoniyat berdimi?
- O‘yin boshidan yigitlarga qo‘rqmasdan futbol o‘ynashni uqtirgandim. Baribir “Nasaf” o‘z uyida o‘ynagani uchun ko‘proq oldinga harakat qiladi. Ikkinchi va uchinchi hududlarda bo‘sh zonalar ochilishini kutgandik. Birinchi bo‘limdagi ko‘rsatmam to‘pni ko‘proq nazorat qilish edi. Shuni hisobiga futbolchilarda ko‘proq texnik xatolar kuzatildi. Ikkinchi bo‘limda to‘g‘ri ko‘rsatmalar berildi va futbolchilar mazmunli o‘yin ko‘rsatishdi.
- “Qo‘qon-1912”ning bu yilgi muvaffaqiyatsiz natijalariga nima sabab deb o‘ylaysiz?
- Sababini bilganimda aytardim. Mana bu sabab deb bahona qilish noto‘g‘ri. Gol urmaganingizdan keyin g‘alaba qozona olmaysiz. Ikkinchi davradagi o‘yinlarimizni kuzatgan bo‘lsangiz hech qaysi raqibdan kam vaziyat yaratganimiz yo‘q. Penaltidan ham gol urolmadik. Buni omadsizlikka bog‘lagan bo‘lardim. Qaerdadir kamchiligimiz bor va shu kamchilikni topishimiz kerak. Futbolda ko‘p narsa omadga bog‘liq. Bugun ham “Nasaf”ga omad kulib boqdi. O‘ylangan kombinatsiya bo‘lmadi, faqat omad. “Nasaf” chempionlik uchun kurashyapti. Yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Balki biz shunga tayyor turmagandirmiz. O‘yindan keyin darhol biror-bir fikr bildirish juda qiyin.
- O‘sha goldan keyin hakamlarga keskin e’tiroz bildirdingiz va sizga sariq kartochka ham ko‘rsatildi...
- O‘sha vaziyatda biz o‘yinchi almashtirishimiz kerak edi. Jarima to‘pi tepilishidan avval zaxira hakami bosh hakamga “zamena” deb aytib turibdi. Bosh hakam nimagadir quloq solmasdan o‘yinni davom ettirishga ruxsat berdi. Biz vaqt cho‘zishga o‘ynaganimiz yo‘q. Menga shunday tuyuldiki, hisob 1:0 bo‘lib turganida “Nasaf” hisobni ushlashga o‘ynadi. Yonimda zaxira hakami “zamena” deb aytyapti, ammo bosh hakam quloq solmagani uchun shu vaziyatga e’tiroz bildirdim. Uzr so‘rayman, xissiyotlar...Meni ham to‘g‘ri tushunishadi, deb o‘ylayman. Agar shu xissiyotlar bo‘lmasa ishlashni hojati yo‘q.
Fikrlar