
Davron Fayziev Flik o‘rniga "Bavariya" uchun ideal nomzod kimligini aytdi
Taniqli jurnalist va sharhlovchi Davron Fayziev o‘z "Telegram" sahifasida Xans-Diter Flikning "Bavariya"dan ketishi xususida post qoldirdi.
"Bavariya" bilan barcha titullarni qo‘lga kiritgan Xans-Diter Flik mavsum tugagach, klubdan ketishini ma’lum qildi. Garchi u ketish sabablari orasida terma jamoani keltirmagan bo‘lsa ham, aynan shuni reja qilayotganini tushunish mumkin. Germaniya milliy jamoasiga jonlantirish terapiyasi kerak. Flik esa eng yaxshi nomzod. "Bavariya"ni ham u deyarli sochilib ketayotgan holatda qabul qilgan. Uyog‘ini bilasiz. Yurgen Klinsmann boshlab bergan tizim ham buzilmaydi. Klinsmann-Lyov-Flik. Germaniya uchun eng zo‘r, "Bavariya" nima bo‘ladi? Bu erda sal murakkablik bor. Flikdan keyin ishlash qiyin bo‘ladi. TOP murabbiylar jamiki sovrinlar yutgan mutaxassisdan keyin mavqeini tushirmaslik uchun Myunxen taklifini qabul qilmaydi. Demak, zaxirasida ozgina vaqti bo‘lgan yosh murabbiy talab etiladi. Shunda birdan natija talab qilinmaydi. Shu bilan birga ambitsiyalari "Bavariya"ga mos tushadigan. Obro‘li va qat’iyatli, chunki tarkib o‘zgaradi, yangi davrga o‘tiladi. Bir so‘z bilan aytganda - Yulian Nagelsmann. Men boshqa variant ko‘rmayapman", - deb yozadi Davron Fayziev.
Fikrlar