
Chusovitina Bokudagi jahon kubogida sovrindor bo‘ldi
Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kuboning navbatdagi bosqichi o‘z yakuniga etib bormoqda. Bugun reglamentga belgilanganidek, ayollar o‘rtasida tayanib sakrash bo‘yicha final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Eng kuchli 8 nafar sportchi orasida bahs olib borgan vakilamiz Oksana Chusovitina joriy turnirdan ham medal bilan qaytadigan bo‘ldi. Sportchimizning ijrosini hakamlar hay’ati 14,450 ball bilan baholashdi, deya xabar bermoqda MOQ.
Finalchilar orasida faqatgina amerikalik Jeyd Keri Chusovitinaning natijasini yaxshilay oldi xolos. Shu tariqa yurtdoshimiz musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritmoqda. Shohsupaning uchinchi pog‘onasidan meksikalik Aleksa Moreno joy oldi.
Sport gimnastikasi. Jahon kubogi.
Ayollar, tayanib sakrash
1. Jeyd Keri (AQSh) – 14,766
2. Oksana Chusovitina (O‘zbekiston) – 14,450
3. Aleksa Moreno (Meksika) – 14,249
Vakilimiz endi 20-23 mart kunlari Doxada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi jahon kubogi bosqichiga yo‘l oladi. Yangi reglamentga ko‘ra, aynan ushbu musobaqalar Tokio-2020 Olimpaidasi kvalifikatsiyasining bosqichlari hisoblanadi.
Fikrlar