
Chirkin imperiyaning qulashi: Bartomeu Messining “oltin davr”ini qanday barbod qildi?
Kataloniyaliklar so‘nggi bor Evropa taxtini egallaganiga 5 yil bo‘ldi. U davrda jamoada dahshatli hujum triosi bor edi. Bugun Neymar boshqa jamoada finallarni o‘ynamoqda. Suaresning yoshi o‘tib qoldi. Axir, mana shunday holatda Messi nima qilishi kerak?
Qaqshatqich mag‘lubiyatdan so‘ng, birinchi bo‘lib haqli ravishda Pike gapirdi: “Bu qo‘rqinchli o‘yin va dahshatli hissiyot. Biz sharmandali o‘yin ko‘rsatdik. Jamoada yangilanishlar davri kelganini ko‘rdik. Agar bu yo‘lda men klubga halaqit bersam, birinchi bo‘lib ketishga tayyorman”.
Rahmat, Pike. Jamoa etakchisi klubini o‘zidan-da yuqoriroq qo‘yishini ko‘rsatdi. “Mes que un club” deyisharmidi?! Bu uyat va nomus bilan aytilgan iztirobli so‘zlar edi. Qani edi Bartomeuga ham mana shu tuyg‘u biroz etib borsa! U hamon o‘zining bir necha oylik mansabiga tish-tirnog‘i bilan yopishib olgan. U mag‘lubiyatda aybdor sifatida barchani hayday boshladi: bosh murabbiy Seten, sport direktori Abidal va hokazo. Yo‘q, bu etarli emas. Uning o‘zi ketishi kerak. Messi qoladimi, yo‘qmi - “Barsa” bu mansabdordan qutilishi va Kataloniya mas’ul idoralari uning ishlarini o‘rganib chiqishni boshlashi zarur.
2021 yilgi saylovlarda muqarrar lavozimidan ayriladigan Xosep Mariya uchun klubning jimjimador, yuraklarga larza soluvchi shiorlari ahamiyatga ega emas. U insoniy qadriyatlarni bir pul, deb bilishini do‘sti Sandro Rosselni sotib, uning o‘rniga o‘tirib olgan paytdayoq bilib bo‘lishgan. Keling, bir boshidan uning prezidentlik davrini yodga olamiz.
Eyforiya
Bartomeu prezidentlikka o‘tirgan dastlabki yildayoq “Barsa” o‘z tarixidagi ikkinchi treblni qayd etdi. Zo‘r natija, to‘g‘rimi? Lekin o‘sha mavsum tarkibi undan oldingi prezident Sandro Rossel tashkil etib bo‘lgan jamoa edi. U esa “tayyor osh” ustiga keldi. Uning prezidentlikka kelish tarixi ham g‘irrom yo‘llarga borib taqalishi haqida bir necha oy avval e’lon qilgan maqolamda fikr yuritgandim.
«Barselona» ichki nizolar girdobida. Bosh aybdorlar: Bartomeudan Messigacha
O‘sha paytda nizo endi avjiga chiqayotgan edi. Neymar transferiga noqonuniy yo‘llar aralashgani aniq, ammo Bartomeuning suvdan quruq chiqishi ajablanarli edi. 2014 yilda klub boshqaruvini olgan Xosep bir yil o‘tib navbatdagi 5 yillik muddatga saylandi. O‘sha paytlarda avvalgi rahbariyat yaratib ketgan tizimli va har bir chizig‘i super darajadagi “ko‘k-anorranglilar” tarkibini chempionlikka erishishi u qadar ajablanarli ish emasdi.
Mantiqsizlik
Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Keyin asli kasbi biznesmen bo‘lgan ushbu janob kataloniyaliklar “bog‘ini qurita boshladi”. Keyingi mavsumda “Atletiko” chorak finalda kataloniyaliklarni musobaqadan chiqarib yubordi. O‘sha yili jamoadan ketgan Xavi o‘rni kerakli futbolchi bilan to‘ldirilmadi. 34 mln evroga 28 yoshli Turanni olish… Xavining qiladigan ishlarini u qila olmasligi pozitsiyasi jihatidan ham ko‘rinib turardi. U Kataloniyada o‘z transfer summasining yarmicha ham foyda keltirmadi. Yarim himoyadagi ishlarning ko‘pligi tez orada Inestaning sochlarini ham oqartirdi.
Keyingi mavsumda Dani Alvesh juda erta qo‘yib yuborildi. O‘sha yilning o‘zida u tekinga borib qo‘shilgan “Yuventus” “Barsa”ni chorak finalda engdi. Braziliyalik o‘zining yuqori darajadagi o‘yini bilan finalgacha yangi jamoasini etaklab bordi. Xo‘sh, Bartomeu kimning yoki nimaning hisobiga uni qo‘yib yubordi? Nostabil Vidal yoki asli yarim himoyachi bo‘lgan Serji Roberto? Vidal doim o‘rtamiyona futbolchi bo‘lib kelgan va zaxiradan maydonga tushardi, xolos. Robertoning kalit uzatmalari, maydonni ko‘ra olishiga gap yo‘q. Nima qilsa ham yarim himoyachida! Himoyada esa boshqacha hislatlar talab etiladi.
Keyingi yilda esa, klub tarixidagi eng katta ahmoqlikka yo‘l qo‘yib, Neymar klubdan ketishiga ruxsat berdi. Xo‘p, Neymar o‘zi ketishni xohladi, ham deylik, nega avval unga munosib o‘rinbosar topmay turib, futbolchi Parijga qo‘yib yuborildi. Butun dunyo ko‘rib turibdi: “Barsa”da pul bor. Mana shunday paytda mavsum davomida 6 ta gol urgan 20 yoshli bolakayning narxi ham 138 mln evro turadi! Keyin esa kelganiga bir oy ham bo‘lib ulgurmay, jarohatlar olamiga sho‘ng‘ib ketadi.
Bartomeu 2015 yildan buyon transferlar uchun 1 mlrd evrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi. Lazaretdan boshi chiqmaydigan Dembele, “Barsa”da o‘z darajasini yo‘qotib, “Bavariya”da kataloniyaliklarni er tishlatgan Koutino, klub uslubiga bir yilda ham moslasha olmagan Grizmann, shular jumlasidan.
Esiz, “Barsa”...
Bartomeuning ishlarini ko‘rib, bir fikr uyg‘onmoqda: u futbolni tushunmaydimi yoki klub falsafasinimi? Uzoqqa bormaymiz, nega Valverde shuncha talab bildirilishiga qaramay, mavsum avvalida iste’foga chiqmadi va nega mavsum o‘rtasida uning o‘rniga kuchliroq murabbiy emas, “Betis” iste’foga chiqargan Kike Seten olib kelindi. Xosep Mariya janoblari klub qadriyatlari, sha’ni, g‘ururi nimani anglatishini bilarmikan?! Hech qaysi klub rahbari omma oldiga chiqib moliyaviy zarar ko‘rgan summasini oshkor qilmaydi. Bartomeu esa jurnalistlarning jamoa inqirozi haqidagi savoliga “biz 200 mln evro zarar ko‘rdik. 200 mln!”, - deb javob beryapti. Oldinroq, ko‘kka sovurgan 1 mlrd evro haqida o‘ylash yaxshiroq emasmi?! Umuman, kataloniyaliklar nochor klubmidi, bu kabi barcha oldida dardini dasturxon qiladigan. Nega hatto yordamchilariga ham gapi o‘tmaydigan Seten tanlandi? Nega uning qo‘rqoqlarcha, “Real” qaerdadir qoqiladi”, deyishiga nisbatan chora ko‘rilmadi. Bu kabi darajadagi klublar boshqa jamoalarning natijalariga e’tibor berishi kerakmasligini Seten qaerdan bilsin?! Axir, u o‘rtamiyona jamoalar falsafasini o‘zida mujassam etgan mutaxassis hisoblanadi.
Bugun esa “Barselona” ramzi jamoani tark etish to‘g‘risida o‘ylab qoldi. Har kuni u haqida o‘nlab, yuzlab xabarlarni o‘qimoqdamiz. Leo ruhiyat futbolchisi, balki bu gaplar haqiqatdir. Ammo u ko‘p bora ketish haqida o‘ylaganini bilamiz. Argentinadan ham ketganini e’lon qilgach, qaytgandi. Barchasi Kumanga bog‘liq. “Barsa” endi gardkamiga o‘ynashga majbur. Kelgusi yilda ham muvaffaqiyatsiz mavsum o‘tkazgan taqdirda Messi erkin agent sifatida jamoani tark etadi.
2021 yilning 15 martida bo‘ladigan saylovlardan so‘ng, klubga boshqa prezident saylanishi aniq. Undan butun futbol jamoatchiligi qatorida Messini hurmat bilan faoliyatini yakunlab qo‘yishiga sharoit yaratishi va futbol grandlari qatoridan “Barselona” nomini o‘chib ketishiga yo‘l qo‘ymasligini kutib qolamiz.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar