
"Chig‘atoy"da Xalqaro futbol va do‘stlik kuni munosabati bilan ochiq dars o‘tkazildi
Xabaringiz bor, "Gazprom" kompaniyasi va FIFA hamkorligida o‘tkaziladigan "Futbol do‘stlik uchun loyihasining ettinchi mavsumi start olgan bo‘lib, O‘zbekiston mazkur loyihadi bu yil uchinchi marta ishtirok etadi.
"Futbol do‘stlik uchun" loyihasi doirasida butun dunyoda 25 aprel kuni Xalqaro futbol va do‘stlik kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan bugun poytaxtimizda joylashgan "Chig‘atoy" sport bazasida ochiq dars bo‘lib o‘tdi. Unda "Chig‘atoy" futbol maktabi tarbiyalanuvchilari, "Futbol do‘stlik uchun" loyihasining bu yilgi ishtirokchilari, milliy terma jamoamiz futbolchilari ishtirok etishdi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.
Ochiq dars ikki qismdan iborat bo‘ldi. Dastlab, O‘FA Murabbiylar tayyorlash departamenti direktori Shavkat Imamov yig‘ilganlarga "Futbol do‘stlik uchun" loyihasi va undagi 9ta qadriyat: do‘stlik, tenglik, adolat, sog‘liq, tinchlik, sodiqlik, g‘alaba, an’analar va faxr tuyg‘ulari haqida gapirib berdi. Suhbat shaklida o‘tgan ochiq darsda milliy terma jamoamiz a’zolari Marat Bikmaev, Anzur Ismoilov, shuningdek, terma jamoamizning sobiq futbolchisi Temur Kapadze ham faol ishtirok etdi.
Keyin "Futbol do‘stlik uchun" loyihasida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan Asilbek No‘’monov, Abdulla Tursunboev va Asadbek Ro‘zimovlar loyihaning maqsadi haqida o‘z tengdoshlariga tushuncha berib o‘tishdi va tiniq osmon hamda yashil maydonni aks ettiruvchi havorang va yashil rangli bilakuzuklarni bir-birlariga taqib qo‘yishdi.
Ochiq darsning ikkinchi qismi maydonda o‘tdi. Marat Bikmaev, Anzur Ismoilov, Temur Kapadze bolalar bilan guruhlarga bo‘lingan holda mahorat darslari o‘tishdi. Shuningdek, turli qiziqarli mashg‘ulotlarda ishtirok etishdi.
«Menda bu ochiq dars katta taassurot qoldirdi. Yangi do‘stlar bilan tanishdim. Marat Bikmaev, Anzur Ismoilov, Temur Kapadze singari futbol yulduzlari bilan birgalikda mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘z mahoratimni sinovdan o‘tazdim. Bu juda ham ajoyib bo‘ldi" - deya o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi loyiha ishtirokchisi Asadbek Ro‘zimov.
Fikrlar