"Chempionatimiz oddiy liga emas, bizga qarshi o‘ynash qiziqarli bo‘ladi". "Mall of Antalya"da "Surxon" murabbiyi bilan tasodifiy uchrashuv

  • 14 fevral, 2023, 02:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Termizning “Surxon” klubi ham boshqalar qatori Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib borayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak.

Tecno

Jamoada yangi o‘zgarishlar bo‘lgan. Klub 2023 yilgi mavsumga tayyorgarlikni yangi murabbiy – Sergey Tokov boshchiligida boshladi. Tarkibga legionerlar jalb qilinmoqda.

Yaqinda “Surxon”ga pro litsenziyasiga ega mutaxassis Rauf Inileev bosh murabbiy etib tayinlanganligini aytishdi. Ammo Tokov ham klubdagi ishini davom ettiryapti, faqat endi Inileev bilan birga.

Tokov bilan suhbatlashish rejamizda bor edi. Buni qarangki, Antaliyadagi “Mall of Antalya” yirik savdo markazida aynan “Surxon” murabbiyini tasodifan uchratib qoldik. Vaziyatdan foydalanib qolish uchun Tokovga ayrim savollar bilan murojaat qildik.

- Jamoa va futbolchilar yangi, - deya gap boshladi, Sergey Tokov. - O‘tgan yilgi tarkibdan o‘yinchilar ham qolgan. Do‘stona, ahil jamoa tuzishga harakat qilyapmiz. Yig‘inlarimiz ko‘ngildagidek davom etyapti. Albatta, vaqt kam. Jamoani kech qabul qilib oldik. Ishlashda davom etamiz. Oldimizdagi vaqtdan unumli foydalanishga urinamiz. Bo‘lajak o‘yinlarda yaxshi futbol ko‘rsatamiz, degan umiddaman.

- Rauf Inileev bosh murabbiy etib tayinlandi...

- Rauf Talgatovich tajribali mutaxassis. Uning mahorati bizga kerak. U terma jamoa va klublarda yaxshi faoliyat ko‘rsatgan. Murabbiy tanlayotganimizda aynan uning tanlovida to‘xtaldik. Bizda yangi murabbiy, yangi futbolchilar va yangi oila shakllanyapti. Shu bois hozircha biroz tajriba kam.

- Aytmoqchimanki, siz ham klubda asosiy murabbiylardansiz va natijaga kim javob beradi?

- Natijaga hammamiz birga javob beramiz. Massajistdan tortib murabbiygacha barchamiz bir yoqadan bosh chiqaramiz.

tokov

- “Surxon”ga yangi o‘yinchilar kelgan va yangi legioner ham bor...

- Ha, 5 nafar legioner bilan shartnoma imzoladik. Ulardan bittasi hali etib kelgani yo‘q. Kelishi bilan bu haqida o‘zimiz rasman ma’lum qilamiz.

- Legionerlarda o‘zingizga kerakli sifatni ko‘ryapsizmi?

- Umid qilamanki, ularning o‘yin bo‘yicha sifati bizga yordam bera oladi. Legionerlarni ko‘rdik, o‘yinlarini tomosha qildik. Bizning chempionatimiz oddiy liga emas. Legioner o‘z chempionatida ishonchli o‘ynashi mumkin. Bu O‘zbekistonda ham 100 foiz o‘zini ko‘rsatadi, degan ma’noni anglatmaydi. Kimdir O‘zbekiston futbol darajasini past deb o‘ylashi mumkin. Lekin bunday emas. O‘zbek futbolchilari yomon emas, raqobat kuchli. Jamoamizdagi legionerlar o‘zlariga bildirilgan ishonchlarni oqlashadi, deb o‘ylayman.

- Ko‘pchilik “Surxon”ni “Olimpik” bilan qiyoslamoqda. “Surxon” ikkinchi “Olimpik”mi?

- Biz ikkinchi “Olimpik” emasmiz, biz “Surxon”miz. Bizning o‘z uslubimiz va o‘z falsafamiz bor. Imkon qadar jamoani yoshartirishga harakat qilamiz. Yoshlarga o‘ynash imkoniyatini beramiz. Asosiy vazifamiz yosh futbolchilarga ishonch bildirish. Kimda salohiyat ko‘rgan bo‘lsak, unda futbolchi sifatida o‘sish imkoniyati mavjud. Maqsadimiz sifatli futbol ko‘rsatish.

- Kuni kecha jamoaning Antaliyadagi yig‘iniga qo‘shilgan Artyom Filiposyanni taklif qilish rejasi kutilmaganda yuz berdimi yoki rejalashtirilganmidi?

- Artyomni tajribasi katta. O‘tgan mavsumni Olmaliqda o‘tkazdi. Bunday futbolchilar hamma jamoaga ham kerak. Yoshlarga tajriba ulashishda Filiposyanni tajribasi katta bo‘ladi.

- Bungacha “Oqtepa” futbol akademiyasida ishlayotgandingiz. “Surxon” siz uchun yangi chaqiruvmi? Bu taklifni kutganmidingiz?

- Albatta, bu taklifga tayyorlanmagandim. Lekin men uchun u qadar katta syurpriz emas. Bungacha ko‘p yillar davomida bolalar va yoshlar futbolida, shuningdek, terma jamoalarda ham faoliyat ko‘rsatganman. Murabbiylar shtabidagi aksariyat mutaxassislar ham ushbu bosqichdan o‘tgan.

antaliya

- “Surxon”ning imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Maqsad muxlislarga yoqadigan futbol ko‘rsatish. Rahbariyat hali oldimizga aniq vazifa qo‘ymadi. Biz faqat sifatli futbol ko‘rsatish ustida ishlayapmiz. Bizning ko‘rsatadigan futbol muxlislarga yoqishi kerak.

- “Surxon” “chaqilmas yong‘oq” bo‘ladimi?

- Ko‘p jamoalarga kurash taqdim qilamiz. Biz bilan o‘ynash qiziqarli bo‘ladi. Ligada yaxshi raqobat bo‘lsa, futbol ham yutadi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Rostgoy
14/02/2023 10:00
Легионерларни ахволи чаток яна кучли дейди