
“Chelsi”, qimmatbaho yulduzlaring qani?
“Aston Villa” va Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Gebriel Agbonlaxor “Chelsi”ning transfer siyosatini keskin tanqid qildi.
- “Chelsi” katta summaga olgan ayrim o‘yinchilarning ahvoliga bir qarang, ular umuman o‘ynayotgani yo‘q. “Brayton”ga qarshi uchrashuvda Netu raqib futbolchisini to‘xtatishga harakat ham qilgani yo‘q. Vaholanki, uni juda katta pul olishgan edi.
Madueke bir hafta zo‘r o‘ynasa, keyingisida qo‘lidan hech narsa kelmaydigan o‘yinchiga aylanadi. Fernandesga yarim himoyada “non” yo‘q. Unga etakchilik qobiliyati va sifatlari etishmayapti.
“Chelsi” foydasiz o‘yinchilarga qancha pulni uvol qilganini tasavvur qilishning o‘zi dahshat.
Badyashil 42 million evro turadi, uni o‘yinini ko‘rganimiz yo‘q. Mudrikning transferi shunchaki fojea. Entso, Netu va Nkunku ham qimmatbaho o‘yinchilar.
“Aristokratlar” Feliks uchun 54 million evro xarajat qilib, uni ijaraga berib yubordi. Bular qancha mablag‘ni bekorga sarflaganiga e’tibor bering, - dedi Gebriel Agbonlaxor.
Darhaqiqat, “Chelsi” mutasaddilari keyingi yillarda juda ko‘p transferlarni amalga oshirayotgan va murabbiylarni ketma-ket almashtirayotganiga qaramay, jamoa o‘yinida sezilarli ijobiy o‘zgarish bo‘lmayapti.
Fikrlar