
"Buxoro" uchun 2:2 hisoblari qanday ta’sir ko‘rsatayotganini bilasizmi?
“Buxoro” Superligada jon saqlab qolish uchun kurashmoqda. Mavsum boshidan beri esa bu jamoada nimalar bo‘lganidan xabardorsiz, albatta.
Endilikda tarkibda ko‘proq yoshlar, biz hali yaxshi bilmaydigan, tanimaydigan futbolchilar to‘p suryapti. Lekin bosh murabbiy Jamshid Saidov o‘sha yoshlardan kurashuvchan jamoa tuzmoqda. To‘g‘ri, hali vaziyat klub uchun murakkab. Negaki, “Buxoro” 8 ochko bilan 13-o‘rinda. Ammo uning oldidagi raqiblari ham u qadar katta farq bilan ilgarilab ketmagan. Lekin buxoroliklarning ayrim o‘yinlariga nazar tashlar ekanmiz, balki vaziyat boshqacharoq tus olishi ham mumkin edi.
Gap shundaki, biz klubning mavsum boshidan buyon o‘tkazgan o‘yinlariga qarab chiqdik va e’tiborimizni tortgan uchta jihatni aniqladik. Ya’ni, shu paytgacha klub uch marta 2:2 hisobida durang qayd etgan bo‘lib, bular o‘ziga yarasha voqeliklarga sabab bo‘lgan.
4-tur. “Buxoro” – “Andijon” – 2:2. Mavsumdagi ilk ochko
Yodingizda bo‘lsa, klub mavsumni ketma-ket uchta yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar bilan boshladi. Ya’ni, raqiblariga faqat 0:3 ko‘rinishida yutqazib, 4-turda “Andijon” bilan bellashdi. O‘sha dastlabki karantindan keyin o‘tkazilgan ushbu o‘yinda “Buxoro”ga g‘alaba juda zarur edi. O‘sha uchrashuv davomida esa voqealar rivoji o‘zgarib turdi. Avvaliga Jasur Hakimov 22-daqiqada hisobni ochib, “Buxoro”ni oldinga olib chiqqandi. Keyinchalik andijonliklar ikki marta penaltidan gol urib g‘alabaga yaqin turgandilar. O‘yin esa katta ehtimol bilan 1:2 hisobida “Andijon”ning g‘alabasi bilan tugayotgandek edi. Lekin so‘nggi soniyalarda Behruz Sa’dilloev tomonidan kiritilgan gol yakunda “Buxoro”ni mag‘lubiyatdan qutqarish bilan birga jamoasiga mavsumdagi dastlabki ochkoni taqdim etgan o‘yin sifatida ham yodda qoldi. Oqibatda “Andijon” ham tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqardi va mana haligacha ular hech bir o‘yinda muvaffaqiyat qozona olmayapti.
13-tur. “Buxoro” – AGMK – 2:2. Bosh hakamning xatolari va qo‘ldan chiqarilgan g‘alaba
Toshkentda markazlashgan holda o‘tkazilgan Superliga uchrashuvlari doirasida “Buxoro”ning AGMKga qarshi namoyish etgan o‘yini aksariyat muxlisu, mutaxassislar tomonidan olqishlandi. Kecha AGMK “Metallurg” bilan bahsda mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. Biroq xolisona fikr bildirib, vaziyatga real qarasak, aslida olmaliqliklarning ilk mag‘lubiyati birinchi davraning oxirgi bellashuvida kuzatilishi katta ehtimol edi. Ammo o‘sha o‘yinda nimalar bo‘lganini endi ko‘pchilik biladi. Lekin o‘yin juda qiziqarli kechgandi. Bu safar shunday bo‘ldiki, avvaliga Elguja Grigalashvili AGMKni hisobda oldinga olib chiqdi. 73 va 89-daqiqalarda esa, Izzatilla Abdullaev bilan Ilhom Alijonovning chiroyli gollari tufayli “Buxoro” hisobda oldinga chiqib olgandi. Bir qarashda o‘yin 2:1 hisobi bilan yakunlanadigandek tuyulgandi. Bosh hakam Vadim Agishev to‘xtalishlar uchun to‘rt daqiqa qo‘shib bergani, yakunda esa AGMK 90+6-daqiqada hisobni tenglashtirganini ko‘pchilik ko‘rdi. Rasmiy protokolda esa Shahzod Nurmatovning goli 90+5-daqiqaga yozilgan. Keyinchalik esa hakamlar qo‘mitasi tomonidan Agishevning xatti-harakatlari o‘rganib chiqildi va o‘yin davomida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlanib, diskvalifikatsiya qilindi. Holbuki, o‘sha kuni “Buxoro” deyarli g‘alaba qozonib bo‘lgandi ham. Ammo hakamning xatolari Saidov jamoasiga qimmatga tushdi.
14-tur. “Buxoro” – “Qo‘qon-1912” – 2:2. “Andijon”ga qarshi o‘yin stsenariysi takrorlangan bahs
Ikkinchi davraning ilk turidagi uchrashuv ham hujumkorlik borasida boshqa o‘yinlarga o‘rnak bo‘la oladi. E’tiborlisi 4-turda “Andijon”ga qarshi kuzatilgan o‘yin stsenariysi “Qo‘qon-1912” bilan uchrashuvda ham takrorlandi. Avvaliga Jasur Hakimov hisobni ochgan bo‘lsa, keyin qo‘qonliklar ikki marta javob qaytarishdi. Lekin hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rt daqiqaning oxirgi soniyalarida yana o‘sha Jasur Hakimov katta sahnaga chiqib, jamoasining joniga oro kiruvchi golni urdi va “Buxoro”ni muqarrar mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi. Demak, ko‘rinib turibdiki, “Buxoro” futbolchilariga oxirigacha kurashish muhimligi yaxshi tushuntirilgan.
Jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar bor, ammo kamchiliklar ham etarli
Bosh murabbiy Jamshid Saidovning yosh o‘yinchilar bilan qanday jamoani shakllantirayotgani ko‘z oldimizda gavdalanib boryapti. Har holda legionerlarsiz ham “Buxoro” raqiblariga qattiq qarshilik ko‘rsatadigan, g‘alaba uchun kurashadigan klub sifatida namoyon bo‘lib boryapti. Muhimi, klub osonlikcha taslim bo‘layotgani yo‘q. Saidov va Xomyakov tandemi yaxshi natija berishini muxlislar kutmoqdalar. Ammo kamchiliklar ham etarlicha, axir jamoa o‘yinidagi barcha muammolarni birdaniga hal qilib ham bo‘lmaydi. Aslida klubning 13-o‘rindaligining o‘zi bir muammo. Bundan tashqari, o‘z darvozasidan gol o‘tkazish bo‘yicha “Buxoro” peshqadam bo‘lib turibdi. Ular 15 ta uchrashuvda 31 ta golni olib chiqishdi. Demak, himoya chizig‘ini mustahkamlash asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda. Lekin jamoaning o‘yiniga rang-baranglik kirib borayotgani va bu hol mahalliy ishqibozlarga navbatdagi uchrashuvlarga ishonch bilan qarashga asos bo‘lmoqda. Endi buxoroliklar 15-turda dam oladi. “Paxtakor”ning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtiroki sababli bu o‘yin 5 sentyabrga belgilanib, yirik hisobda poytaxtliklar g‘alaba qozondi. Demak, qolgan uchrashuvlar o‘z-o‘zidan “Buxoro” uchun finaldek katta ahamiyat kasb etadi.
Fikrlar