"Bunyodkor" - "Paxtakor" uchrashuvi oldidan "qaldirg‘ochlar" prezidenti jamoa a’zolari bilan uchrashdi

  • 10 noyabr, 2022, 18:33
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi 26-turida "Bunyodkor" amaldagi chempion "Paxtakor"ga qarshi bahs olib boradi. Chempionlik masalasini hal etib berishi mumkin bo‘lgan uchrashuv oldidan "qaldirg‘ochlar" prezidenti Mehriddin Abdullaev jamoa a’zolari bilan uchrashdi:

Tecno

"Superliganing so‘nggi turlarini ishonchli o‘tkazayotgan "Bunyodkor" yilni ko‘tarinki kayfiyatda yakunlashni maqsad qilgan. "Yil o‘yini" deya ta’rif berilayotgan mavsumning oxirgi bahsida "qaldirg‘ochlar"ning raqibi mamlakatimizning amaldagi chempioni "Paxtakor" hisoblanadi. "Poytaxt derbisi" doimo jamoalarning turnir jadvalidagi o‘rnidan qat’iy nazar qiziqarli, hujumkor va tomoshabop o‘tadi. Agar bu derbi chempionlik taqdirini hal qilsa, uning muhimlik ahamiyati yanada oshadi.

9 noyabr kuni "O‘zbekneftgaz" aktsiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi, "Bunyodkor" futbol klubi prezidenti Mehriddin Abdullaev "Bunyodkor"ga tashrif buyurdi. Ivan Boshkovich murabbiyligidagi "qaldirg‘ochlar" bilan uchrashgan Mehriddin Razzoqovich dastavval so‘nggi turlardagi o‘yin va natijalar bo‘yicha fikr bildirib, mavsumni yaxshi kayfiyatda yakunlash zarurligini eslatib o‘tdi. "Yil o‘yini" hisoblangan "Bunyodkor" – "Paxtakor" uchrashuvida ham g‘alaba qozonish shartligini ta’kidlar ekan, albatta derbidagi yutuq e’tiborsiz qoldirilmasligini ma’lum qildi. Buning uchun shunchaki mavsumning yakuniy bahsida g‘alaba qozonib, muxlislarini xursand qilish kifoya!

Tashrifning ikkinchi qismida qayta ta’mirlash ishlari olib borilayotgan "Bunyodkor" stadionini ko‘zdan kechirgan Mehriddin Razzoqovich ishchi xodimlar bilan yaqindan suhbatlashdi. Maydon va maysaning holati, olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholagan Mehriddin Abdullaev mas’ul mutaxassislarga kerakli ko‘rsatma hamda tavsiyalarni berdi",-deya xabar bermoqda "Bunyodkor" matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!