
Bunisi Husanov transferidan kattaroq shov-shuv bo‘ladi!
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Sergey Chigodaev Qozog‘istonning “Futbol Joli” YouTube-kanaliga bergan intervyusida o‘zbek futboliga oid savollarga ham javob berdi.
Ta’kidlash joizki, Sergey Chigodaev bugungi kundagi eng mashhur o‘zbek futbolchisi Abduqodir Husanovning birinchi murabbiyi hisoblanadi. Bu mutaxassis Abduqodirni “Bunyodkor” akademiyasida etti yoshidan 16 yoshigacha shug‘ullantirgan.
Sports.uz portali Sergey Chigodaevning fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi jahon chempionatining saralash uchrashuvini o‘tkazadi. G‘alaba terma jamoani muddatidan oldin mundialga olib chiqadi. Jahon chempionatiga chiqish O‘zbekist terma jamoasiga nima beradi?
- Voy, bu Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferidan ham katta shov-shuv bo‘ladi. Butun mamlakat buni orzu qilyapti.
- Hamma kutyaptimi?
- Albatta. Bunisi birinchi bo‘ladi. Xudo xohlasa, uddalashadi, deb o‘ylayman. Bu butun O‘zbekiston uchun sensatsiya bo‘ladi.
Shuningdek, Sergey Chigodaev xalqaro maydonda e’tiborli natijalar qayd etayotgan yangi avlod futbolchilari, xususan, yaqinda Saudiya Arabistonida qahramonlik ko‘rsatib, Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Islombek Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi haqidagi savollarga ham javob berdi.
- Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan termadan va yaqinda Osiyo chempionatida g‘olib chiqqan yoshlar orasidan tez orada Evropada o‘ynaydigan futbolchilar chiqsa kerak?
- Ularga “ov” boshlanib ketgan.
- Sizdan ham futbolchilar haqida ma’lumotlar so‘rashyaptimi?
- Ilgari futbol agentlari asosan Afrikaga borib, talantlarni qidirardi. Ana endi hamma O‘zbekistonga kelyapti. Shu erdan noyob iqtidorlarni qidirishyapti. Osiyo kubogida g‘olib chiqqan O‘zbekiston U-17 terma jamoasi o‘yinchilariga ham jiddiy e’tibor qaratishyapti.
Ayrim o‘yinchilarga Evropa klublaridan qiziqish borligini men aniq bilaman.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a hamda jahon chempionatlari jahonning mashhur klublari, murabbiylar, skautlar, mutaxassislar uchun yangi nomlarni kashf etish, iste’dodlarni topish imkoniyatini beruvchi musobaqalar hisoblanadi.
Xususan, bugungi kunda “Manchester Siti” o‘yinchisiga aylangan Abduqodir Husanov ham xorijlik selektsionerlar e’tiboriga 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo kubogi va Argentina mezbonlik qilgan jahon chempionati musobaqlarida tushgan.
Fikrlar