
Buni taqdir deydilar!
Odatda, bolalar futbol bilan qanchalik erta shug‘ullanishni boshlasa, shuncha yaxshi. Ular voyaga etgunga qadar, futbolning sir-asrorlarini ancha o‘zlashtirib oladi. Ammo shunday o‘yinchilar bor-ki, ular futbolga juda kech kirib kelgan. Shunga qaramay, anchagina salmoqli natijalarga erishgan. Bugun ana shunday futbolchilar haqida so‘z yuritamiz.
Troy Dini
Hozirda ingliz futbolining ko‘zga ko‘ringan hujumchilaridan bo‘lmish Troy Dini futbolchilik faoliyatini qanday boshlaganini, ehtimol, ko‘pchilik bilmas. Eng qizig‘i, u hech qanday futbol akademiyasida tayinli tahsil olmagan. Hayron qolarli tomoni shunda-ki, u yoshligidan alkogol mahsulotlariga o‘rganib qoladi. Lekin kuchli xarakter egasi bo‘lgani uchun ham bu og‘u uni enga olmaydi. Yoshi 20 dan o‘tayotgan bir paytda, Dini qurilishda g‘isht teruvchi bo‘lib ishlar edi. Kechalari esa, havaskorlar jamoasida qiziqish uchun to‘p tepardi. Troy bir kuni o‘yinga biroz mast holda kelishiga qaramay, uchrashuvda 7 ta gol kiritib, o‘rta divizion jamoasi skautlarining nazariga tushadi. O‘yin tugashi bilan unga boshqa jamoadan taklif bo‘ladi. Professional klub ko‘rigidan o‘tgach, unga ikki kundan keyin qo‘ng‘iroq qilib, jamoaga qabul qilinganini, ertaga kelib shartnomaga qo‘l qo‘yib ketishini so‘rashadi. Dini o‘sha kuni kechasi yana ichadi va ertasiga shartnomaga qo‘l qo‘ygani borolmaydi. Shunda klub mutasaddilarining o‘zlari uning uyiga borib, shartnomaga imzo chektirishadi. Keyinchalik bu forvardni 250 000 evroga «Uotford» jamoasiga pullashadi. So‘ng Troy birin-ketin super mavsumlarni o‘tkazadi. Keyinchalik «Uotford» jamoasi sardorining transfer narxi 11 million evrogacha ko‘tarilgan. Ajabo!
Peter Shmeyxel
Afsonaviy darvozabonning 22 yoshgacha nima qilganini eshitsangiz, ehtimol, hayron qolarsiz. Qahramonimiz futbolga 15 yoshida kirib kelib, 2 yilcha markaziy hujumchi sifatida to‘p surgan. So‘ng, o‘rtada kattagina tanaffus qilib, duradgorlik, chilangarlik singari kasblar bilan shug‘ullanadi va yana futbolga qaytadi. Faqat farqi shundaki, daniyalik bu safar darvozabon obrazida katta sahnaga chiqadi. U karerasi mobaynida 23 ta kubokni qo‘lga kiritgan. Ularning ichida Evropa Chempionlar Ligasi g‘olibligi ham bor ekanligi tahsinga sazovor.
Ian Rayt
Angliya tarixida ikkinchi o‘rindagi eng yaxshi to‘purar sifatida hurmat bilan eslanadigan hujumchining ham futbolchilik faoliyati ancha kech boshlangan. Chunki u 14 yoshida «Aston Villa» ko‘rigidan o‘tishga kelganida, unga rad javobini berib yuborishgan. So‘ng, Ian alamini ishdan olishga qaror qiladi: 23 yoshigacha zavodda ishlaydi. Futbolga bo‘lgan muhabbati tufayli, havaskorlar jamoasida ham to‘p tepib yuraveradi. Uning o‘yinlari ta’rifini eshitib kelgan «Kristal Pelas» skauti unga professional shartnoma taklif etadi. Eng qizig‘i, uning oylik maoshini 100 funt qilib belgilashadi. Taklifni qabul qilgan yosh yigitcha tez orada omma e’tiboriga tushadi. Keyinchalik, Londonning «Arsenal» jamoasiga o‘tadi va bir qator kuboklarga ega chiqadi. Bu orada deyarli 7 yil mobaynida terma jamoa safida o‘yinlarda ishtirok etib, gollari bilan o‘z muxlislarini xushnud etadi.
Miroslav Kloze
Asli polyak bo‘lgan bu futbolchining ham kechmishi qiziq start olgan. U ota-onasining ishi sabab, doimo shaharma-shahar ko‘chib yurish bilan yoshligini o‘tkazadi. U avval boshidan futbolni qattiq sevgan, lekin jiddiy shug‘ullana olmagan. Boisi, 21 yoshga to‘lganida allaqachon qo‘li gul usta bo‘lib ulgurgan edi. Shu bilan birga, kechalari Germaniyaning 5-divizionida to‘p surardi. Keyinchalik uni 2-ligadagi jamoa o‘z tarkibiga qo‘shib olishdi. Bundesligaga ko‘chib o‘tgach, forvard terma jamoa murabbiylar shtabining e’tiboriga tushdi. So‘ng, Koreya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Jahon Chempionatida 2-raqamli to‘purar bo‘ldi. O‘zining oxirgi mundialida esa, rekord natija qayd etib, jahon chempionatlarida eng ko‘p go‘l urgan futbolchiga aylandi (16 ta).
Dide Drogba
Top beshligimizning eng yuqori cho‘qqisida — Dide Drogba. U o‘smirlik chog‘idayoq Kot-d'Ivuar va ota-onasidan uzoqqa, Frantsiyadagi amakisining oldiga ish qidirib keladi. Qahramonimiz 21 yoshgacha pul topish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qiladi. Hatto, farroshlik ham. Amakisi o‘sha davrlarni eslaganda kulib: «Dide jon saqlab qolish uchun o‘sha paytlari juda qattiq kurashgan, ba’zan sutkalab ishlardi», — degandi. So‘ng, futbolchi buxgalteriya sohasida o‘qishga kiradi va Lemar shahriga ko‘chib o‘tadi. Oliygoh jamoasidagi o‘yinlarini ko‘rgan «Gengam» skautlari uni asosiy jamoaga taklif qilishadi. Hayot qiyinchiliklaridan cho‘chimaydigan Drogba hech ikkilanmay professional futboldagi karerasini boshlaydi. Qisqa fursatda 80 ming evro evaziga uni «Gengam» xarid qiladi, so‘ng «Marsel» uni 6 millionga sotib oladi. Oradan ko‘p o‘tmay, marselliklar uni «Chelsi»ga naqd 38 millionga pullaydi. Dide futbolchilik faoliyati davomida juda ko‘p jamoaviy va individual yutuqlarga ega chiqadi. Har qanday yosh hujumchiga uning o‘yinlarini master-klass sifatida namoyish etsa arziydi...
Balki ular hayotlarining eng og‘ir pallalarida qo‘llarini tushirib yuborganida, bunday g‘alabalarga erisha olmagan bo‘lardi. Ehtimol ularning futbolchi bo‘lishi taqdirlarida bitilgan. Bunisi bizga qorong‘i. Lekin shunisi aniq-ki, hayotda qiyinchiliklarsiz katta yutuqlarga erishib bo‘lmaydi…
Fikrlar