Bobur Davlatov: «Paxtakor»dan qo‘rqqanimiz yo‘q»
Superliganing 3-tur doirasidagi «Paxtakor» hamda «Nasaf» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ushbu to‘qnashuvda «Paxtakor» qo‘shib berilgan daqiqalarda ikkinchi golni urib g‘alabani ilib ketishdi. Ammo «Nasaf» jamoasi tomonidan namoyish etilgan futbol hammaga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, qarshiliklar mahalliy yosh futbolchilari bilan «Paxtakor»dek raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishga tahsinga loyiq. Ikkinchi bo‘limda «Nasaf» futbolchilari shunday o‘yin ko‘rsatishdiki, ular g‘alabaga ham juda yaqin kelishgandi. Ammo yakunda «Paxtakor» g‘alabani ilib ketdi. Qarshiliklar safidagi har bir futbolchi esa maydonda borini berib o‘ynashdi. Bunga Bobur Davlatov ham misol bo‘la oladi. Endilikda ushbu o‘yinchi jamoa etakchilaridan biriga aylandi. Shu sababdan Davlatov bilan suhbatlashdik.
- Bobur, «Paxtakor» - «Nasaf» o‘rtasidagi uchrashuv hammaning e’tiborini tortdi. Lekin jamoangiz alamli mag‘lubiyatga uchradi. Avvalo o‘yin haqida nima degan bo‘lardingiz?
- «Paxtakor»ga qarshi o‘yin doim murakkab kechadi. O‘yin hissiyotlarga va voqealarga boy tarzda o‘tdi degan bo‘lardim. Lekin birinchi bo‘limda o‘yinimiz umuman qovushmadi. To‘g‘risini aytsam, tanaffusgacha ko‘rsatgan o‘yinimizni shunchaki sharmandlik degan bo‘lardim. Chunki «Paxtakor» futbolchilari biz bilan o‘yinda xuddi mashg‘ulotda o‘ynayotgandek bo‘lishdi. Nimagadir o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmadik. Ikkinchi bo‘limda esa o‘yinimizni 70-80 foizga o‘zgartira oldik. Shundan so‘ng bizda ham golli imkoniyatlar bo‘ldi va hisobni tenglashtirdik ham. Lekin o‘yin oxirlarida o‘tkazib yuborilgan gol bizga qimmatga tushdi. Ko‘pchilik o‘sha vaziyatda ofsayd bor edi deyishmoqda. Lekin baribir bunga o‘zimiz ham sababchimiz.
- To‘g‘ri, ikkinchi bo‘limda «Nasaf»ning o‘yini tubdan o‘zgarib ketdi. Tanaffus paytida Ro‘ziqul Berdiev sizlarni qanday ruhlantirdi?
- Murabbiyimizga ham birinchi bo‘limdagi o‘yinimiz yoqmayotgandi. Shu bois qanday bo‘lmasin o‘yinni o‘zgartirishimiz kerak edi. Buning uchun Ro‘ziqul aka taktikani o‘zgartirdi. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni uyg‘otdi. Biz bu erga shunchaki mag‘lub bo‘lish uchun kelmaganimizni isbotlashimiz kerak edi. Shu narsani maydonga chiqib isbotlashimiz lozim edi. Natijada ikkinchi bo‘limda boshqacha «nastroy» bilan o‘yinga chiqdik. Ko‘rdingiz, harakatlarimiz yomon bo‘lmadi, tezkor hujumlarga uyushtirdik. Biroq uchrashuv oxirlarida biroz muvozanatni yo‘qotdik. O‘zimiz vaziyatning shu darajaga etishishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi.
- Lekin uchrashuvdan keyingi matbuot anjumani Ro‘ziqul Berdiev hakamlar o‘yinni buzganini aytdi. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

- O‘yin davomida hakamlarning qarorlari bahsli bo‘ldi. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda bir qator hujumlarni tashkil etayotganimizda qanot hakami bo‘lar-bo‘lmasga bayroqchasini ko‘taraverib o‘yinimizni buzib qo‘ydi. Ochig‘i, o‘yindan keyin tushkun kayfiyatda bo‘lganimiz uchun ko‘nglimizga hech nima sig‘madi. O‘yinning ertasi kuni «Yutub» tarmog‘i orqali o‘yindagi bir qator epizodlarni ko‘rganimizda chindan ham hakamlar hujumlarimizni to‘xtatishganiga guvoh bo‘ldik.
- «Paxtakor»ning kiritgan ikkinchi goli haqida nima degan bo‘lardingiz? U erda chindan ham o‘yindan tashqari holat bormidi?
- Ko‘pchilik shu mavzu haqida gapirishmoqda. To‘g‘ri, o‘yin oxirlarida «Paxtakor» ustunlikni qo‘lga olib, hujumlar uyushtirdi. Biz esa aslida o‘sha paytda muvozanatni biroz yo‘qotdik. Boya aytganimdek, vaziyatni shu darajaga etishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak edi. Bu chindan ham bahsli vaziyat bo‘ldi. Agarda to‘p Marat Bikmaevga tegib Krimetsga borgan bo‘lsa unda bu ofsayd bo‘ladi. Lekin o‘sha holatda ularning oldida bizning o‘yinchimiz ham turgandi. Shu bois bu vaziyatda chindan ham bahsli holat edi. To‘g‘risi, bir nima deyishim qiyin.
- Umuman olganda, o‘yindan oldin «Paxtakor»dan cho‘chish holati kuzatilmayotganmidi?
- Yo‘g‘e, qanaqa cho‘chish? Aksincha, «Paxtakor»ga qarshi maza qilib o‘ynash kerak. Axir bu O‘zbekistondagi kuchli klublardan biri bo‘lsa, shunday ekan, ularga qarshi o‘z kuchingni ko‘rsatish yanada yoqimli kechadi. Biz «Paxtakor»dan umuman qo‘rqqanimiz yo‘q. Shaxsan menda umuman cho‘chish kuzatilmadi. Jamoadoshlarim ham raqibdan qo‘rqqani yo‘q. Faqat birinchi bo‘limdagi o‘yinimiz hali aytganimdek, sharmandlik bo‘ldi, o‘zim uyalib ketdim, ochig‘i. Ikkinchi bo‘limdagina o‘zimizga keldik. Lekin natija bizni aslo qoniqtirmadi.
- «Nasaf» tarkibi asosan akademiya tarbiyalanuvchlaridan tashkil topgani uchun endilikda Umar Eshmurodov va siz jamoa etakchilariga aylandinglar…
- «Nasaf»dagi yigitlar juda tirishqoq va ishtiyoqmand. Ular klub akademiyasida tahsil olishgani uchun «Nasaf» safida qanday o‘ynash kerakligini va klubning olib borayotgan siyosatini yaxshi tushunishadi. Bunday jamoada o‘ynash bizga ham yoqimli. Qolaversa, yosh, iqtidorli futbolchilar bilan kirishib ketish ham bizga qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. Ishonamanki, «Nasaf» turdan-turga o‘z o‘yinini kuchaytirib boradi.
- Lekin bunday yosh tarkib bilan hamma murabbiy ham ishlay olmaydi. Chunki bunday jamoa bilan biror nimaga erishish qiyin deb hisoblashadi. Lekin Ro‘ziqul Berdiev yoshlar bilan ishlashda davom etyapti…
- Menimcha, Ro‘ziqul aka O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha birinchi raqamli murabbiy bo‘lsa kerak. To‘g‘ri aytdingiz, hamma murabbiy ham bunday yoshlar bilan ishlayvermaydi. Lekin Ro‘ziqul Berdiev ular bilan qanday ishlashni biladi. Shu bois «Nasaf» turli yoshdagi terma jamoalarimiz uchun o‘yinchilarni etkazib berishda davom etyapti. Ochig‘i, bu murabbiy bilan birga ishlash bizga ham yoqimli.
- «Nasaf» bunday yosh tarkib bilan qanday maqsad uchun kurashyapti?
- Rahbariyat tomonidan oldimizga 2- yoki 3-o‘rinni olasizlar degan vazifa qo‘yilmagan. Biz har bir o‘yinda maydonga chiqqanimizda faqat g‘alaba haqida o‘ylaymiz. Bilasizmi, biz maydonda hech qanday bosimsiz, erkin holatda o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilyapmiz. Murabbiy ham bizdan o‘z imkoniyatlarimizni ko‘rsatishimizni aytyapti.



Fikrlar