
Baxtiyor Ashurmatov: Penalti borasida Xolmuhammedovga raqobat qiladigan futbolchi dunyoda juda kam
Coca Cola Superliga 21-turidan o‘rin olgan "Qo‘qon-1912" - AGMK (1:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar ustozi Baxtiyor Ashurmatov ishtirok etdi. Bu haqda Qo‘qon klubi matbuot xizmati xabar berdi.
"Bugungi o‘yin ushbu mavsumdagi eng omadli va eng jangovor o‘yinlardan biri bo‘ldi. Futbolchilarimiz juda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Bunday o‘yin uchun yigitlarimiz bilan faxrlanmaslikning ilojisi yo‘q. Afsuski, bugungi xursandchligimizni Norbekov hamda Berdievlarning jarohat olganliklari biroz buzib turibdi.
Norbekov operatsiya qilinadigan bo‘lyapti. Berdievning holati bo‘yicha esa tibbiy tekshiruvlar yakuniga etgandan so‘ng shifokorlar bir xulosaga kelishadi. Ular tezroq sog‘ayib, safimizga qaytishini tilayman. Bugun sog‘liklarini tavakkal qilib, o‘zlarini ayamasdan, borlarini berib o‘ynashgani uchun futbolchilarimga katta minnatdorlik bildiraman.
AGMK bugungi kunda tarkib jihatidan ham, moliyaviy tomondan ham, murabbiylar shtabining malakasi tomonidan ham O‘zbekistonning eng yaxshi jamoalaridan biri bo‘lib turibdi. Shu sababli yigitlarga o‘yindan oldin bugungi o‘yin “yil jangi” bo‘lishini aytib o‘tgandim . Bu o‘yinga biz mavsumning eng muhim o‘yiniga chiqqandek, finaldek tayyorgarlik ko‘rgan edik. Futbolchilarimiz murabbiylar shtabining talabini to‘g‘ri tushunishdi va biz bugun juda muhim bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritdik.
Bugungi g‘alaba bizda mavsum yakunlanishiga 5 tur qolganda, sovrinli o‘rinlar uchun kurashish imkoniyatimizni saqlab turibdi. Bu albatta quvonarli holat. Oldinda bizni “Nasaf”ga qarshi o‘yin kutib turibdi. O‘ylaymanki, yigitlarimiz Qarshida ham o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatishadi.
Bugungi g‘alabadagi asosiy omil bu futbolchilarimizning maydonda bir oila bo‘lib, borlarini berib o‘ynaganlari bo‘ldi, deb o‘ylayman. O‘yindan oldin bizda asosiy tarkibga kimni tushurish muammosi bor edi. Avazxon Mamatxo‘jaev oxirgi ikki o‘yinda o‘ng qanotda juda yaxshi o‘yin namoyish qilgan edi. Hamma biladi, bizda o‘ng qanotda Murod Xolmuhammedov o‘ynar edi. Biz Mamatxo‘jaevga tarkibda joy berish uchun Xolmuhammedovni tayanch yarim himoyasiga o‘tkazdik. Barchangiz ko‘rdingiz Murodjon bugun juda foydali o‘yin ko‘rsatdi. Xolmuhammedov jamoamizni maydonda ham, maydon tashqarisida ham haqiqiy etakchisi hisoblanadi. Shuningdek, Muzaffar Muzaffarov, Yakuba Bamba kabi futbolchilarimiz zaxirada qoldi. Tarkibimizda bunday raqobatni borligi bizni albatta xursand qiladi. Hozir hamma futbolchilarimiz yuqori sport formasida. Tarkibga kirmay qolgan futbolchilarimizdan uzr so‘rayman, ular ham albatta asosiy tarkibga kirishga loyiq futbolchilar.
Taqvimning zichligi qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Lekin bunday paytda futbolchilarning xarakterlari , yigitlarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchlari juda muhim. Ikkinchi tomoni bizga mana shunday tig‘iz taqvim ma’qul kelmoqda. Markazlashgan o‘yinlarda ham jamoamiz yaxshi natijalarni qayd etishgan edi. O‘ylaymanki hammasi yaxshi bo‘ladi.
Biz o‘yindan oldin maydonning qaysi tomonida jarima to‘plari tepish imkoni bo‘lsa, kim tepishini futbolchilarga aytamiz. Shuning uchun jarima zarbalarini Muhammadanas Xasanov, Suhrob Berdiev va Murod Xolmuhammedov ijro etdi. Penalti tepish masalasida esa barchaga ma’lum, Murod Xolmuhammedovga raqobat qiladigan futbolchi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda ham juda kam.
AGMK jamoasi ham bugun juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa, meni xursand qilgan narsa, ular maydonda feyr-pleyga amal qilib, futbolchilarimiz maydonda jarohat olganda to‘pni maydondan chiqarib yubordi. Biz to‘pni maydonda chiqarib yuborgan vaziyatda esa, to‘pni yana o‘zimizga qaytarib berishdi. O‘yindan keyin Sanjar Tursunovga oliyjanobligi uchun alohida rahmat aytdim. AGMKga keyingi o‘yinlarda omad tilayman", - dedi Ashurmatov.
Fikrlar