Baxtiyor Ashurmatov o‘z futbolchilaridan hayron qoldi, chunki...

  • 9 aprel, 2022, 16:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” jamoasining O‘zbekiston Kubogida ham o‘z oldiga qo‘ygan vazifasi bor. Baxtiyor Ashurmatov boshchilik qilayotgan klub “Do‘stlik Oltiariq”, “Mash’al” va “G‘ijduvon” bilan bir guruhdan joy olgan.

Tecno

“Qo‘qon-1912” O‘zbekiston Kubogidagi birinchi uchrashuvni Muborakda pro liga vakili “G‘ijduvon”ga qarshi o‘tkazdi. Baribir Superliga klubi hisoblangan qo‘qonliklar raqibidan har tomonlama ustun ekanini ko‘rsatdi va bu holat natijada ham o‘z aksini topdi. “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov yirik hisobdagi g‘alaba borasida o‘z munosabatini bildirdi.

“Ikkinchi bo‘limdan qoniqmadim”

- Bugun yo‘lga chiqqandik va yo‘l charchoqlarining alomati seziladi deb o‘ylagandim. Birinchi bo‘limda ko‘proq to‘p nazoratini o‘zimizda saqlab qolish kerakligini ta’kidlagandim. Gapning ochig‘i, futbolchilar birinchi bo‘limda yaxshi tomondan hayron qoldirishdi. Harakatlari juda yaxshi bo‘ldi. Hamma tomonlama futbolchilarimiz ustunlik qilishdi. O‘z ishiga professional munosabatda bo‘lishgani uchun minnatdorman. O‘tgan yili Kubokning guruh o‘yinida “Yangier”da mag‘lubiyatga uchragandik. Shu bois yigitlarga ilk daqiqalardan faol bo‘lishlarini ta’kidlagandik. Chunki pro liga jamoalari Superliga klublari bilan o‘ynaganda qattiq tayyorgarlik va katta ishtiyoq bilan o‘ynaydilar. Shu bois oson emas, murakkab uchrashuvlar bo‘ladi. To‘g‘ri, o‘yinning ikkinchi bo‘limidan murabbiy sifatida qoniqmadim. Biz murabbiylar shtabi futbolchilarga tinmasdan tezroq o‘ynashlarini va to‘rtinchi golni urishlari kerakligini uqtirdik. “G‘ijduvon” jamoasi futbolchisi qizil kartochkadan keyin ular bir kishi kam bo‘lib harakat qilishdi. Uchrashuvni televizor orqali tomosha qilgan muxlislar qiziqarli va gollarga boy o‘yinni ko‘rishni xohlashadi. Ammo ikkinchi bo‘lim biroz sustroq bo‘ldi. Buning uchun uzr so‘rayman. Albatta, “G‘ijduvon”ga keyingi uchrashuvlarida omad tilayman.

ashurmatov1_4

“Uchta gol jamoamizni bo‘shashtirdi”

- Yigitlarga ham pro liga klubi bilan oson o‘yin bo‘lmasligini aytganman. Katta hisobda yutishimizni taxmin qilmagandim. Biz uchun asosiysi, bu uchrashuvda g‘alaba bilan qaytish edi. Guruhdagi dastlabki o‘yinda uch ochkoni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgandi. Hujumchilarimiz yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Masalan, oxirgi paytlarda gol ura olmayotgan Mo‘min Meliev gol urdi. Futbolchilarimiz birinchi daqiqalardan aytilgan ko‘rsatmalarni bajarish hisobiga va yaxshi o‘yin ko‘rsatishlari evaziga mana shunday yirik hisob yuzaga keldi, deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limda urilgan uchta gol qaysidir ma’noda jamoamizni bo‘shashtirdi va ikkinchi bo‘limda “G‘ijduvon”da imkoniyatlar bo‘ldi. Ular ham gol urishlari mumkin edi. Darvozabonimiz ayrim paytlarda bizni qutqarib qoldi.

ashurmatov4_1

“Ishonch bildiramiz, qolgani o‘ziga bog‘liq”

- To‘rtinchi gol kiritgan Murod Komilovni qishki yig‘inlar chog‘idan beri asosiy tarkib bilan shug‘ullantirib kelyapmiz. Unda debyut o‘yini bo‘ldi. Hayajon sezilib turgandi. Chunki maydonga tushishi bilan 2-3 ta vaziyatda to‘pni yo‘qotdi. Ammo bu yosh futbolchilarda uchraydigan holat. Golda esa u kerakli paytda paydo bo‘ldi. O‘ylaymanki, urgan goli unga ijobiy ta’sir qiladi. O‘ziga bo‘lgan ishonchni ham orttiradi. Murod Komilov kelajagi porloq futbolchi. Uni qo‘llab-quvvatlaymiz, kerak paytda ishonch bildiramiz. Qolgani uning o‘ziga bog‘liq.

“Mash’al”ga katta rahmat"

- Muborakda har doim tashkiliy ishlar a’lo darajada bo‘lgan. “Mash’al” rahbari Ilhom aka katta hajmdagi ishni bajargan. Maydonning holati bizga ma’qul edi. Bunday tekis maydonda rohatlanib futbol o‘ynaladi. Maydonni o‘yinga yaxshi tayyorlashgani va bizni iliq kutib olganlari uchun muborakliklarga va raqib jamoaga ham minnatdorchilik bildiraman.

ashurmatov3_1

“Sidiqov keyingi o‘yinga qaytadi”

- Albatta, Murod Xolmuhammedovni qachon maydonga qaytishi bo‘yicha ma’lumotga egaman. Javohir Sidiqovda ham jarohat bor. Nisbatan Murodda og‘irroq. Chempionat o‘yinigacha Xolmuhammedov safimizga qaytadi. Bu ikkalasi jamoamizning etakchi futbolchilari. Ular maydonda bo‘lishsa, jamoamiz bundan-da ishonchliroq o‘ynay oladilar. Hozir shifokorlar ko‘rigida. Javohir Sidiqov navbatdagi Kubok o‘yinigacha safga qaytadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!