
«Bavariya» - «Chelsi»: Prevyu
Mehmondagi 3 gol bilan har qanaqasiga «Bavariya»ni «Alyants Arena»da yutish – fantastika! Ammo bir jihat borki, shu narsa bo‘lg‘usi o‘yinda intriga paydo bo‘lishiga umid beradi. Biz Flik boshchiligidagi «Bavariya»ning maksimum nimalarga qodirligini bilamiz. Ular aniq ishlanmalar bilan harakat qiluvchi shakllangan jamoa. Lempard qo‘l ostidagi «Chelsi» bugungi Evropaning eng tushunarsiz jamoasi. Mavsum boshidagi MYuga 0-4 hisobida boy berilgan o‘yin, premer-liga yakuni arafasida «Liverpul» bilan bahsdagi 3-5 va aynan «Bavariya» bilan kechgan dastlabki uchrashuvda ham (0-3). Ular yuqorida qayd etilgan hech bir bellashuvda bu kabi sharmandali mag‘lubiyatga loyiq emasdilar. Ha, mana shu jihatdan ushbu jamoa yoshlik qilmoqda. Tajribali futbolchilar «Chelsi» yaratgan vaziyatlar bilan bu kabi mag‘lubiyatlarni qabul qilib olmagan bo‘lar edi. Bunga birinchi bahsni yodga olish orqali amin bo‘lishimiz mumkin.
Dastlabki o‘yin
«Chelsi» to‘qnashuvning birinchi bo‘limini ajoyib o‘tkazdi. Nimchorak final qur’asidayoq, hamma «Bavariya» ushbu qarama-qarshilikda favorit ekanini sezib ulgurdi. Ammo birinchi 45 daqiqalik bizga butkul boshqacha vaziyatlarni taqdim qildi. Ikkala jamoa ham tengma-teng hujumlar uyushtirib, raqib darvozasini ishg‘ol qilishga harakat qila boshladi. Harakatlarga yarasha, har ikkala jamoada ham qulay imkoniyatlar yuzaga keldi. Londonliklar qaysidir vaziyatda ushbu imkoniyatlarning birini golga aylantira olganda, bahs butkul boshqacha ketgan bo‘lardi. Ammo unday bo‘lmadi. Ikkinchi taymda «Chelsi» qandaydir 15 daqiqaga yo‘qolib qoldi. Aniqrog‘i, Levandovski eng muhim pallada kutilmagan va shu bilan birga eng to‘g‘ri qarorni qabul qildi. Jarima maydonida to‘pga ega chiqqan polshalik bu kabi vaziyatlarda darvozani o‘qqa tutishiga ko‘nikib qolgandik. «Chelsi» himoyachilari va darvozabon ham 9-raqam egasidan shunday harakat kutdi va yaqin burchakni butun jamoa bo‘lib yopishga intildi. Natijada, kutilmagan silkinishni amalga oshirgan «Chelsi» himoyasida kichik yo‘lakcha hosil bo‘ldi. Robert aynan shu nuqtada yuqori klass namoyish etib, Gnabrini bo‘sh darvoza va to‘p bilan ta’minladi. Yosh vinger esa jamoadoshining mohirona uzatmasini golga aylantirdi.
Levandovskiga «Oltin to‘p»ni berish haqidagi gaplar aynan ushbu uchrashuvdan so‘ng bolalab ketdi. Chunki, ikkinchi golda ham aynan u assistent vazifasini a’lo darajada bajardi. Himoyachini chap tarafdan aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan Serjning maqsadini u o‘z vaqtida anglab etdi va to‘pni uzatdi. Kabalero yana bir bor dog‘da qoldi. Ammo argentinalik posbonni hech bir golda aybdor, deb bo‘lmaydi. Gollar kombinatsion o‘yin evaziga va asosan, bo‘sh darvozaga urildi. Levandovskining o‘zi ham myunxenliklar chiroyli kombinatsiyasining eng oxirgi nuqtasi bo‘la oldi. O‘yin yakuni arafasida esa Markos Alonso alamli mag‘lubiyatga chidolmadi. VAR uni raqibiga qasddan qo‘llari bilan zarba berganini aniqlab, maydondan chetlatishni buyurdi.
Lempard jamoasining haqiqiy kuchiga kelgusi mavsumda baho bera olsak kerak. Bu mavsumda ham yangi qurilayotgan «Chelsi»ning o‘yinini yomon deyishga hech kimning tili bormaydi.
Jamoalarning taxminiy tarkiblari
«Bavariya»: Noyer, Kimmix, Boateng, Alaba, Devis, Tiago, Goretska, Gnabri, Myuller, Perishich, Levandovski.
Ishtirok eta olmaydi: Pavar.
So‘roq ostida: Koman.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Kimmix, Tiago.
Tarkibga kiritilganlar: Arrey-Mbi, Musiala, Tillman.
Qaydnomadan o‘chirilganlar: Mai, Mayer, Singx, Zirke.
«Chelsi»: Kabalero, Ryudiger, Kristensen, Zuma, Jeyms, Kovachich, Barkli, Emerson, Maunt, Jiru, Xadson-Odoi.
Ishtirok eta olmaydi: Alonso, Jorjino, Pulishich, Aspilikueta, Pedro, Gilmor.
So‘roq ostida: Kante, Loftus-Chik, Villian.
Diskvalifikatsiya xavfi ostida: Aspilikueta, Zuma.
Murabbiylar
Xans-Diter Flik: «Hurmatni saqlash zarur. Restartdan keyin «Chelsi» qanday o‘ynayotganini kuzatdik. Biz ushbu bahsga doimgidek jiddiy yondashamiz. Raqibning imkoniyatlarini hurmat qilgan holda o‘z kuchimizga ishonishimizni aytib o‘tmoqchiman. Biz ushbu uchrashuvga bor e’tiborimizni qaratganmiz. Undan keyingilari haqida esa o‘ylash uchun vaqtimiz bo‘ladi. Biz faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz».
Frenk Lempard: «Men vaziyatni o‘zgartira olishimizga ishonaman. Biz majburmiz, yigitlar bunga majbur. Bu qiyin vazifa. Biz o‘zimiz tushib qolgan vaziyatni tushunishimiz kerak. Qaytaraman, juda qiyin bo‘ladi. Biz har taraflama o‘z imkoniyatimizga ishonsakkina bu ishni uddalaymiz. Eng muhimi, xotirjam va to‘g‘ri futbol ko‘rsatishimiz».
Xulosa o‘rnida
Yuqorida guvoh bo‘lganingizdek, «Chelsi»da yo‘qotishlar katta va barchasi asosiy tarkib futbolchilari. Demak, ikkinchi taymda «aristokratlar»ning o‘yinini zaxiradagilar kuchaytira olmaydi. Maydonga tushgan 11 futbolchi katta ishni bajarishi kerak. Maunt va Jirudan Lempard va butun boshli «Chelsi» muxlislari nimadir kutishadi.
«Bavariya» esa Levandovski uchun o‘ynasa kerak. Polshalik hujumchi joriy mavsumda «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishga yaqin edi. «Oltin butsa» ham tortib olindi. Endi u uchun EChL to‘purarligi uchun imkoniyat qoldi, xolos. Myunxenliklar gol uradigan bo‘lsa, o‘yin ancha ochilib, hujumkor tus olishi mumkin. «Chelsi»ning har bitta goli bellashuvni og‘ir taktik kurashga aylantirib boradi.
Birinchi taymdanoq gollar ko‘rishimiz ehtimoli yuqori. Qaysi darvozaga ekanini vaqt ko‘rsatadi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar