
BATEga super gol urgan Shahboz Umarov Evropa Chempionlar ligasi uchun kurashayotgan klubga o‘tmoqda
Belarus chempionatida “Energetik-BGU” sharafini ijara asosida himoya qilayotgan Shahboz Umarov faoliyatini BATE jamoasida davom ettiradigan bo‘ldi.
O‘zbekistonlik legioner yaqinda chempionat doirasidagi uchrashuvda uzoq masofadan BATE darvozasini ishg‘ol qilib, borisovliklarning musobaqa jadvalidagi peshqadamligiga chek qo‘ygan edi. Endi aynan BATE o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olmoqda.
21 yoshli futbolchimiz yangi jamoasi tarkibiga yozgi transfer bozorining ikkinchi qismi – 15-28 sentyabr oralig‘ida qo‘shiladi. Agar BATE Umarovning xizmatlaridan yangi mavsumda foydalanishga qaror qilsa, transfer 2021 yilning 1 yanvaridan rasmiylashtiriladi. Tomonlar shunga kelishib olishgan.
Shahboz Umarovning transfer huquqi O‘zbekiston chempionatida Toshkent viloyati sharafini himoya qiladigan AGMK jamoasiga tegishli.
Shahboz Umarov 1999 yilning 9 mart kuni Bo‘ka shahrida tug‘ilgan. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi tarbiyalanuvchisi. O‘zbekiston chempionati Super ligasidagi debyutini 2018 yilning 4 oktyabr kuni AGMK va “So‘g‘diyona” o‘yinida nishonlagan.
2020 yili “Energetik-BGU” taklifini qabul qilib, Belarus oliy ligasiga ko‘chib o‘tgan yosh futbolchi qisqa fursatda mahoratini namoyish etib, minskliklarning asosiy tarkibidan muqim joy egalladi. Umarov yarim himoyadagi aqlli o‘yinlari va uzoqdan beradigan xavfli zarbalari bilan belaruslik futbol muxlislari va mutaxassislarining e’tiborini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Shahboz “Vitebsk” va BATE darvozasiga kiritgan to‘plarini uzoq masofadan yo‘llagan.
BATE – Belarus chempionatida eng ko‘p, ya’ni 15 marotaba chempionlikni qo‘lga kiritgan eng qudratli jamoadir. Shuningdek, borisovliklar to‘rt marta mamlakat kubogi va etti bor Superkubok sohibi bo‘lgan. BATE Evropa Chempionlar ligasining guruh bellashuvlarida qatnashgan Belarusning yagona jamoasi hisoblanadi. Ushbu jamoa Evropa miqyosidagi qator musobaqalarda 166 ta uchrashuv o‘tkazgan.
Albatta, ilk marotaba legioner sifatida xorijda to‘p surayotgan Shahboz Umarovning o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan va Evropa miqyosidagi musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelayotgan jamoaga o‘tishi futbolchimiz uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ladi.
Qolaversa, Belarus chempionatida chempionlik uchun kurashadigan "Shaxtyor" va BATE o‘rtasidagi raqobatda "Energetik-BGU"da birga o‘ynagan hamyurt jamoadoshlar - Jasur Yaxshiboev va Shahboz Umarovning o‘zaro raqobatini ham ko‘ramiz.
Fikrlar